Andijonning bir asrlik tarixga ega “Bobur” kutubxonasi ko‘chada qoldi(mi?)
Andijondagi bir asrlik tarixga ega kutubxonani ta'mirlash 2019 yil may oyida boshlangan. Uch oyda foydalanishga topshirilishi aytilgan. Ammo hozirgi kunda ishlar chala holda tashlab qo‘yilgan. Kitoblar fondiga esa jiddiy ziyon yetmoqda.
Tahririyatga Andijon viloyatidagi bir asrlik tarixga ega “Zahiriddin Muhammad Bobur” nomidagi axborot-kutubxona markazidan murojaat kelib tushdi.
Unda 2019 yil may oyida kutubxona binosida kapital ta'mirlash boshlangani, viloyat rahbarlari uch oy ichida bitirib berishga va'da qilganlari, ammo qariyb bir yarim yildan buyon ta'mirlash ishlari yakuniga yetkazilmayotgani aytiladi.
Shu o‘rinda kutubxona tarixiga nazar solsak. Uning tashkil etilishi o‘tgan asrning boshiga, aniqrog‘i 1907 yilga borib taqaladi. 1964 yilda kutubxona uchun Andijon shahrida hashamatli bino (hozir kapital ta'mirlanayotgan) qurib bitkazilgan. 1965 yilda muassasa shu binoga ko‘chib o‘tgan. Hozirgi kunda kutubxona fondida 93 ming 65 nomdagi 871 ming 726 ta kitob mavjud. Shundan badiiy adabiyotlar 58 ming 126 nomda 309 ming 701 nusxadan iborat.
Ta'mirlash ishlari olib borilishi munosabati bilan mazkur ziyo maskani Andijon industrial pedagogika kolleji binosiga ko‘chirilgan. U yerda kitoblarni saqlash va kitobxonlarga xizmat ko‘rsatish uchun hech qanday sharoit yo‘q.
Eng achinarlisi, ayni paytda kollej mutasaddilari kutubxona xodimlariga binodan chiqib ketishlarini talab qilishmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, Andijonning eng katta, tarixiy va 800 ming kitob fondiga ega kutubxonasi ko‘chada qolish arafasida turibdi.
“Kitobxon kelmay qo‘ygan, kitoblar tashlandiq holda...”
Biz holatni o‘rganish uchun Andijon industrial pedagogika kollejining Bobur kutubxonasi vaqtincha joylashtirilgan binoda bo‘ldik.
“Kutubxonamiz bundan 113 yil oldin 1907 yilda tashkil topgan bo‘lib hozirgi binosida 1964 yildan ish faoliyatini boshlagan. Hozirgi kunda 800 mingdan ortiq kitob fondiga ega. Viloyat hokimining tashabbusi bilan shu binoda kapital ta'mirlash ishlari boshlandi. 2019 yil may oyida biz hozirgi siz ko‘rib turgan industrial pedagogika kollejida o‘z faoliyatimizni boshladik. Ayni paytda kitobxonlar tomonidan ko‘plab e'tirozlar bildirilmoqda. Chunki markazdan ichkari joyda ish olib boryapmiz. Sharoitlar yo‘q. Ochig‘ini aytish kerak, kitoblarni saqlash talab darajasida emas. Bunga yorug‘lik, har xil kemiruvchilar yoki namlik ta'sir qilib, kitoblarning sifatiga putur yetmoqda.
O‘zimizning binoda har kuni 300-350 nafardan ortiq kitobxonlarga xizmat ko‘rsatayotgan bo‘lsak, hozir bu yerda ortig‘i bilan 10-15ta kitobxon kelyapti. Bu yerga kela olmagan kitobxonlarga ko‘chma kutubxona mutaxassislari chiqib, kutubxona xizmatini ko‘rsatib kelmoqda”, – deydi axborot-kutubxona markazi direktorining o‘rinbosari Nigoraxon Yo‘ldosheva.
Kutubxonada bir nafar kitobxonni ko‘rdik. Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti talabasi Shohruh Sahobiddinov nemis tilini o‘rganish uchun ikki yildan beri kutubxonaga a'zo ekanligini aytdi.
“Nemis tilidagi kitoblarni o‘qiyman. Kutubxonada yoshlar juda ham ko‘p kelardi. Hozirgi kunda bu yerda o‘qishga imkoniyat yetarli emas. Xonalar sovuq, shuning uchun issiq kiyimlarda o‘tiribmiz, bu noqulaylik tug‘diradi”,– deydi talaba.
