Jahon | 21:00 / 07.07.2021
62669
5 daqiqa o‘qiladi

Haiti prezidenti qarorgohga qilingan hujumda o‘ldirildi. Uning rafiqasi ham jarohatlangan

Haiti prezidenti Jovenel Moiz o‘tgan tunda ro‘y bergan suiqasd qurboni bo‘ldi. Qotillar uning poytaxt Port-o-Prensedagi qarorgohiga bostirib kirishgan.

Haiti prezidenti Jovenel Moiz va rafiqasi Martina / REUTERS

«7 iyulga o‘tar kechasi yarim tunda ispan va ingliz tillarida so‘zlashgan noma'lum shaxslar guruhi respublika prezidenti hayotiga suiqasd qilishdi. Prezident olingan tan jarohatlardan vafot etdi», deya ma'lum qilgan bosh vazir vazifasini bajaruvchisi Klod Jozef.

U mamlakat prezidenti majburiyatlarini o‘z zimmasiga olgan va qotillikdan bir necha soat o‘tib avvaliga ijro hokimiyatiga ko‘proq vakolatlar taqdim etuvchi «qamal holati» rejimi, keyinroq umummilliy favqulodda holat rejimini e'lon qilgan. Qo‘shni Dominikan respublikasi Haiti bilan chegarani vaqtincha yopgan.

Bosh vazir telemurojaatida hujum qilganlar ingliz va ispan tillarida so‘zlashgani haqida yana bir bor ta'kidlab, ularning qo‘lida «juda katta kalibrli qurol» bo‘lganini qo‘shimcha qilgan.

«Konstitutsiyaning 149-moddasiga ko‘ra, men vazirlar kengashining favqulodda yig‘ilishini chaqirdim va biz butun mamlakat bo‘ylab qamal rejimini joriy etishga qaror qildik», degan Jozef telemurojaatida.

Hujum natijasida birinchi ledi Martina Moiz ham jarohatlangan.

53 yoshda bo‘lgan Jovenel Moiz 2017 yil fevralidan buyon hokimiyat tepasida edi. U Mishel Martellining iste'fosidan keyin prezidentlik postini egallagandi.

Jozef qotillikni qoralab, uni «varvarlik akti» deb atagan. Bosh vazir vazifasini bajaruvchi barchani xotirjamlikka chorlagan hamda politsiya va armiya mamlakatda tartibni saqlashini, xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat nazoratda ekanini aytib o‘tgan.

«Akalar va singillar, biz prezident nima uchun kurashganini bilamiz. Biz bilamizki Jonevel Moiz jasur inson edi. Mamlakatdagi barcha kuchlar bu qotillikni qoralashi kerak. [...] Prezident Jonevel Moizning o‘limi javobsiz qolmaydi. Uni o‘ldirishlari mumkin, prezident Jonevel Moizni jismonan yo‘q qilishlari mumkin, ammo uning g‘oyalarini o‘ldirib bo‘lmaydi», degan Klod Jozef.

Haiti - G‘arbiy yarimshardagi eng qashshoq mamlakatlardan biri hisoblanadi. Aholisining 60 foizi kuniga 2 dollardan kamroqqa yashaydi. Haiti aholisi soni 10,6 mln kishi atrofida.

Korrupsiya, qashshoqlik va diktaturada ayblovlar
Ushbu qotillik mamlakatda qashshoqlik va beqarorlik jiddiylashgan davrda ro‘y berdi. So‘nggi haftalarda mamlakat poytaxtida jinoiy guruhlar va politsiya vakillari o‘rtasida doimiy to‘qnashuvlar ro‘y berayotgandi.

Yil boshida muxolifatchilar Moizni o‘zining hokimiyatda bo‘lish davrini sun'iy uzaytirib, diktatura o‘rnatishga urinishda ayblagandi. Prezident va muxolifat muddat borasida bahslashib kelardi. Moiz konstitutsiya bo‘yicha uning vakolat muddati 2022 yil 7 fevraliga borib tugashini aytgan bo‘lsa, muxolifatchilarning fikricha, u bir yil oldin - 2021 yil 7 fevralida lavozimdan ketishi kerak edi.

Moiz hokimiyatga kelgan 2017 yilgi saylovlarda davomat juda past bo‘lgan.

Prezidentning raqobatchilari uni inflatsiya o‘sishi, amaldorlarning korrupsiyaga botgani va iqtisodiy vaziyat og‘irlashganida aybdor sanashadi. 2020 yildan Moiz mamlakatni parlament ishtirokisiz, to‘g‘ridan to‘g‘ri boshqarishga kirishgan, avvalgi parlament deputatlari saylov to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi qonunni qabul qila olishmagandi.

2020 yilda AQSh davlat kotibi bo‘lgan Mayk Pompeo Haiti prezidentini saylovlar kunini imkon qadar tezroq tayinlashga chaqirgandi.

Fevral oyida Haiti hukumati 23 kishini, shu jumladan Oliy suda sudyasi va yuqori martabali amaldorlardan birini davlat to‘ntarishiga urinish va prezident Moizga suiqasd tayyorlashda ayblab hibsga olgan.

2020 yil fevralida ham hukumat davlat to‘ntarishiga urinish haqida ma'lum qilgandi, o‘shanda namoyishchilar poytaxtda barrikadalar o‘rnatishgan, politsiyachilar esa maoshlarni oshirish talabi bilan armiya shtabiga hujum qilgandi.

 

Mavzuga oid