O‘zbekiston | 19:01 / 03.03.2021
9843
4 daqiqa o‘qiladi

Qurol olib yurish va ishlatishga ruxsatnomalar berish vakolati milliy gvardiyadan ichki ishlar organlariga o‘tkazilmoqda

Bugun, 3 mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, yig‘ilishda deputatlar tomonidan qurol turlari va ularning huquqiy mavqeyini «Qurol to‘g‘risida»gi qonunga muvofiqlashtirish masalasi ham ko‘rib chiqilgan.

Unga ko‘ra, endilikda qurol sohasidagi vazifa va vakolatlarni milliy gvardiyadan ichki ishlar organlariga o‘tkazish, shuningdek, ayrim turdagi vositalarni taqiqlangan qurollar safiga qo‘shish qonun loyihasi sifatida taklif etilmoqda.

Bu borada ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Aziz Ikromov parlamentdagi chiqishida deputatlar e'tiborini quyidagi ma'lumotlarga qaratdi:

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Aziz Ikromov

«Oxirgi vaqtlarda o‘qotar bo‘lmagan qurollarga egalik qilish bilan bog‘liq 2174ta holat aniqlangan. Ammo ularni olib yurgan shaxslarni javobgarlikka tortish uchun huquqiy asos yo‘q. Bu esa fuqarolarning jamoat joylarida o‘qotar bo‘lmagan qurollar bilan erkin muomala qilishiga olib kelmoqda. Bunday holatlar ayniqsa yoshlar o‘rtasida juda ko‘p.

Hozir maktab va boshqa ta'lim muassasalari, shuningdek, jamoat joylarida elektroshokerlar bilan yurish, u orqali bezoriliklar qilish, o‘zganing mol- mulkiga yoki sog‘lig‘iga zarar yetkazish ko‘paymoqda», dedi Ikromov.

Muhokamalar va savol-javoblardan keyin qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilindi.  

Yalpi majlis yakunida IIV bo‘lim boshlig‘i Davron Qosimov jurnalistlarga qisqa intervyu berdi.

— Taklif etilayotgan yangi qonun loyihasi yana nimalarni o‘z ichiga oladi?

— «Qurol to‘g‘risida»gi yangi qonun loyihasida yangi qurol turlari ham ko‘rsatilyapti. Masalan, elektroshoker, gazli qurilmalar endilikda qurol sifatida baholanadi. Ularni noqonuniy olib yurganlik uchun jinoiy va ma'muriy javobgarlik belgilanyapti.

— Qurol sohasidagi vazifa va vakolatlarni milliy gvardiya organlaridan ichki ishlar organlariga o‘tkazishga nima asos bo‘ldi, masalan, bu vakolat milliy gvardiyada qolishi nimasi bilan noto‘g‘ri?

Ichki ishlar vazirligi bo‘lim boshlig‘i Davron Qosimov

— Buning asosiy sababi shundaki, hozir qurol olib yurish va ishlatishga ruxsatnomalar milliy gvardiya tomonidan beriladi. Ularni nazorat qilish va chora ko‘rish esa ichki ishlar tizimiga yuklatilgan. Endilikda esa bu vazifa tizimning yanada samarali ishlashini ta'minlash maqsadida bu vazifalar bir organga yuklatilyapti.

Bundan tashqari, noqonuniy olib yurish taqiqlangan qurollar safiga pnevmatik qurollar ham qo‘shilyapti.

— Bu vositalarni olib yurish uchun ruxsat olish tartibi qanday? Fuqaro bu kabi vositalardan o‘zini himoya qilish uchun ham foydalanishi mumkin-ku.

— O‘zini himoya qilish maqsadida qurol olib yurish uchun ichki ishlar organlaridan ruxsatnoma olish talab qilinadi.

Mavzuga oid