O‘zbekiston | 15:48 / 23.03.2024
12564
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi

O‘zbekiston prezidenti Moskva viloyatidagi terakt munosabati bilan rossiyalik hamkasbi va Rossiya xalqiga hamdardlik bildirdi. Ayni paytda qurbonlar soni 115 nafarga yetgan. O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi xodimlari shifoxonalarga borgan holda yuzdan ortiq jarohatlanganlar orasida O‘zbekison fuqarolari yo‘qligiga aniqlik kiritmoqda.

AFP / Scanpix / LETA

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23 mart kuni Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqotda unga va do‘st Rossiya xalqiga Moskva viloyatidagi "Krokus Siti Xoll" konsert zalida sodir etilgan terrorchilik harakati oqibatida ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgani munosabati bilan chuqur hamdardlik bildirdi.

“Davlatimiz rahbari O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqi nomidan vafot etganlarning oila a’zolariga bardamlik, jarohatlanganlarga tez fursatda shifo topishlarini tiladi. Begunoh insonlarga qarshi karatilgan ushbu jinoyat yana bir bor qat’iy qoralandi.

Rossiya yetakchisi, o‘z navbatida, O‘zbekiston prezidentiga ushbu og‘ir damda bildirilgan dalda so‘zlari va zarur ko‘makni ko‘rsatishga tayyorligi uchun minnatdorlik bildirdi. Mamlakatlarimiz xavfsizligi va barqaror taraqqiyotiga tahdid bo‘lgan ushbu yovuz kuchga kurashish bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirishga kelishib olindi”, – deyiladi O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabarida.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Moskvadagi “Krokus siti holl” majmuasida ro‘y bergan terakt qurbonlari soni 115 nafarga yetgan.

Rossiya Tergov qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, portlash va yong‘in ro‘y bergan majmuada ish olib borayotgan qutqaruvchilar vayronalar ostida yangi jasadlarga duch kelgan. Moskva oblasti gubernatori Andrey Vorobev qurbonlar soni yana oshishi mumkinligini ma’lum qildi. Ayni paytda 20 dan ortiq shifoxonada 100 dan ziyod jarohatlangan odamlarga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi axborotiga ko‘ra, Moskva vaqti bialn soat 12:00 holatiga voqeada halok bo‘lgan yoki jarohatlangan O‘zbekiston fuqarolari haqida ma’lumot mavjud emas. Elchixona xodimlari Moskva va Moskva viloyatidagi kasalxonalarga borib, ma’lumotlarni aniqlashtirishmoqda.

“Elchixona ushbu mamlakatning tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlari va tibbiyot muassasalari bilan yaqindan aloqada bo‘lib turibdi”, – deyiladi vakolatxona xabarida.

O‘zbekiston elchixonasi O‘zbekiston fuqarolarini xavfsizlik qoidalariga rioya qilishga va zarurat tug‘ilgan hollarda elchixonaning konsullik bo‘limi koll markaziga qo‘ng‘iroq qilishga chaqirgan: +7 499 238-36-20; +7−499 230−00−76.

Mavzuga oid