O‘zbekiston | 14:59 / 19.05.2026
1799
5 daqiqa o‘qiladi

“Taqiq ishlamadi, legallashtirish – muqobil yechim”: nikotin mahsulotlarini tartibga solish tizimi muhokama qilindi

2023 yilda O‘zbekistonda nikotin mahsulotlariga nisbatan qat’iy cheklovlar joriy etilgandi. Biroq mutaxassislar bugun bu siyosat kutilgan natijani bermagani, aksincha veyp va elektron sigaretalar savdosini yashirin bozorga burib yuborganini aytmoqda. Toshkentda o‘tgan davra suhbatida noqonuniy aylanma va kontrabanda ortib borayotgan bir paytda nikotin alternativalarini nazorat ostida legallashtirish masalasi ko‘rib chiqildi. Ta’kidlanishicha, mazkur tizim mahsulot sifati, tarkibi va savdo zanjiri ustidan davlat nazoratini kuchaytirishga imkon beradi.

2023 yilda O‘zbekistonda nikotin mahsulotlariga nisbatan cheklovlar kuchaytirilgandi. Xususan, o‘sha yilning 24 mayida “Alkogol va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish va tarqatishni cheklash to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinib, u orqali tamaki va nikotin mahsulotlari muomalasi, savdosi hamda iste’moli bo‘yicha yangi tartiblar joriy etilgandi.

Bu qaror yoshlar orasida veyp va elektron sigaretalar ommalashib borayotgani fonida qabul qilingan bo‘lib, rasmiylar uni aholi salomatligini himoyalash zarurati bilan izohlagan edi. Biroq oradan vaqt o‘tib, boshqa bir tezis kun tartibiga chiqmoqda: taqiq bozorni yo‘q qilgani yo‘q, aksincha uni yashirin iqtisodiyot –“soya” segmentiga surib qo‘ygan, ya’ni norasmiy aylanmani kuchaytirgan.

Poytaxtdagi Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasida bo‘lib o‘tgan “Nikotin alternativalarini tartibga solishning dolzarbligi” mavzusidagi davra suhbatida aynan shu masala muhokama qilindi. Tadbirda davlat idoralari mas’ullari, ekspertlar, jurnalistlar va fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etib, elektron sigaretalar, veyp hamda boshqa nikotin mahsulotlariga nisbatan olib borilgan taqiq siyosati tahlil qilindi.

Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi direktori Saida Sulaymonovaning takidlashicha, 2023 yildagi taqiq kutilgan natijani bermagan va aksincha yashirin iqtisodiyot uchun yangi kanallarni yuzaga chiqargan. Tadbirdan asosiy maqsad “soya”dagi bozorni ochiqlash, jarayonni nazorat ostiga olish va bu borada jurnalistlar faolligini oshirishdan iborat.

“Qat’iy cheklovlarga qaramay, bozor to‘liq yo‘qolmagan. Aksincha, mahsulotlar Telegram kanallari, yopiq onlayn savdo va noqonuniy import yo‘llari orqali tarqalib, nazoratdan tashqari aylanma shakllangan. Bu esa sertifikatlanmagan mahsulotlar va kontrabanda hajmining ortishiga olib kelyapti”, – deydi u.

Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Husan Tangriyev keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, noqonuniy tamaki mahsulotlarini olib kirishga urinishlar sezilarli darajada oshgan. Xususan, 2026 yil 1 yanvardan 14 maygacha bo‘lgan davrda qariyb 41 milliard so‘mlik, 2,3 million qutidan ortiq tamaki mahsulotlarini noqonuniy olib kirishga urinishlar qayd etilgan. Taqqoslash uchun, 2025 yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 900 ming qutini tashkil etgan.

“Bugun mamlakat bo‘ylab deyarli har 8 soatda bir marta tamaki mahsulotlarini noqonuniy olib kirishga urinish holati kuzatilmoqda. Qonuniy cheklov qo‘yilgani bilan “qora bozor”ni to‘liq nazorat qilish imkonsiz”, – deydi u.

Ekspertlar tomonidan nikotin alternativalarini nazorat ostida legallashtirish masalasi ko‘tarildi. Bunda mahsulotlarni rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazish, aksiz tizimini joriy qilish va sifat standartlarini belgilash orqali bozorni nazoratga olish taklifi ilgari surildi. Mazkur yondashuv tarafdorlariga ko‘ra, bu kontrabandani kamaytirishi, davlat nazoratini kuchaytirishi va budjet tushumlarini oshirish imkonini ham berishi mumkin.

“Mahsulotlar rasmiy aylanmaga kiritilsa, ularning tarkibi va xavfsizlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha yagona standartlar joriy etiladi. Bu esa yashirin bozorda uchrayotgan noma’lum tarkibli mahsulotlar muammosini kamaytirishi mumkin. Ya’ni sifati tekshirilmagan tovarlar nazarda tutilyapti. Hozirgi sharoitda kontrabanda yo‘li bilan kirib kelayotgan veyp va elektron sigaretalarda nikotin miqdori, kimyoviy qo‘shimchalar va og‘ir metallar darajasi nazorat qilinmaydi. Bu esa nafas yo‘llari kasalliklari, zaharlanish va uzoq muddatli sog‘liq muammolari xavfini oshirishi ehtimoldan yiroq emas”, – deydi onkolog Yahyo Ziyoyev.

Диёрахон Набижонова
Muallif Диёрахон Набижонова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish