Davlat rahbari ta’lim-tarbiya sohasi vakillari bilan muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuv mobaynida “Yil o‘qituvchisi”ga yangi uy-joylar va fan olimpiadalari g‘oliblari ustozlariga esa 150 milliongacha pul mukofotlari berilishi ma’lum qilindi.
Davlat rahbarining bildirishicha, muallimlar mehnatini munosib rag‘batlantirish tizimi davom ettiriladi. Xususan, 1 oktyabrdan pedagog xodimlar ish haqqi 15 foizga oshiriladi. Ularga xalqaro standartlar asosida malaka sertifikatini berish yo‘lga qo‘yiladi. Sinovlarda 86 va undan yuqori ball olgan pedagoglar qo‘shimcha 70 foiz ustama oladi. Masalan, oliy toifali biologiya o‘qituvchisi o‘z fani bo‘yicha xalqaro sertifikati bo‘lsa – 50 foiz, direktor jamg‘armasidan 40 foizgacha va yangi talabga javob bersa, yana 70 foiz ustama oladi. Va shu tariqa uning umumiy oylik maoshi 4 million 500 ming so‘mdan 12 million so‘mga yetadi.

Endilikda ustozlarga ham sovg‘a sifatida uy-joy beriladi. Uchrashuvda “Yil o‘qituvchisi” tanlovi o‘tkazilib, 208 ta tuman va shahardan g‘olib bo‘lgan o‘qituvchilarga Prezident sovg‘asi sifatida xonadon taqdim etilishi alohida qayd etildi.

Rag‘batlantirishlar bilan bir qatorda o‘qituvchilarning pedagogik mahoratini oshirish uchun ham sharoitlar yaratiladi. Prezidentning ta’kidlashicha, Abdulla Avloniy nomidagi institut pedagoglarda kasb mahoratini oshirib borishga mas’ul bo‘ladi. Institutning 12 ta hududiy markazini zamonaviy qiyofaga keltirish va jihozlash uchun kelayotgan 3 yilda budjetdan har yili 50 milliard so‘m ajratiladi. Bundan tashqari, joylarda 1 ming 300 ta tayanch maktab va 200 ta bog‘cha tanlab olinib, ulardagi yetakchi o‘qituvchilar yosh pedagoglar uchun “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati”ni tashkil etadi. Bu jarayonlarda dars bergan yetakchi o‘qituvchilarning ish haqiga esa 20 foiz ustama qo‘shiladi.

Pedagoglarning sifatli ta’lim berishini ta’minlash uchun yangi ta’lim muassasalarini qurish va mavjudlarini ta’mirlash ishlari olib boriladi.




















