O‘zbekiston | 19:15 / 12.09.2020
12159
5 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda afg‘onistonlik tadbirkorlar uchun kirish ochiq, o‘zbekistonliklar uchun «pasport rejimi»dagi iqtisodiy zona qurilmoqda

«Termiz» erkin iqtisodiy zonasi afg‘onistonlik tadbirkorlar uchun ochiq va o‘zbekistonliklarga «pasport rejimi»da ishlovchi yopiq iqtisodiy zona bo‘ladi.

Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida 20 turdan ortiq sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan «Termiz» erkin iqtisodiy zonasi barpo etilmoqda. Bu haqda 10-11 sentabr kunlari jurnalistlar uchun Surxondaryo viloyatiga tashkil qilingan press-tur davomida ma'lum qilindi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Ta'kidlanishicha, yangi erkin iqtisodiy zonada eksportbop va import o‘rnini bosuvchi sanoat mahsulotlari ishlab chiqariladi va asosan qo‘shni Afg‘oniston va Pokistonga eksport qilinadi.

Samandar Xudoyberdiyev

Loyiha bo‘yicha taqdimot qilgan viloyat investitsiya va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i Samandar Xudoyberdiyevga ko‘ra, mazkur iqtisodiy zonada «Termiz kanselyariya mollari» MChJ tomonidan zamonaviy televizor ishlab chiqarish loyihasi ham yo‘lga qo‘yiladi.

«Zamonaviy televizor ishlab chiqarish loyihasi – 6,5 mln dollarlik bo‘lib, yiliga 50 ming dona mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. U sentabr oyining oxiri va oktabr boshlarida ishga tushadi. 

Bunda mahsulotning sifatli va arzon bo‘lishi e'tiborga olinadi», – dedi boshqarma boshlig‘i.

Taqdimot davomida jurnalistlar tomonidan ushbu mahsulotlarning O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan «Artel» televizorlariga narx va sifat borasida qanchalik raqobatchi bo‘la olishi borasida savol bilan murojaat qilindi.

 «Avvalo, loyihadan maqsad ham bozorgir va raqobatbardosh televizorlar ishlab chiqarish. U bozorda o‘z o‘rniga ega bo‘lishi kerak. Qaytaraman, bu yerda chiqayotgan televizorlar raqobatbardosh va sifatli bo‘ladi», – dedi Samandar Xudoyberdiyev.

Uning qo‘shimcha qilishicha, loyiha to‘liq ishga tushishi bilan, keyinchalik eksport hajmi va geografiyasini kengaytirish bo‘yicha ham rejalar ishlab chiqiladi.

Rustam Pardayev

Taqdimot davomida Surxondaryo viloyat hokimining iqtisodiy masalalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Rustam Pardayev iqtisodiy zona borasidagi yana bir qator ma'lumotlarni jurnalistlar bilan bo‘lishdi.

Unga ko‘ra, Afg‘onistonda hali ishlab chiqarish yo‘q hamda mamlakat yiliga 4-5 mlrd dollarlik mahsulotlarni import qilib kelmoqda. 

«Afg‘onistonga xalq iste'moli mollari sotiladigan katta bozor kerak.

Sizlarga taqdimoti qilinayotgan «Termiz» iqtisodiy zonasini tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad qo‘shnilarimizga qulaylik yaratish. Chunki ularning vodiy viloyatlarimiz, Samarqand yoki boshqa viloyatlarga borib mahsulot olib kelishi qiyin. Har bir chegarada qayta tekshiruv.

Biz esa ularning mana shu zonaga kirishi uchun «yashil yo‘lak» tashkil qilib beramiz. Afg‘oniston fuqarolari mana shu yo‘lak orqali kelib savdo qilishi, ishlab chiqaruvchilar bilan shartnoma imzolashlari mumkin.

Bu zona o‘zbekistonliklar uchun yopiq va afg‘onistonliklar uchun ochiq bo‘ladi. Ular vizasiz va birgina tekshiruv orqali bu zonaga kirib kelaveradi. O‘zbekistonlik tadbirkorlar esa bu yerga nazorat va pasport rejimi bilan kiritiladi hamda chiqariladi», – dedi viloyat hokimi o‘rinbosari. 

Taqdimotda qo‘shimcha, qilinishicha, hozirda iqtisodiy hududda kiyim-kechak ishlab chiqarishga mo‘ljallangan tekstil korxonasi hamda boshqa ishlab chiqarish obektlarining qurilish ishlari boshlab yuborilgan.

Ma'lumot uchun, «Termiz» erkin iqtisodiy zonasi O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 13 martdagi «Termiz» erkin iqtisodiy zonasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bo‘yicha tashkil qilinmoqda.

Surxondaryo viloyati hokimligi, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligining taklifi bilan «Termiz» erkin iqtisodiy zonasi «Termiz kargo» markazi joylashgan hududda barpo etilmoqda.

Mavzuga oid