Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Farg‘onaning Vodil qishlog‘i turizm qishloqqa aylantiriladi
Farg‘ona tumani Vodil qishlog‘ida “Turizm qishlog‘i”ni tashkil qilish yuzasidan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi. Bu haqda Kun.uz muxbiriga Farg‘ona viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati xabar bermoqda.
Ta'kidlanishicha, tasdiqlangan dasturga binoan Farg‘ona viloyati, Farg‘ona tumani Vodil qishlog‘ida tibbiyot turizmi yo‘nalishida xususiy tibbiyot maskanlari tashkil etish yoki mavjudini filial shaklida ochish bo‘yicha tashabbuskor tadbirkorlar aniqlanadi. Bunda sog‘lomlashtirish markazlarini tashkil etishda hududiy hokimlik tomonidan yer yoki mavjud foydalanilmayotgan binolar ajratilishi ko‘zda tutiladi.
Shuningdek, qishloqda tibbiyot turizmini rivojlantirish maqsadida ixtisoslashgan diagnostika markazlari, statsionar davolanish, joylashtirish vositalari, ovqatlanish punktlari, avtoturargohlar, dam olish joylari va boshqalarni o‘z ichiga oluvchi tibbiyot komplekslarini tashkil qilish bilan murojaat qilgan tadbirkorlarga hududiy hokimlik va viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan vakolat doirasida amaliy va uslubiy yordamlar ko‘rsatiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Farg‘onadagi onkologiya shifoxonalariga 1,3 milliard so‘mlik tibbiyot jihozlarini topshirganligi haqida xabar (https://kun.uz/35975030) berilgan edi.