O‘zbekiston | 22:26 / 02.10.2020
25864
5 daqiqa o‘qiladi

Cho‘zilayotgan «2-3 kun»: magistratura imtihonlarining yakuniy natijalari qachon e'lon qilinadi?

OTMlarda magistratura imtihonlari to‘liq yakunlanganiga 10 kun bo‘ldi. Imtihon topshirganlar o‘z natijasini o‘sha paytning o‘zidayoq bilib olishgan. DTM orqali imtihon topshirganlarning ham to‘plagan ballari e'lon qilingan. Lekin yakuniy natijalardan hanuz darak yo‘q.

Bu yil magistratura uchun 73 ming abituriyent 10 425ta o‘rin uchun kurashdi. Magistratura imtihonlari 8-20 sentabr kunlari, uzrli sabablar bilan imtihonga qatnasha olmaganlar uchun esa 22 sentabr kuni sinov bo‘lib o‘tdi. Lekin ayrim OTMlardan tashqari, boshqa OTMlarning magistratura natijalari hanuz e'lon qilingani yo‘q.

Imtihon qanday tashkillashtirildi?

Magistratura imtihonlari ham koronavirus pandemiyasi sharoitini hisobga olgan holda onlayn test ko‘rinishida o‘tkazildi. Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan tashkillashtirilgan imtihonlarda natijani o‘sha paytning o‘zidayoq bilib olish mumkin bo‘ldi.

Faqatgina Toshkent davlat yuridik universiteti va Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universiteti magistraturasiga imtihonlarni Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi o‘tkazmadi.

Toshkent davlat yuridik universiteti magistraturasi uchun imtihonlar Davlat test markazi tomonidan Talabalar shaharchasida o‘tkazildi va bir necha kundan keyin abituriyentlar o‘z to‘plagan ballini bilish imkoniga ega bo‘ldi.

Natijalar qachon chiqishi aniqmi?

2 oktyabrda imtihonlar to‘liq yakunlanganiga (22 sentyabrda o‘tkazilgan qo‘shimcha imtihonni ham hisobga olganda) 10 kun bo‘ldi. Imtihon topshirganlar o‘z natijasini o‘sha paytning o‘zidayoq bilib olishgan. DTM orqali imtihon topshirganlarning ham to‘plagan ballari e'lon qilingan. Lekin yakuniy natijalardan darak yo‘q va qachon e'lon qilinishi haqida ham aytilmagan.

Qaysi OTMlarning javobi aniq bo‘ldi?

Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda abituriyentlar faqat Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universitetining magistratura natijalari, Toshkent davlat stomotologiya instituti, Toshkent tibbiyot instituti ordinaturasi javoblari e'lon qilingani haqida aytishmoqda.

Lekin qolgan OTMlarning javobi hali chiqmagan.

Natijalar nega kechikyapti?

29 sentyabrda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bosh boshqarmasi boshlig‘i Abduvali Holiqov magistratura bilan bog‘liq apellyatsiya jarayonlari yakunlanganini, mutaxassislar tomonidan tekshirilgan apellyatsiya natijalari ham tegishli OTMlarga taqdim etilganini aytgan edi.

«Yakuniy natijalar vazirlik tomonidan umumlashtirilib, davlat komissiyasiga taqdim etiladi. Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangandan keyin bu natija e'lon qilinadi. Natijalarni komissiya tasdiqlaganidan keyin OTMlarga topshiramiz. Hozirda turli stipendiya sohiblari, ko‘zi ojizlar toifasiga kiruvchi abituriyentlar va «Mard o‘g‘lon» toifalariga kiruvchilar ajratib chiqilyapti.

Biz buni 2-3 kunda davlat komissiyasiga berib tasdiqlatamiz», – degandi vazirlik rasmiysi matbuot anjumanida.

Abduvali Holiqov jarayonda jami 2000dan ortiq, bitta OTMda esa 100dan ortiq «vedomost»lar shakllanganini, bu uzoq vaqt talab qilishini va inson omili rol o‘ynamasligini aytgan.

Abituriyentlar nimadan xavotirda?

Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda magistraturaga imtihon topshirgan abituriyentlar natijalarni e'lon qilish kechikayotgani shaffoflik yo‘qolishiga sabab bo‘ladi, degan fikrga bormoqda.

Ular inson omili aralashishidan va mavhumlik davrida «nimalardir o‘zgarib ketishidan» xavotir olmoqda.

Javoblar yaqin orada chiqishi mumkinmi?

Kun.uz muxbiri magistratura natijalari qachon e'lon qilinishi haqida qo‘shimcha ma'lumot olish uchun Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi axborot xizmati bilan bog‘landi.

Axborot xizmati magistratura natijalarining yakuniy javoblari qachon chiqishi haqida aniq ma'lumot yo‘qligini ma'lum qildi.

Abituriyentlar nima yutqazmoqda?

Pandemiya tufayli rejalar o‘zgarishi har sohada ko‘rinyapti. Ta'lim jarayoni ham bundan xoli emas: noaniqliklar yuzaga chiqmoqda.

Hozir O‘zbekiston OTMlarida bakalavr darajasiga ega shaxs ayrim cheklovlarni hisobga olmasa, ko‘plab turdosh yo‘nalishlarning magistratura bosqichida o‘qishi mumkin. Masalan, tilshunos iqtisod, iqtisodchi tarjimaga, biolog yurisprudensiya fakultetiga hujjat topshirishi mumkin.

Bu esa yangi alohida yo‘nalishni o‘rganish uchun ham vaqt, ham ko‘proq e'tibor talab etilishini bildiradi. Bo‘lajak magistrantlarning ikki yillik o‘quv yilidan esa bir oy boy berildi (izoh: TDYuU magistrantlari esa bir yil o‘qishadi).

Hali natijalar e'lon qilingach, o‘qish jarayonini boshlab olishga qancha vaqt ketishi ham aniq emas.

Hurmatli abituriyentlar!

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi magistraturaga test topshirgan abituriyentning shaxsiy kabinetiga natijalar yuborilishini, abituriyentlar natijalarni uyda o‘tirgan holda shaxsiy kabinetdan ko‘rishi mumkinligini bildirgan.

Shuning uchun uyda qolib, natijalarni kutishingiz mumkin.

Mavzuga oid