Jahon | 18:41 / 25.03.2022
39283
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya ikkinchi bor Ukrainadagi qurbonlari soni bo‘yicha ma’lumot berdi

RF qurolli kuchlari bosh shtabi urush boshidan buyon ikkinchi bor Rossiya armiyasining harbiy yo‘qotishlari bo‘yicha ma’lumot berdi.

Foto: Felipe Dana / AP / Scanpix / LETA

Ukrainadagi urushning bir oyida 1351 nafar rossiyalik harbiy halok bo‘lib, 3825 nafari yaralangan. Bu haqda Rossiya qurolli kuchlari bosh shtabi rasmiysi general Sergey Rudskoy tomonidan o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.

Rudskoyning bayonotida Ukrainaning harbiy yo‘qotishlari soni 14 mingdan ortiq ekani aytilgan.

Bungacha Rossiya tomoni urushdagi qurbonlari soni bo‘yicha faqat bir marta ma’lumot bergan, 2 mart kungi brifingda Ukrainada rossiyalik harbiylardan 498 nafari halok bo‘lib, 1597 nafari yaralangani ma’lum qilingandi.

Ukraina tomoni esa urush boshidan buyon rossiyalik harbiylarning yo‘qotishlari soni 16 ming nafardan oshgani to‘g‘risida ma’lumot bergan, bu miqdor halok bo‘lganlardan tashqari, yaralanganlar va asirga tushganlarni ham o‘z ichiga oladi.

NYT esa bir hafta muqaddam AQSh razvedkasi hisoblariga ko‘ra Rossiyannig yo‘qotishlari 7 ming kishi (halok bo‘lganlar) atrofida ekanini ma’lum qilgandi.

Ukraina tomoni o‘z yo‘qotishlari soni to‘g‘risida oxirgi bor mart oyi o‘rtalarida ma’lumot bergan, prezident Zelenskiy 1300 nafardan ortiq ukrainalik urush qurboniga aylanganini xabar qilgandi.

Harbiy harakatlar vaqti mojaro ishtirokchilarining rasmiy ma’lumotlarini mustaqil manbalar orqali tekshirishning imkoni yo‘q.

Mavzuga oid