O‘zbekiston | 13:00 / 04.06.2026
3142
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondan ilk bor xususiy shaxmat jamoasi jahon gigantlariga qarshi yarim million yevrolik turnirda ishtirok etadi

So‘nggi yillarda O‘zbekiston jahon shaxmat xaritasida eng tez rivojlanayotgan davlatlardan biri sifatida tilga olinmoqda. 2022 yilda Chennayda bo‘lib o‘tgan Butunjahon shaxmat olimpiadasidagi tarixiy g‘alaba, yosh grossmeysterlar avlodining porlashi Nodirbek Abdusattorovning jahon chempioni bo‘lishi, Javohir Sindarovning da’vogarlar turnirida g‘alaba qozonib, Jahon shaxmat toji uchun bahs olib borish imkoniyatini qo‘lga kiritishi kabi muvaffaqiyatlar mamlakatni “yangi shaxmat derjavasi” sifatida namoyon etdi. Endilikda esa bu jarayon yangi bosqichga chiqmoqda — 12 yillik tarixga ega Sky Chess klubi ilk bor xususiy klub sifatida jamoaviy jahon chempionatida ishtirok etmoqda.

Sky Chess team

16–22 iyun kunlari Honkongda o‘tadigan FIDE World Team Rapid & Blitz Chess Championships 2026 turnirida “Sky Chess Team” nomi ostidagi jamoa dunyoning eng kuchli klub va jamoalari qatorida dona suradi. Eng muhimi, bu oddiy ishtirok emas — jamoa Magnus Karlsen, Fabiano Karuana, Alirizo Firuzja va Vishvanatan Anand kabi afsonalar qatnashadigan maydonda O‘zbekiston nomidan qatnashadi.

O‘zbekiston terma jamoasi xalqaro musobaqalarda ishtirok etib kelgan va bu yil ham alohida tarkib bilan musobaqada qatnashadi. Ikkinchi jamoamiz esa ilk bor xalqaro maydonda ishtirok etayotgan “Sky Chess Team” xususiy shaxmat klubi. Jamoada Hulkar va Gulruxbegim Tohirjonova kabi o‘zbekistonlik shaxmatchilardan tashqari AQSh va Armanistondan ham legioner a’zolar bor.

“Sky Chess Team” aynan shu jihati bilan muhim qadam sifatida baholanmoqda. Klub xususiy tashabbus, homiylar ko‘magi va xalqaro tarkib asosida jamoaviy jahon chempionatida ishtirok etmoqda. Tarkibda O‘zbekiston, Armaniston va AQSh vakillari jamlangan.

 Mutaxassislar fikricha, bu tashabbus O‘zbekistonda shaxmat infratuzilmasi davlat tizimidan tashqarida ham professional darajada rivojlanayotganini anglatadi. Bu esa mamlakatning global shaxmat ekotizimidagi o‘rnini yanada mustahkamlashi mumkin.

Bu jarayon fonida Samarqandda o‘tishi rejalashtirilayotgan 2026 yilgi Olimpiada O‘zbekistonni global shaxmat markazlaridan biriga aylantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri sifatida ko‘rilmoqda. “Sky Chess Team”ning paydo bo‘lishi esa aynan shunday katta transformatsiyaning davomi sifatida baholanmoqda.

Jamoaning eng katta e’tibor markazidagi vakillaridan biri — 17 yoshli Muhammadzohid Suyarovdir. U 2026 yilda O‘zbekistonning 31-grossmeysteri sifatida tarixga kirgan edi. Yosh bo‘lishiga qaramay, u allaqachon Osiyo chempionligi, O‘zbekistonning rapid va blits yo‘nalishidagi chempionligi kabi yutuqlarga erishgan.

Mutaxassislar Suyarovni “o‘zbek shaxmatining yangi to‘lqini” ramzi sifatida tilga olishmoqda. Honkongdagi turnir esa uning faoliyatidagi eng yirik sinovlardan biri bo‘ladi.

