O‘zbekiston | 14:52 / 03.06.2024
2538
2 daqiqa o‘qiladi

CASCA+ transport yo‘lagi faoliyatini muvofiqlashtiruvchi konsorsium tuzilishi mumkin

Ozarbayjon, Gruziya, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Turkiya va O‘zbekiston temiryo‘llarining qo‘shma tashabbusi – CASCA+ ishtirokchilari Toshkentda yig‘ildi. Xitoyni Yevropa bilan bog‘laydigan yo‘lak faoliyatini muvofiqlashtirish uchun konsorsium tuzish, tez buziladigan meva-sabzavotlarni refrijyerator konteynerlarda tashishni yo‘lga qo‘yish taklif etilmoqda.

Foto: “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ matbuot xizmati

28-29 may kunlari Toshkenda O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Gruziya va Turkiya davlatlarining temiryo‘l administratsiyalari vakillari o‘rtasida CASCA+ transport yo‘lagi bo‘ylab yuk tashishlarni rivojlantirish bo‘yicha uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “O‘zbekiston temiryo‘llari” matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuv davomida CASCA+ transport yo‘lagini rivojlantirish loyihalari muhokama qilindi. “O‘zbekiston temiryo‘llari” kompaniyasi CASCA+ transport yo‘lagi faoliyatini muvofiqlashtirish uchun konsorsium tashkil etish taklifini ilgari surdi.

Bu tashabbusni barcha tomonlar qo‘llab-quvvatlab, konsorsium uchun mutaxassislarni taqdim etishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Bundan tashqari CASCA+ yo‘lak bo‘yicha tez buziluvchi (meva-sabzavotlar) yuklarni refrijyerator konteynerlarda tashishni yo‘lga qo‘yish va yo‘lakning sayt faoliyatini rivojlantirgan holda yo‘lak bo‘ylab harakatlanuvchi vagon va konteynerlar joylashuvini (dislokatsiyasini) onlayn tarzda kuzatish tizimini yo‘lga qo‘yish taklif etildi.

  • CASCA+ – Ozarbayjon, Gruziya, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Turkiya va O‘zbekiston davlat temiryo‘llarining qo‘shma tashabbusi. Hozirda bu yo‘nalish uchta mintaqani qamrab oladi – Markaziy Osiyo (Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkmaniston), Janubiy Kavkaz (Ozarbayjon va Gruziya), Anadolu (Turkiya).
  • Yo‘nalish nomidagi “+” belgisi marshrut bo‘ylab tashishdan manfaatdor yangi potensial ishtirokchilarni qabul qilishga tayyorligini bildiradi. Yo‘nalishnning yakuniy maqsadi – Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari, xususan, Xitoyni Yevropa bilan bog‘lashdir.

Mavzuga oid