O‘zbekiston | 12:20 / 29.03.2021
8843
3 daqiqa o‘qiladi

Xorazmda baliqchilik klasteri tashkil etiladi

Foto: Fishretail

“Baliqchilik sohasida seleksiya-naslchilik ishlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi e'lon qilindi.

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasining Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti balansida bo‘lgan 264 gektar maydondagi sun'iy suv havzalari bazasida “Xorazm baliq sanoat agro” MChJ tomonidan kiritiladigan 50 mlrd so‘mdan kam bo‘lmagan investitsiya hisobiga to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish asosida tender o‘tkazmasdan davlat-xususiy sheriklik asosida naslchilik yo‘nalishida klaster tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanadi.

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi “Xorazm baliq sanoat agro” MChJ bilan birgalikda:

  • baliqchilik ilmiy-tadqiqot sohasida ilm-fanni rivojlantirish, innovatsion g‘oyalar, ilmiy ishlanmalar, zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiqish va amaliyotda joriy etish;
  • yuqori texnologik uskunalarni seleksiya-naslchilik ishlariga keng tatbiq etish, karp, o‘txo‘r va boshqa ona baliqlarning seleksiya-naslchilik to‘dalarini shakllantirish;
  • yuqori mahsuldor baliq lichinkalari ishlab chiqarish bo‘yicha zamonaviy inkubatsiya quvvatlarini oshirish va naslli chavoq baliqlari yetishtirishni tashkil etish;
  • suv havzalarini modernizatsiya qilish, gidrotexnik inshootlarni barpo etish va mavjudlarini rekonstruksiya qilish, baliqlar uchun yuqori oqsilga boy va to‘la qiymatli ozuqa ishlab chiqaruvchi yangi kompleks barpo etish;
  • seleksiya-naslchilik yo‘nalishida oliy ta'lim muassasalari talabalari, kasb-hunar va o‘rta maxsus ta'lim muassasalari o‘quvchilari, shuningdek, ilmiy tadqiqotchilar va baliqchi mutaxassislarning malaka oshirishiga amaliy yordam ko‘rsatish choralarini ishlab chiqadi.

Klaster tomonidan 2021-2023 yillarda seleksiya-naslchilik yo‘nalishida baliqchilikni rivojlantirishga qaratilgan investitsiya loyihasi tasdiqlanadi.

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi, “Xorazm baliq sanoat agro” MChJ belgilangan tartibda davlat-xususiy sheriklik loyihasi konsepsiyasini tasdiqlash hamda davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimning reyestrdan o‘tkazilishini ta'minlaydi.

Mavzuga oid