Jahon | 08:56 / 17.06.2024
6137
4 daqiqa o‘qiladi

NATO yadro qurolini shay holatga keltirishni muhokama qilmoqda

NATO Rossiya, Xitoy va KXDRni tiyib turish uchun blokning yadroviy qurollarini jangovar shay holatga keltirish masalasini muhokama qilmoqda. Bu haqda alyans bosh kotibi Yyens Stoltenberg The Telegraph gazetasiga bergan intervyusida gapirdi.

Foto: Yves Herman/ Reuetrs

Shimoliy Atlantika alyansi Rossiya va Xitoy tahdidi kuchayib borayotgan bir sharoitda blokning yadroviy qurollarini jangovar shay holatga keltirish masalasini muhokama qilmoqda. Bu haqda NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg 16 iyun, yakshanba kuni chop etilgan The Telegraph gazetasiga bergan intervyusida gapirdi

«Men qancha yadro kallaklari shay turishi va qaysi biri omborda bo‘lishi kerakligi haqida operativ tafsilotga to‘xtalmayman, ammo bu masalalar bo‘yicha maslahatlashishimiz kerak. Aynan shunday qilyapmiz», - dedi Stoltenberg. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, NATO yadro strategiyasining asosi shaffoflik bo‘lishi kerak, u raqiblarga «to‘g‘ridan to‘g‘ri xabar yuborishga yordam beradi». «Maqsadimiz, albatta, yadroviy qurolsiz dunyo, ammo u mavjud ekan, biz yadroviy ittifoq bo‘lib qolamiz, chunki Rossiya, Xitoy va Shimoliy Koreyada yadroviy qurolga bo‘la turib, NATOda bo‘lmasligi yanada xavfliroq vaziyat keltirib chiqaradi», - deya ta’kidladi Stoltenberg. 

Moskva yadroviy doktrinani o‘zgartirish bilan tahdid qilmoqda 

Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkovning 11 iyun kuni aytganidek, G‘arb davlatlarining harakatlari «yadroviy tiyib turish bo‘yicha hujjatlarni hozirgi ehtiyojlarga moslashtirish masalasini ko‘tarmoqda». May oyining o‘rtalarida u Rossiya Federatsiyasi «qizil chiziqlar» masalasini «chekkaga qo‘yishi» va yadroviy tahdidlar masalasida G‘arbga bir xil javob berishini aytdi. 

7 iyun, juma kuni Vladimir Putin «PMEF» doirasida Rossiyaning yadroviy doktrinasi o‘zgartirilishini istisno etmadi va uni «jonli vosita» deb atadi. O‘z nutqining boshida u Rossiya Federatsiyasi «yadroviy qurolni qo‘zg‘atmoqchi» emasligini aytdi, ammo keyinchalik Yevropa bu masalada «nisbatan himoyasiz» ekanligini ta’kidladi. Shu bilan birga, Putin «yadroviy zarba berishgacha ish yetib bormaydi» degan haqiqatdan kelib chiqishini qo‘shimcha qildi.

Rossiya va Belarus yadroviy mashqlar o‘tkazmoqda 

21 may kuni Rossiya strategik bo‘lmagan yadroviy kuchlarning mashg‘ulotlarini boshladi va ular ehtiyojini «g‘arb rasmiylari Rossiya Federatsiyasiga qarshi provokatsion bayonotlari va tahdidlari» bilan izohladi. Rossiya Mudofaa vazirligi xabariga ko‘ra, mashg‘ulotlarning birinchi bosqichida «Iskander» komplekslari va «Kinjal» gipertovushli raketalari qo‘llangan. 

11 iyun kuni boshlangan ikkinchi bosqichda Belarus harbiylari «Rossiya Federatsiyasi va Belarus Respublikasi qurolli kuchlari bo‘linmalarini strategik bo‘lmagan yadroviy quroldan jangovar foydalanish bo‘yicha birgalikda tayyorlash masalalarini ishlab chiqish uchun» mashg‘ulotlarga qo‘shildi».

May oyi boshida Belarus Respublikasi rahbari Aleksandr Lukashenko Belarusda taktik yadroviy qurollarni «to‘satdan tekshirish»ni buyurdi. Bundan biroz oldin u Rossiya G‘arbning harakatlariga javoban butun arsenalini ishlatsa, «apokalipsis» yuz berishini aytgandi. 

2023 yil iyun oyida Vladimir Putin Aleksandr Lukashenko bilan uchrashuvda o‘sha yilning iyul oyida Rossiya o‘z yadro qurolini Belarus hududida joylashtirishni rejalashtirayotganini aytdi. Keyinroq Belarus rahbari Rossiya yadro qurollari mamlakatga yetib kelganini bildirdi. 2024 yil mart oyida Foreign Policy jurnali manbalarga tayanib, G‘arb razvedkasi buni tasdiqlaganini yozgan edi. 

Mavzuga oid