O‘quv zali mutaxassisi Sevaraxon Nabiyeva ayni payt 1947 yildan beri 300 dan ortiq gazetalari mavjudligi, hozirgi binoda gazetalar tashlandiq holatda turib, yaroqsiz holga kelayotgani haqida kuyunib gapirdi.
Ma'lumki, kitoblar talab darajasidagi temperatura: isitish, sovitish va namlik me'yorlari mavjud joylarda saqlanishi lozim. Biroq kutubxonaning bebaho kitoblari, gazeta jamlanmalari ayni payt juda ham yomon sharoitda saqlanmoqda. Xodimlar qish oylari bo‘ladigan sovuq kitoblar holatiga salbiy ta'sir qilishidan xavotirda. Bundan tashqari, xodimlar kitobxon kelsa, aytgan kitoblarini topib bera olmaydi. Chunki taxlanib bog‘langan. Har birini yechib izlash zarur.
“Kitobxonlarimizdan ko‘p e'tirozlar tushyapti. Doimiy kitobxonlarimiz chekka joyda bo‘lsak-da, zarur bo‘lgani uchun kelishyapti. Lekin biz ularga yetarli darajada xizmat ko‘rsata olmayapmiz. Biz kutubxonamizning tezroq bitishini xohlaymiz.
Yuqori tashkilotlarga xatlar bilan chiqdik. Kitobxonlarimiz hokimiyatga murojaat qildi, lekin hali natija bo‘lmayapti”, – deydi xizmat ko‘rsatish bo‘limi rahbari Ozodaxon Burxonova.
Binodan chiqib ketishni talab qilishyapti
Kutubxona mazkur binoga ko‘chganiga ikki yil bo‘lyapti. Bizga hozir kollej rahbari tomonidan “Binoni bo‘shatinglar”, degan e'tirozlar bo‘lyapti. Binoni bo‘shatish uchun kitoblarimizni yana qayergadir tashishimiz kerak. Xodimlarimiz ayollardan iborat. Narigi binodan ko‘chishimizga ham ikki oy vaqt ketgan. Biz ziyoli insonlarmiz, “xo‘p, xo‘p” deb kelyapmiz. Lekin qachongacha? O‘zimizni bino bitsa, biz ham qisindi bo‘lmasdan chiroyli ishlab, kitobxonlarimizga ko‘ngildagidek xizmat ko‘rsatishga kirishar edik”, – deydi kompyuter zali sektor mudiri Tursunoy Javharaliyeva.
Xulosa
Prezidentning 2017 yil 13 sentyabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida” PQ-3271-sonli qarori qabul qilinib, unda axborot-kutubxona faoliyatini kuchaytirish, mavjud kutubxonalarni o‘quv-uslubiy, texnik adabiyotlar, adabiy-badiiy, ma'rifiy va ilmiy-ommabop kitoblar bilan boyitish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash vazifalari belgilangan edi.
Bundan tashqari, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy, ma'naviy-ma'rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbusni ilgari surgan edi. Ulardan biri yoshlar ma'naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etishga yo‘naltirilgan.
Ayni kunda kutubxonadagi ta'mirlash ishlari to‘xtagan. Hududda biror zot ko‘rinmaydi. Oldinda esa qahraton qish. Bu esa kitoblar-u kutubxonachi opalarning shu qishni ham qiyin sharoitda o‘tkazishlariga ishora.
Yuz yillik tarixga ega kutubxonaning bu tarzda o‘z holiga tashlab qo‘yilishi viloyatdagi mas'ullarining ilmga, ma'rifatga va yosh avlodning taqdiriga qanday munosabatda ekanligini ko‘rsatayotgandek, go‘yo...
Pudratchi kim, ta'mirlash ishlari qachon va nima sababdan to‘xtab qolgan, unga qaysi manbadan qancha mablag‘ ajratilgan-u, uning qanchasi bo‘yicha ish bajarilgan, shuningdek, qolgan mablag‘lar qayerda kabi savollarga navbatdagi surishtiruvlarimiz jarayonida javob topishga urinib ko‘ramiz.
Elmurod Ermatov
Mavzuga oid
14:37 / 27.12.2024
380 mln so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangan MChJ aniqlandi
09:37 / 27.12.2024
Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari Avazbek Ergashev vafot etdi
16:13 / 20.12.2024
Yigirmaga yaqin bolani 1,5 ming km masofaga tashiyotgan uchta Damas ushlandi
16:54 / 19.12.2024