Jahon | 09:46 / 13.04.2023
6486
3 daqiqa o‘qiladi

Iqtisodchi: Rublning qadrsizlanishi - g‘arb sanksiyalari oqibati

Rublning keskin qadrsizlanishiga, Sergey Guriyev fikricha, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi uchun joriy etilgan yangi sanksiyalar, xususan, Rossiya nefti va neft mahsulotlariga embargo qo‘yilgani sabab bo‘lgan.

Foto: Petr Svancara/CTK/dpa/picture alliance

So‘nggi oylarda rublning dollar va yevroga nisbatan qadrsizlanishini oldindan taxmin qilish mumkin edi, dedi 12 aprel, chorshanba kuni DW nashriga bergan intervyusida taniqli rossiyalik iqtisodchi Sergey Guriyev. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu g‘arbning 2022 yil dekabrida Rossiya nefti eksportiga va joriy yilning fevral oyida Rossiya neft mahsulotlari eksportiga qarshi joriy qilingan yangi sanksiyalari natijasi bo‘ldi.

Iqtisodchi rublning avvalgi yuqori kursini sun’iy deb atadi, chunki g‘arb sanksiyalari faqat Rossiya importiga tegishli edi.

«Bugun, nihoyat, Rossiya eksportiga qarshi sanksiyalar, Yevropada neft embargosi, Rossiya nefti eksporti uchun narx chegarasi joriy etilganda rublning zaiflashib borayotgani mutlaqo normal holat», — dedi Guriyev, lekin u rublning yana qadrsizlanishini bashorat qilishdan tiyildi. Iqtisodchi taxminicha, Rossiya Markaziy banki o‘tgan yilgidek, inflatsiya o‘sishining oldini olish uchun hamma narsani qiladi.

Lekin har qanday holatda ham rublning qadrsizlanishi g‘aznaga neft-dollarlar kamroq tushayotganidan dalolat beradi, bu esa Rossiya budjeti jiddiy qiyinchiliklarga duch kelishini anglatadi.

Guriyevning hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘tgan yilning oxirgi uch choragida va 2023 yil birinchi choragida Rossiya budjeti yetti trillion rubl yo‘qotgan, bu yalpi ichki mahsulotning 4,5 foiziga teng. «Bu juda katta defitsit, ayniqsa uni moliyalashtirish uchun hech narsa bo‘lmagan vaziyatda», dedi Sergey Guriyev.

Avvalroq Moskva birjasida 1 yevro 90,3 rubl, dollar 82,5 rubl ko‘rsatkichidan oshib ketgandi. Bungacha shunga o‘xshash ko‘rsatkichlar 2022 yilning aprel oyida qayd etilgan.

Tahlilchilar rublning zaiflashishi sabablari orasida Rossiyadan kapitalning chiqib ketishi natijasida valutaga spekulyativ talabni, G‘arb sanksiyalari fonida eksport kamayishi bilan importning o‘sishini, neft narxi ko‘tarilishi tufayli Rossiya Moliya vazirligi chet el valutasi savdosini kamaytirganini keltirdi.

2023 yil yanvar-fevral oylarida Rossiya budjeti taqchilligi, Moliya vazirligi dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, 2,581 trillion rublni yoki yil uchun rejalashtirilgan 2,925 trillion rublning deyarli 90 foizini tashkil etdi. Muammolar, tahlilchilarga ko‘ra, neft va gaz sotishdan tushgan daromadlar bilan bog‘liq. Vazirlik dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, ular deyarli yarmiga qisqardi. Bu, asosan, neft narxi pasayishi va tabiiy gaz eksporti qisqarishi bilan bog‘liq, deb e’lon qildi Rossiya Moliya vazirligi. 

Mutaxassislar ta’kidlashicha, gaz eksporti kamayishi ham Rossiyaga YeI davlatlari tomonidan joriy etilgan iqtisodiy sanksiyalar ham Rossiyaning o‘zi «do‘st bo‘lmagan» mamlakatlarga energiya yetkazib berishdan bosh tortgani va «Shimoliy oqim» gaz quvuri yopilishi bilan bog‘liq. 

Mavzuga oid