22:04 / 04.04.2023
28928

Finlandiya rasman NATO a’zosi. Nimalar o‘zgaradi?

Seshanba kuni Finlandiya Shimoliy Atlantika alyansining 31-a’zosiga aylandi. Endilikda Rossiyaning alyans bilan quruqlik chegaralari ikki barobarga oshdi - hozirgi 1215 kilometrdan 2555 kilometrga.

Foto: Getty Images

Finlandiya tashqi ishlar vaziri Pekka Haavisto mamlakatning NATOga qo‘shilishi to‘g‘risidagi aktni imzolab, uni alyansning Bryusseldagi qarorgohida AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenga topshirdi.

Blinken Finlandiya NATOga a’zo bo‘lib kirgan kunni «tarixiy kun» deb atadi va bu Vladimir Putin Ukrainada boshlagan urush tufayli ro‘y berganiga urg‘u qaratdi.

«Men aytgan bo‘lardimki, bu ehtimol, janob Putinga minnatdorchilik bildirishimiz mumkin bo‘lgan yagona ish, chunki u Rossiya tajovuzkorligi bilan oldini olmoqchi bo‘lgan jarayonni yanada tezlashtirdi», degan Blinken.

«Bu Finlandiyani xavfsizroq, NATOni esa kuchliroq qiladi. Prezident Putinning bosqindan maqsadi o‘z chegaralarida NATO davlatlari kamroq bo‘lishi va Yevropada hech qanday yangi a’zolar bo‘lmasligi edi, amalda esa buning mutlaqo teskarisiga erishdi», dedi jurnalistlarga NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg.

Finlandiya prezidenti Sauli Niinistyo mamlakat Shvetsiya ham NATO a’zosi bo‘lishi uchun harakat qilishini aytdi. 

«Finlandiyaning a’zoligi Shvetsiya a’zoligisiz to‘liq bo‘lmaydi. Shvetsiyaning NATOga a’zoligini tezlashtirish uchun ishlar betinim davom ettirilmoqda», deyiladi Niinistyoning bayonotida.

Stoltenberg «bu Finlandiya xavfsizligi, Skandinaviya mamlakatlari va butun NATO xavfsizligi uchun ajoyib kunligi, Shvetsiya ham yanada xavfsizroq bo‘lishi»ni ta’kidladi. 

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov kutilmaganda Finlandiyaning NATOga a’zoligi bo‘yicha keskin munosabat bildirib, buni Rossiya xavfsizligi va milliy manfaatlariga tajovuz deb atadi.

«Kreml buni vaziyatning navbatdagi keskinlashtirilishi deb hisoblaydi. NATOning kengayishi - bizning xavfsizligimiz va RF milliy manfaatlariga tajovuz qilishdir, biz bu haqda avval ham aytganmiz. Va biz buni aynan shunday qabul qilamiz. Va, tabiiyki, bu bizni o‘z xavfsizligimizni ham taktik, ham strategik jihatdan ta’minlash uchun qarshi choralar ko‘rishga majbur qiladi», dedi Peskov.

Yaqin vaqtgacha Finlandiyaning alyansga kirishi Turkiya tomonidan bloklangandi: Anqara Skandinaviyadagi ikki mamlakatni o‘zi terrorchilik tashkiloti deb biladigan Kurdiston ishchilar partiyasi a’zolari hamda Turkiya hukumati 2016 yilgi davlat to‘ntarishiga urinish tashkilotchiligida ayblaydigan Fathulloh Gulenning tarafdorlariga boshpana berishda ayblagan.

Shvetsiya ham Finlandiya kabi o‘tgan yilning mayida NATO a’zoligi uchun murojaat qilgan, ammo Turkiya shu kabi shikoyatlar bilan ushbu davlat arizasini ham bloklamoqda.

NATOning istalgan qarori barcha a’zolar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi talab etiladi.

Finlandiya prezidenti Sauli Niinistyo mart oyida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan uchrashgandi. Foto: EPA

Rossiya agressiyasiga javob

Finlandiyaning NATOga a’zoligi - Shimoliy Atlantika alyansining zamonaviy tarixidagi eng muhim pallalardan biri bo‘lmoqda.

Finlandiya betaraflik pozitsiyasidan voz kechdi va Rossiyaning Ukrainaga bosqiniga javoban NATOga qo‘shilishga qaror qildi.

Shvetsiya ham uzoq yillik betaraflik majburiyatlaridan voz kechib, NATO a’zoligi uchun ariza topshirdi.

Finlandiyada jamoatchilik fikri Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan keyin tubdan o‘zgardi. O‘tgan yil bahorida bir kechaning o‘zida finnlar orasida NATOga a’zo bo‘lish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlash darajasi 30-33 foizdan 80 foizgacha ko‘tarildi.

Endilikda NATO chegarasidan Sankt-Peterburggacha masofa atigi bir necha yuz kilometrni tashkil etadi.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini 1949 yilda sovetlar tahdididan himoyalanish maqsadida tashkil etilgan  Shimoliy Atlantika kelishuvi tashkilotiga yangi impuls berdi.

Afg‘onistondagi muvaffaqiyatsizlik va AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp davridagi ichki kelishmovchiliklardan so‘ng, Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning NATOning «miyasi o‘layotgani» haqidagi bayonoti va Xitoyning Rossiya bosqinidagi o‘sib borayotgan ambitsiyalari ortidan turg‘unlikka yuz tutayotgan alyans oyoqqa tura boshladi.

Nima o‘zgaradi?

Amalda ko‘p narsa emas: Finlandiya 1994 yildayoq NATOning rasmiy hamkori bo‘lgan, shu vaqtgacha alyans armiyalari bilan yaqindan hamkorlik qilib kelgan, uning barcha texnik va institutsional talablariga to‘la javob beradi.

Asosiy o‘zgarish - Shimoliy Atlantika kelishuvidagi beshinchi modda bilan bog‘liq, unga ko‘ra NATOning bir davlatiga qilingan hujum butun alyansga hujum sifatida baholanadi.

«Prezident Putinning muhim signallaridan biri... u NATOning kelgusida har qanday kengayishiga qarshi ekani haqida edi. U NATO kichikroq bo‘lishini xohladi. Endi esa prezident Putin o‘z chegaralarida ko‘proq NATO davlatlariga ega bo‘lmoqda», degandi Stoltenberg seshanba kuni kechqurun.

U bu borada haq: Finlandiya va Rossiyaning quruqlikdagi chegarasi 1300 kilometrdan oshiqni tashkil etadi. Bundan tashqari, Rossiyaning qit’alararo harakatlanuvchi ballistik raketalari bazalari va Shimoliy flot bazalari aynan Finlandiya bilan chegaradosh hududlarda joylashtirilgan.

Qolaversa, ushbu bazalar ta’minoti Ladogadan shimolda faqat bitta temiryo‘l va avtoyo‘l orqali amalga oshiriladi - bu esa nazariy jihatdan bu ta’minot liniyasini bir yarim ming kilometr masofadagi yo‘lning istalgan nuqtasida uzib qo‘yish imkoniyatini beradi.

Moskva tomoshabin

2022 yil yanvarida Moskva NATOdan sharqqa qarab kengayishni bas qilib, alyansga SSSRning sobiq a’zolari, jumladan Ukrainani qabul qilmaslikni, u bilan har qanday harbiy hamkorlikdan bosh tortishni, shuningdek NATO qo‘shinlarini hali Markaziy va Sharqiy Yevropa mamlakatlari hamda Boltiq bo‘yidagi davlatlar alyansga a’zo bo‘lib kirmagan 1997 yildagi chegaralarga qaytarishni talab qilgandi.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi esa teskari natija berdi. Ammo, bu haqda e’lon qilinganida, Kremlning reaksiyasi hayratlanarli darajada bosiq bo‘ldi.

Finlandiya NATOning Boltiq bo‘yidagi yettinchi a’zosi bo‘ldi. Finlandiyaning alyansga qo‘shilishi NATOning Rossiya bilan umumiy chegaralarini 1,3 ming kilometrga oshirdi, Shvetsiya ham a’zo bo‘lsa — yana 233 kilometr qo‘shiladi.

Putin o‘shanda Rossiyaning Finlandiya va Shvetsiya NATOga a’zo bo‘lib kirishiga javobi alyans infratuzilmasi naqadar kengayishiga bog‘liq bo‘lishini aytgandi. Putinning so‘zlariga ko‘ra, garchi «yo‘q joydan muammo yaratilayotgan bo‘lsa-da, Rossiyada Ukrainadan farqli o‘laroq Finlandiya va Shvetsiya bilan muammo yo‘q».

«Bizda Finlandiya bilan ham, Shvetsiya bilan ham hududiy bahslar yo‘q, Ukraina NATO a’zosiga aylangan taqdirda, Rossiyada alyans a’zosi bo‘lgan davlat bilan hududiy nizo vaziyati yuzaga kelgan bo‘lardi, bu esa butun qit’a uchun juda katta xavf tug‘dirardi», degandi o‘shanda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

«Putin uchun NATO muammosi hamisha harbiy-strategik emas (harbiy tahdid asosiy argument sifatida ishlatiladigan bir bahona), balki geosiyosiy-tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan. Ya’ni NATO G‘arbda mavjud bo‘lsa bo‘laversin, lekin «bizda» emas. Ukraina, Gruziya, Moldova - bular «biz bilan». Tarixan «biz bilan» bo‘lgan», deya qayd etgandi politolog Tatyana Stanovaya.

NATOning kengayishi. Finlandiya NATO a’zosiga aylangach, Rossiyaning alyans bilan quruqlik chegaralari ikki barobarga oshdi — hozirgi 1215 kilometrdan 2555 kilometrga.
Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top