“Sky Chess Team”ning eng e’tiborga molik jihatlaridan biri — tarkibning bir qismi legionerlardan iborat ekanligidadir. Jamoada amerikalik grossmeyster Endryu Hong, shuningdek armanistonlik grossmeysterlar Aram Xakobyan va Shant Sargsyan ham dona suradi.

Bu holat sport diplomatiyasining zamonaviy ko‘rinishi sifatida baholanmoqda. Ayniqsa, Armaniston va O‘zbekiston grossmeysterlarining bir jamoada birlashishi shaxmatning millatlararo intellektual ko‘prik vazifasini o‘tayotganini namoyish etadi.

25 yoshli Aram Xakobyan xalqaro maydonda tanilgan armanistonlik grossmeysterlardan biri hisoblanadi. Shant Sargsyan esa Yevropa jamoaviy chempionatlari tajribasiga ega kuchli grossmeyster sanaladi.

AQSh vakili Endryu Hongning o‘zbek klubi safida harakat qilayotgani ham xalqaro media uchun noodatiy voqea sifatida ko‘rilmoqda.

Ayollar shaxmati vakillari ham tarkibda

Jamoa tarkibida O‘zbekiston ayollar shaxmatining taniqli vakillari — opa singillar — Hulkar va Gulruxbegim Tohirjonova ham bor. Gulruxbegim Tohirjonova ikki karra O‘zbekiston chempioni bo‘lib, Olimpiada bronza medali sovrindori hisoblanadi.

FIDe reglamentiga ko‘ra, ayol shaxmatchi ishtiroki majburiy bo‘lgani uchun jamoa gender balansiga ham e’tibor qaratgan.

Honkongdagi musobaqa jahon shaxmatidagi eng nufuzli jamoaviy turnirlardan biri hisoblanadi. Musobaqaning umumiy mukofot jamg‘armasi 500 ming yevroni tashkil etadi.

Turnirda amaldagi jahon chempioni Magnus Karlsen boshchiligidagi jamoalar, shuningdek Karuana, Firuzja va Vishvanatan Anand kabi afsonalar ishtirok etadi. Ana shunday kuchli tarkib orasida Sky Chess Team’ning xususiy klub sifatida ishtirok etishi O‘zbekiston shaxmatida yangi model shakllanayotganini ko‘rsatadi.

“Sky Chess Team”ning jahon sahnasiga chiqishi iHamkor, Eight Media Maker va Eman Group homiyligi hamda qo‘llab-quvvatlovi bilan amalga oshirilmoqda.

iHamkor asoschisi Askar Ismailovning ta’kidlashicha, shaxmat va biznes o‘rtasida muhim o‘xshashlik bor: har ikkisida ham qarorlar to‘liq ma’lumot mavjud bo‘lmagan sharoitda qabul qilinadi. Shu bois kompaniya uchun shaxmatni qo‘llab-quvvatlash tabiiy tanlov bo‘lgan.

“O‘zbekistonda intellektual sport uzoq vaqt davlatga tayanib rivojlandi. “Sky Chess” xususiy akademiya sifatida jahon chempionati darajasiga chiqqan ilk loyihalardan biri. Biz bunday tashabbuslar ko‘payishi kerak, deb hisoblaymiz”, — deydi Askar Ismailov.

Ma’lumot uchun, iHamkor — tadbirkorlik sub’yektlari uchun yaratilgan raqamli platforma bo‘lib, kompaniyalar, bozorlar va kontragentlar haqida ishonchli ma’lumotlarni taqdim etadi. Tizim biznes vakillariga hamkorlarni tekshirish, sohalarni tahlil qilish va moliyaviy tavakkalchiliklarni kamaytirishga yordam beradi.

Моҳидил Абдуллаева
Tayyorlagan Моҳидил Абдуллаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish