Shavkat Mirziyoyev: «Bundan buyon dollar yoki yevro kursi oshishi tadbirkorga qo‘shimcha muammoni yuzaga keltirmaydi»
Bundan buyon dollar yoki yevro kursi oshishi tadbirkorga qo‘shimcha muammo yoki ortiqcha xarajatlarni yuzaga keltirmaydi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tayotgan ochiq muloqot davomida aytib o‘tdi.

“Sizlar tomoningizdan ko‘tarilgan masalalar bilan atroflicha tanishib chiqdim. Shu bois, sizlarni qiynayotgan barcha muammo va savollardan to‘la xabardorman. Bugunga qadar, eng dolzarb muammolarni tizimlasht́irib, ularni hal qilishga qaratilgan 7ta muhim yo‘nalish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqdik. Bugun sizlar bilan birgalikda ularni batafsil muhokama qilib olmoqchimiz.
Birinchi yo‘nalish. Sizlardan kelib tushgan murojaatlarning 40 foizi, biznesni moliyalashtirish va moliya-kredit masalalari bilan bog‘liq. Jumladan, ushbu murojaatlarning asosiy qismida kredit stavkalarining yuqoriligi, va ko‘plab kreditlarning qisqa muddatga, tadbirkor uchun noqulay shartlarda berilayotgani qayd etilgan.
Haqiqatan ham, tan olib aytishimiz kerak, tadbirkorlarga bugungi kunda berilayotgan aksariyat kreditlarning muddati 3 yildan oshmaydi. Shuningdek, banklar tomonidan yillik 8-10 foizdan xorijiy valutada 18 mingga yaqin tadbirkorlarga berilgan kredit valuta kursining muntazam o‘sishi hisobiga qo‘shimcha xarajatlarni yuzaga keltirmoqda.
Bu haqda mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgani ham ushbu masalalar tadbirkorlikni rivojlantirish uchun og‘ir yuk bo‘lib turganini ko‘rsatmoqda. Shu bois, tijorat banklarining uzoq muddatli resurs bazasi va kreditlarning maqbul foiz stavkalarini shakllantirish bo‘yicha, kechiktirib bo‘lmaydigan choralarni ko‘rishimiz talab etiladi.
Banklarning kapitalini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlar ishga solinadi. Buning uchun kelgusi yilda banklarga Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan bozor tamoyillari asosida qo‘shimcha 600 million dollar ajratiladi. Bu mablag‘lar tanlov asosida ham davlat, ham xususiy banklarga joylashtiriladi. Qaysi bank eng yaxshi biznes reja, qaytimi yuqori va eng ko‘p ish o‘rni yaratadigan loyihalarni taqdim qilsa, ushbu mablag‘lar shu banklarga ajratiladi.
Ikkinchidan, yuqoridagi mablag‘larni jalb qilmoqchi bo‘lgan bankning o‘zi ham tashqi va ichki moliya bozorlaridan kamida 30 foiz qo‘shimcha resurslar jalb qiladi. Jumladan, banklar tomonidan kelgusi yili xalqaro moliya bozorlarida 5 trillion so‘mlik milliy valutada yevrobondlar chiqariladi.
Shuningdek, O‘zbekiston bozorida ishlashga tayyor bo‘lgan, zamonaviy texnologiyalarga ega yirik xorijiy banklarning kirib kelishiga keng imkoniyatlar yaratamiz. Bu ham, o‘z navbatida, tadbirkorlarimiz uchun qulay sharoitlar taqdim etadi va bank tizimida biz uchun nihoyatda kerak bo‘lgan sog‘lom raqobat paydo bo‘ladi.
Bugungi yig‘ilishda qatnashayotgan har bir bank rahbari “tobora kuchayib borayotgan raqobatga munosib bo‘lish hamda tadbirkorlarni rozi qilish uchun, nimani o‘zgartirishim kerak”, degan savolni o‘ziga berishi va jiddiy xulosa qilishi lozim.
Uchinchidan, banklar chetdan resursni qanday valutada jalb qilishidan qat'i nazar, tadbirkorlarga kreditni milliy valuta – “so‘m”da va biznes vakillari uchun maqbul foizlarda berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Valutada kredit olgan va bugun qiyin ahvolga tushib qolgan yuzlab tadbirkorlarimiz ushbu masalani o‘z murojaatlarida ko‘targanlar.
Moliya vazirligi huzurida Valuta xatarlarini boshqarish kompaniyasi va hududlarda uning filiallari tashkil etiladi. Ushbu kompaniya banklar tomonidan chet el valutasida jalb qilinayotgan mablag‘larni so‘mga o‘girib, kreditni ichki bozorda faqat milliy valutada berish uchun zarur sharoit yaratadi.
Lo‘nda qilib aytganda, bundan buyon dollar yoki yevro kursining oshishi tadbirkorga qo‘shimcha muammo yoki ortiqcha xarajatlarni yuzaga keltirmaydi. Mazkur kompaniya barcha hududlar va tarmoqlar bilan yaqin hamkorlikda ishlaydi.
To‘rtinchidan, bundan buyon hukumat tomonidan xalqaro moliya tashkilotlaridan jalb qilinayotgan imtiyozli mablag‘lar hisobidan banklarga beriladigan kreditlarning muddatini cheklash amaliyoti bekor qilinadi.
Beshinchidan, joriy yil 1 oktyabrdan boshlab, ilgari 1 million dollargacha xorijiy valutada olingan 6 mingga yaqin tadbirkorning jami 1 milliard dollarga yaqin kreditlari tadbirkor va tijorat banklari o‘rtasidagi kelishuvga asosan milliy valutaga o‘tkazib beriladi.
Umuman, yuqorida taklif etilayotgan mexanizmlar hisobiga tijorat banklarida har yili o‘rtacha 30-40 trillion so‘mlik milliy valutadagi uzoq muddatli qo‘shimcha resurslar shakllanadi. Bular hisobiga, tadbirkorlar milliy valutadagi kreditlarni uzoq muddatga va hozirgi stavkalardan kamida 5 foiz arzon olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar”, – dedi prezident o‘z nutqida.
Mavzuga oid

14:35 / 18.02.2025
“Yosh tadbirkorlar” raqamli platformasi joriy etiladi

11:50 / 18.02.2025
Namanganda gazdan o‘g‘rincha foydalanib kelgan tadbirkor aniqlandi

18:54 / 17.02.2025
«Qat’iy belgilangan AOS korrupsiyaning oyog‘iga bolta urgandi, endi uni bekor qilishmoqchi» – soliq maslahatchisi

22:20 / 11.02.2025