O‘zbekiston | 00:00 / 15.07.2020
22897
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident topshirig‘i: hokimlar ijtimoiy tarmoqlardan tushgan savollarga har kuni javob beradi

«Ertalab 8dan 9gacha, kechqurun 21dan 22gacha ijtimoiy tarmoqlardan tushgan savollarga mukammal javob berasizlar», – deya hokimlarga vazifa yukladi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 iyul kungi videoselektor yig‘ilishi avvalida mamlakatdagi epidemiologik vaziyatga to‘xtalib, bu borada hokimlar va sektor rahbarlariga tegishli topshiriqlar berdi.

«Yana bir marta aytmoqchiman – ayniqsa Toshkent shahar rahbariyatiga, hamma hokimlarga – karantin normalarini qayerda yumshatish kerak, qayerni yopish kerakligi bo‘yicha, shahar, viloyat, tuman rahbarlari, o‘zlaring qaror qabul qilishlaring kerak.

Rahbarning eng katta rahbarligi – hozirgi mana shunday og‘ir sharoitda eng to‘g‘ri yo‘lni topish. Eng to‘g‘ri yo‘lni hududning rahbari biladi. Tuman, shahar, viloyat rahbarlari biladi», – dedi davlat rahbari.

Prezident COVID-19`ga qarshi vaksina topilishi bilan uni xarid qilish uchun barcha imkoniyatlar ishga solinishini aytdi.

«Tezroq olimlar vaksina topganda edi, tezroq, qanchaga bo‘lishidan qat'i nazar, xalqimizga yetkazib kelishga hamma choralarni ko‘ramiz. Lekin ming afsus, bu savolga javob yo‘q.

Shuning uchun bugun shunday topshiriq bo‘ldi: to‘rtta sektor alohida o‘z hududi bo‘yicha dori-darmonning zaxirasini, har bir viloyat, o‘zi o‘ziga yaratadi. Zaxira uch oylik bo‘lishi kerak. Bunga qancha mablag‘ kerak bo‘lsa beramiz, lekin bironta aptekada dori-darmon vositalari qimmatlashsa, odamlarimizning noroziligiga olib keladi. Mana shuni qattiq nazoratga olishlaring kerak.

Yana bir marta aytaman, zaxiralarimizda hamma narsa bor. Yo‘g‘i olib kelinyapti. Lekin shu bilan birga, joyiga yetib borishi qiyin bo‘lyapti. Har bir hududda narx-navo har xil bo‘lyapti. Shuning uchun zaxira yaratib, narx-navosiga juda qattiq e'tibor qilish kerak.

Eng katta masala – bozorda narx-navo ko‘tarilishi kerak emas. Viloyatning to‘rtta rahbari o‘z hududidagi bozorlarni nazorat qilib turishi kerak. Oziq-ovqat bo‘yicha O‘zbekistonda muammo yo‘q. Xudoga ming qatla shukr, hozir pishiqchilik. Hamma narsani xalqimizga arzon, sifatli mahsulot yetkazib berish choralarini ko‘rishiz kerak. Qishga tayyorgarlikni hozirdan boshlaymiz.

Hokimlarga shunday topshiriq: ertalab bir soat – 8dan 9gacha, kechqurun 21dan 22gacha ijtimoiy tarmoqlardan tushgan savollarga mukammal javob berasizlar. Xalqimiz hamma narsani bilishi kerak. Mana shunga e'tibor qilamiz», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid