O‘zbekiston | 14:11 / 11.10.2021
6788
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: «Qashqadaryoda eng achinarli holatlardan biri bu – viloyat aholisi haligacha paxtani bukilib, qo‘l mehnati bilan terib kelmoqda» 

Qashqadaryo viloyatida paxta urug‘chiligi markazi tashkil qilinib, xorijiy ekspertlar bilan birga qurg‘oqchilikka chidamli, yuqori hosil beradigan yangi navlar yaratiladi. Bu haqda prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev ma'lum qildi.

Foto: Milliy mass-media fondi

“Bundan tashqari, yuqori hosil beradigan navlarni chetdan olib kelish va erkin joylashtirishga ham ruxsat beramiz.

Qashqadaryoda eng achinarli holatlardan biri bu – viloyat aholisi haligacha paxtani bukilib, qo‘l mehnati bilan terib kelmoqda. 

Shuning uchun kelgusi besh yilda 40 foiz qishloq xo‘jaligi texnikalari yangilanib, mexanizatsiya darajasi 90 foizga, jumladan mashinada paxta terimi 15 foizdan 60 foizga yetkaziladi. Bunda, paxtani mashinada terish xarajatining 30 foizini budjetdan qoplab berish yana uch yilga uzaytiriladi.

Shuningdek, import qilinadigan texnika, butlovchi va ehtiyot qismlar bojxona to‘lovlaridan ikki yil muddatga ozod qilinadi. Qishloq xo‘jaligi texnikasi xaridi uchun subsidiyalar ko‘lami ham ko‘paytiriladi. 

Viloyatning eng og‘riqli nuqtalaridan biri bu – qishloq xo‘jaligi yerlarini barqaror suv bilan ta'minlash hisoblanadi. Misol uchun, Qarshi magistral kanalidan suv olib kelishga, birgina elektr uchun yiliga 100 million dollarga yaqin mablag‘ sarflanadi. Ya'ni, 1 gektar paxtani sug‘orishga 2,5 million so‘m xarajat qilinmoqda. Lekin, suvdan samarasiz foydalanish tufayli ushbu mablag‘larning 30 foizi isrof bo‘lmoqda.

Shu bois, kelgusi besh yilda 118 ming gektarda innovatsion suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinadi. Shuningdek, 93 ming gektar maydonni lazerli tekislash orqali, shunga alohida ahamiyat bering, yiliga 130 million kub metr suv iqtisod qilinadi. Buning uchun, 25 milliard so‘m subsidiya beramiz.  

Bundan tashqari, 105 million dollar hisobiga Qarshi nasos stansiyalari kaskadi rekonstruksiya qilinib, 400 ming gektar yer maydonining suv ta'minoti yaxshilanadi”, dedi prezidentlikka nomzod.

Mavzuga oid