«Ta'lim to‘g‘risida»gi qonun loyihasining muhokamasi hamon davom etayotganiga sabab nimada?
Ta'lim berish tili bilan bog‘liq modda havolaki tusda bo‘lib qolgani bois, deputatlar tomonidan uni qonun loyihasidan chiqarib tashlash taklif qilindi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida muhokama qilinayotgan yangi tahrirdagi “Ta'lim to‘g‘risida”gi qonun loyihasi sohadagi barcha yutuq va kamchiliklar, jahondagi tajriba va tendensiyalarni inobatga olgan holda takomillashtirilmoqda.
Parlament saytida xabar qilinishicha, qonun loyihasi Fan, ta'lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi huzurida tuzilgan ishchi guruhi tomonidan bir necha oy davomida ikkinchi o‘qishga tayyorlandi.
Bu jarayonda 238 ta normaga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Loyihadan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni imkon qadar qisqartirish, umumiy tusdagi, harakatsiz va huquqni qo‘llashga ta'sir etmaydigan qonun hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish oqibatida 123 ta norma chiqarib tashlandi. Ularning o‘rniga 54 ta yangi to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi normalar kiritildi. Ortiqcha ma'muriy tartib-taomillar va tartibga solishning eskirgan mexanizmlarini bartaraf etish hisobiga kiritilgan 7 ta moddadan butunlay voz kechilib, aniq sohalardagi munosabatlarni tartibga soluvchi 9 ta yangi modda kiritildi.
Qonun loyihasi ustida shuncha mehnat qilinganiga qaramay, uning yalpi majlisdagi muhokamasi 5 may kuni boshlanib, qariyb 3 kun davom etdi va deputatlarning keskin bahs-munozaralariga sabab bo‘ldi. Ko‘plab savollar ko‘tarildi.
Xususan, Milliy tiklanish demokratik partiyasi fraksiyasi a'zolari ushbu qonun ta'lim sohasini tartibga solish bilan bir qatorda tarbiya sohasini ham tartibga solishi zarur degan g‘oya bilan chiqdi. Lozim topilsa, mazkur qonunni tarbiyaviy ahamiyatlar bilan bog‘lash, qonunni ta'lim va tarbiya to‘g‘risida deb nomlash, ta'lim standartlari normalariga ta'lim va tarbiya standartlari tushunchalari bilan boyitish kabi fikrlar ham ilgari surildi. Qo‘mita tomonidan mazkur masala yuzasidan tahliliy materiallar hamda xorijiy tajriba yordamida fraksiya a'zolariga tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, yig‘ilishda deputatlar tomonidan qonun loyihasidagi xorijiy tushunchalarni o‘zbek tilidagi nomlar bilan atash taklifi berildi.
Loyiha muhokamasi davomida ayrim tushunchalar noaniqliklarni keltirib chiqarayotganligi bois, ularga aniqlik kiritish, ya'ni bir nom bilan atash lozimligi ta'kidlandi. Qolaversa, qonun loyihasida bir to‘xtamga kelish qiyin bo‘lgan bir qator normalar keskin bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.
Jumladan, ta'lim berish tili bilan bog‘liq modda havolaki tusda bo‘lib qolgani bois, deputatlar tomonidan uni qonun loyihasidan chiqarib tashlash taklif qilindi. Bu albatta, hujjatning havolaki normalardan holi bo‘lishi, amaliyotda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlashini ta'minlashga xizmat qiladi.
Ayni paytda Fan, ta'lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi huzuridagi ishchi guruhi siyosiy partiyalar fraksiyalari a'zolari tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalarni qonun loyihasida aks ettirish ustida ish olib bormoqda. Qonun loyihasini maromiga yetkazgan holda Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar muhokamasiga kiritish rejalashtirilgan.
Mavzuga oid
15:21 / 19.12.2024
Xitoyda o‘g‘lining uy vazifalariga yordamlashayotgan ota infarktga chalindi
16:56 / 13.12.2024
Andijonda hokim o‘quvchilarni armiyaga yubordi, IIB boshlig‘i “qizil toifa”ga ajratdi. Bu to‘g‘rimi? - mutaxassislar bilan suhbat
09:30 / 04.12.2024
Dunyodagi eng qimmat 10 ta maktab-internat: ularda yillik o‘qish narxi 100 ming dollardan oshadi
14:33 / 21.11.2024