O‘zbekiston | 16:30 / 28.04.2020
23189
4 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekneftgaz»: Tabiiy ofat natijasida Buxoro va Qashqadaryodagi ayrim ishlab chiqarish korxonalarining faoliyati vaqtincha to‘xtadi

Foto: O‘zbekneftgaz

27 aprel kuni soat 20:00dan 22:30gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida Buxoro, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida kuzatilgan kuchli shamol va yog‘ingarchilik «O‘zbekneftgaz» AJ tizimidagi ishlab chiqarish korxonalari faoliyatiga ham salbiy ta’sirini ko‘rsatdi.

Soat 20:20da kuchli shamol oqimi kelishi natijasida, Qashqadaryo viloyatida joylashgan «Muborak neft gaz qazib chiqarish boshqarmasi»ga qarashli «Alan» konidagi siquv kompressor stansiyasidagi 100 va 200-sonli gaz haydash agregatlari va «Ko‘kdumaloq» konidagi 2-yig‘ish joyidagi 100-sonli gaz haydash agregati avariya holatda to‘xtab qoldi.

Soat 21:55da «Ko‘kdumaloq» konidagi 2-yig‘ish joyidagi 100-sonli gaz haydash agregati, 22:00da esa «Alan» konidagi siquv kompressor stansiyasidagi 100-sonli gaz haydash agregatlari ishga tushirildi. 28 aprel kuni soat 01:45da esa «Alan» konidagi siquv kompressor stansiyasidagi 200-sonli gaz haydash agregatining faoliyati qayta tiklandi.

Buxoro viloyatida joylashgan «Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi»ga qarashli «Uchqir» gazni oltingugurtdan tozalash qurilmasining 1,2,3,4 va 5-sonli texnologik tarmoqlari va «Uchqir» qurilmasiga yuqori bosimli bug‘ yetkazib beruvchi qozonxonadagi 1,3,4,5,6 sonli qozonlari 2020 yilning 27 aprel kuni soat 20:35da avariya holatda to‘xtab qoldi.

Hozirga qadar elektr ta’minotidagi uzilishlar sababli, «Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi»ga qarashli qurilmalar faoliyati tiklangani yo‘q.

Kechaning o‘zida, soat 21:37da «Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi»ga qarashli, «Sho‘rtan» siquv kompressor stansiyasi-1 (Bateman)dagi 1-sonli gaz haydash agregati, Tozalangan tovar gazni magistral gaz quvuriga haydash kompressor stansiyasidagi 6 va 7-sonli gaz haydash agregatlari, Siquv kompressor stansiyasi-2 dagi (KMPO) 300-sonli gazni haydash agregati, Gazdan propan butan olish qurilmasidagi 1,2,5-sonli turbodetandr agregatlari, Siquv kompressor stansiyasi-1 (Bateman)dagi 3-sonli gaz haydash agregati ishlashdan to‘xtadi.

2020 yilning 28 aprel kuni soat 03:50ga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida «Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi»ga qarashli barcha texnologik qurilmalarning ish faoliyati qayta tiklandi va ular bir maromda ishlamoqda.

«O‘zbekneftgaz» AJning Markaziy ishlab chiqarish dispetcherlik departamenti xabariga ko‘ra, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ tasarrufidagi filial hamda yuqori kuchlanishli podstansiyalarda xizmat vazifasini olib boruvchi mutaxassislar bilan hamkorlikda elektr ta’minotini tiklash hamda kuchli shamol oqibatida yetkazilgan zarar oqibatlarini bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.

«O‘zbekneftgaz»AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid