O‘zbekistonda 2023 yilda joriy etilgan, aylanmadan olinadigan soliqni qat’iy belgilangan summada to‘lash tartibi 2026 yil 1 yanvardan e’tiboran bekor qilinadi.

Soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonov Kun.uz bilan suhbatda kichik tadbirkorlarga yengillik yaratgan ushbu tartibning bekor qilinishi nima uchun kichik tadbirkorlar zarariga ishlashini tushuntirdi.

«Tadbirkorlikni boshlashga qo‘rqadiganlar uchun qat’iy belgilangan AOS qulay zona edi»

— Qat’iy belgilangan summadagi aylanmadan olinadigan soliq (AOS)ni saqlab qolish tarafdorimiz, lekin soliq organi bu narsaga qat’iy qarshi chiqyapti. Lekin budjet darajasida katta ta’sir qiladigan asos ko‘rsatib bera olgani yo‘q.

O‘zi, umuman, O‘zbekiston bo‘yicha 300 mingga yaqin qat’iy belgilangan summadagi aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchilarning jami to‘lagan soliqlarini hisobga olsak, budjetning 1,5 foizini ham tashkil qilmaydi. Bu soliq turining joriy etilishi – tadbirkorlikka kirishga, hisobot topshirishga qo‘rqaman deydigan ko‘plab odamlardagi tadbirkorlikka kirishi uchun birinchi yuzaga keladigan qo‘rquvini olib tashlagandi. Unda birlamchi hujjatlar yuritish, kirim-chiqim hujjatlarini qilish shartmas edi.

O‘zbekistonda hali ko‘pchilik yuqori darajadagi biznesga o‘ta olmagani, tadbirkorlikka kiruvchilar sonining ko‘pligini inobatga olsak, qat’iy aylanmadan olinadigan soliq ular uchun juda qulay maydon edi. Nega? Chunki yakka tartibda faoliyat yurituvchi tadbirkorlikda faoliyat turlari cheklangan, MChJ qiladigan bo‘lsa yuritadigan faoliyat turlari cheklanmagan. Deylik, yakka tartibdagi tadbirkor qurilish mollarini sota olmaydi, AOS to‘lovchilar MChJ shaklida firma qilsa, sotishga haqli.

Amalda faqat hamma narsani Toshkent shahrining saviyasi bilan o‘lchash salbiy oqibatlarga olib keladi, ozgina chetroqqa chiqsa, Toshkent viloyatining qishloq va shaharchalarida odamlar hujjat nimaligini bilmaydi hali. Hujjatsiz ishlab, ochiqchasiga korrupsiyada o‘tirganlar juda ko‘p. Tegishli uchastka noziriga, xoh militsiya noziri bo‘lsin, xoh soliqchi bo‘lsin, har oylik badalini to‘lab turadi, unga indamaydi. Shunaqa narsaning oldini olish uchun hujjatlashtirishdan qo‘rqadigan, alohida buxgalteriya yollab unga oylik to‘lash kerak degan narsadan qo‘rqadigan darajadagi tadbirkorlik sub’yektlariga qat’iy aylanmadan olinadigan soliq juda qulay zona edi.

Bunga kirganda odamlar hech bo‘lmaganda “perechisleniye” bilan ishlash mumkinligini, firma bilan ishlash ancha qulayligini, ikkinchi zinaga o‘tish imkoni borligini ko‘rardi. Bu narsaning bekor qilinishi bilan tadbirkorlar uchun komfort zona olib tashlanyapti.