Jahon | 12:00 / 19.11.2022
12306
6 daqiqa o‘qiladi

Rekordchi, “Bo‘ri o‘rmoni” va yiliga 10 mln tomoshabin: O‘zbekiston ko‘rgazmasi ochilayotgan Luvr muzeyi haqida qiziqarli faktlar

Joriy yilning 21-22 noyabr kunlari O‘zbekiston davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning taklifiga binoan bu davlatda rasmiy tashrif bilan bo‘ladi. Tashrif doirasida rejalashtirilgan muhim tadbirlardan biri bu Parij shahridagi qadimiy va mashhur Luvr muzeyida “O‘zbekiston vohalari xazinalari. Karvon yo‘llari chorrahasida” ko‘rgazmasi tashkil etilishi mo‘ljallangan.

Foto: Kun.uz

Kun.uz bu muhim tashrif oldidan mushtariylarga Luvr muzeyiga oid qiziqarli faktlar va suratlarni taqdim etmoqda.

  • Luvr – eng ko‘p tomoshabin tashrif buyuruvchi muzey bo‘lib, yiliga 10 mln kishilik marrani bundan 10 yil muqaddam zabt etgan. Hozirga qadar ham biror muzey bunday ko‘rsatkich bilan maqtana olmaydi;
  • Fransuz revolyutsiyasi tuzilgan 1793 yildayoq jamoatchilik uchun ochilgan bu maskan fransuz qirollarining saroyi va ma’muriy binolari jamlanmasi bo‘lgan;
  • “Luvr” atamasining ma’nosi “Bo‘rilar o‘rmoni” degan ma’noni beradi. Saroy mana shu nomli o‘rmonda tiklangani bois atama muzeyga bog‘lanib qolgan;
  • Bu muzeyni bir kunda aylanib chiqishning amalda iloji yo‘q. Biror eksponat oldidan to‘xtamay shunchaki tomosha qilib chiqish uchun ham kamida bir hafta vaqt kerak;
  • Muzey to‘rtta binodan iborat va ularni ajratib turish uchun qanotlar deb atashadi. Umuman, bu kompleksning hammasi ham muzeylardan iborat emas, faqat birinchi va ikkinchi qavatlarda eksponatlar joylashgan. Binolar bir qismidan ma’muriy maqsadlarda foydalaniladi. Masalan, Fransiya moliya vazirligi shu yerda joylashgan;
  • Muzeyning ikkita o‘ziga xos “filiali” bor. Ulardan biri Fransiyaning Lans shahrida joylashgan va unda Luvrning ayrim eksponatlari almashtirib namoyish etib boriladi. Ikkinchisi BAAning Abu-Dabi shahrida bo‘lib, unda ko‘proq sharq va g‘arb uyg‘unligidagi san’at asarlari namoyish etib boriladi;
  • Luvr yonida Misr piramidalarining oynavand timsoli joylashgan. Buning o‘ziga xos sabablari bor – aynan qadimgi Misr topilmalari ortidan Misrshunoslik degan alohida fan shakllana boshlagan. Luvr ham bu borada boy eksponatlarga ega;
  • Navbatlarni kamaytirish, kirish-chiqishni osonlashtirish uchun qurilgan oynavand piramida katta tortishuvlarga sabab bo‘lgan. “Da Vinchi siri” kitobi muallifi Den Braun o‘z asarida ta’kidlaganidek piramida 666 ta emas, 673 ta oynadan iborat;
  • Luvrni mashhur qilgan uning eksponatlari. Eksponatlar deganda esa birinchi navbatda Leonardo da Vinchi mo‘yqalamiga mansub “Mona Liza” kartinasi keladi. Fransuzlar uni “Jokonda” deb ataydilar va qattiq qo‘riqlaydilar. Bunga o‘ziga yarasha sabab bor – 1911 yilda “Mona Liza” muzeyning italiyalik xodimi Vinchetso Peruja tomonidan o‘g‘irlab ketiladi. O‘g‘rining maqsadi suratni tarixiy vataniga qaytarish edi. Ikki yildan keyin kartina chindan ham Italiyadan topiladi va darhol Parijga qaytariladi;
  • Dastlab chipta olishda, keyin “Mona Liza”ning yoniga yetib kelishda katta navbatda turgan ixlosmandlarning aksariyati hafsalasi pir bo‘ladi. Chunki bu mashhur kartina o‘q o‘tmas oyna ortiga qo‘yilgan va ko‘pchilik tasavvuridan ko‘ra kichkina. Qolaversa, uni bemalol tomosha qilish imkoni ham yo‘q, odamlar oqimi shu qadar katta.

O‘zbekiston ko‘rgazmasi haqida

Ana shunday maskan o‘z bag‘ridan O‘zbekiston tarixi va madaniyati timsollariga joy berayotganining o‘zi katta tarixiy voqea. Chunki hali Markaziy Osiyo davlatlari orasida biror davlat hali bunday darajada san’atini namoyon qila olmagan. Nainki Markaziy Osiyo, Luvrning o‘zida 300 mingdan ortiq eksponatlar mavjud va ularning 35 mingtasigina zallardan o‘rin olgan. Ya’ni hali deyarli 90 foiz o‘z eksponatlari uchun ham muzeydan muntazam joy topilmagan.

Luvrda o‘tkaziladigan ko‘rgazma uchun O‘zbekistonga tegishli 70 ta artefakt restavratsiya qilindi va ular muzey ko‘rgazma ekspozitsiyasiga kiritiladi. Bu jarayon uch yildan ortiq davom etib, bu vaqt oralig‘ida qator o‘zbek-fransuz qo‘shma ekspeditsiyalari bo‘lib o‘tdi, ular davomida ko‘plab arxeologik tadqiqotlar olib borildi.

Restavratsiya qilingan buyumlar orasida Kofir-qal’a qadimgi Samarqand qoldiqlaridan topilgan, kuyib ko‘mirga aylangan va VI-VII asrlarga mansub yog‘och lavh ajralib turadi. Uning old qismlari tozalandi va restavratsiya qilindi, lavhning o‘zi yettita lavh qismlari bilan birlashtirildi.

Bundan tashqari, Islom olamining noyob obekti va eng muhim qo‘lyozmalaridan biri bo‘lgan XIII asrga mansub Katta Langar Qur’onining 13 sahifasi restavratsiya qilindi. Ushbu Qur’on uzoq vaqt Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi Langar-ota masjidida saqlangan va Islom olamidagi eng qadimiy Mushaf qo‘lyozma nusxalaridan biri hisoblanadi. Shuningdek xom loydan yasalgan “Gulchambar taqqan Budda” haykaliga ham (miloddan avvalgi I asr – milodiy I asr) restavratsiya ishlovi berildi, eksponatning ust qismi tozalandi va zararlangan qismlari mastika bilan qoplandi.

 Eksponatlarni restavratsiya qilish jarayoni boshidan oxirigacha O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ko‘magida amalga oshirildi.

Vatanimizga tegishli durdonalar sinchkovlik bilan tanlanishi, o‘rganilishi, o‘ta ehtiyotkorlik bilan yetkazib kelinishi va Luvrning eng ko‘rimli nuqtalaridan biri – Rishele zaliga joylashtirilishini Fransiyaning O‘zbekiston istiqboliga berayotgan bahosi deya ta’riflash mumkin.

Abror Zohidov, Parij.

Mavzuga oid