Jamiyat | 10:42 / 19.06.2020
79150
10 daqiqa o‘qiladi

G‘ijduvonda janjal yuz berdi: voqeaga aloqadorlar va IIB xodimining xatti-harakati baholanmoqda

Kun.uz’ga Buxoro viloyatidan kelgan murojaatga ko‘ra, 29 may kuni G‘ijduvon tumanidagi paxta tozalash zavodi oldida janjal bo‘lgan. Ma'lum qilinishicha, voqeaga bevosita guvoh bo‘lgan profilaktika inspektori muammoni bartaraf etmagan. Aksincha, turli vaqtlarda ikki fuqaroning qo‘lini qayirib, ular kaltaklanishiga sharoit yaratganidan norozilik bildirilgan.

Sayt muxbiri vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida tuman IIB, prokuratura hamda mojaro ishtirokchilari bilan ham suhbatlashdi.

Qayd etish kerakki, ikki tomon o‘sha kuni paxta tozalash zavodi oldida tasodifan paydo bo‘lib qolmagan. Ziddiyat ildizi biroz chuqur.

Tuman hokimligining sobiq huquqshunosi Baxtiyor Halimovning fermer Murod Oripov bilan kelishmovchiligi u hokimiyatda ishlab yurgan vaqtlardan boshlangan. Vaziyat shu darajagacha yetib borganki, huquqshunos vazifasidan ozod etilgandan so‘ng ham ular bir necha marta ko‘cha-ko‘yda tortishib qolishgan. Halimovning aytishicha, 29 may kuni o‘ziga tegishli korxona muhrini Murod olib qo‘yadi. O‘sha kuni tushlikdan keyin ularning paxta tozalash zavodi oldidagi uchrashuvi muhrni qaytarib olish va murosa qilish maqsadida kelishilgandi.

Paxta tozalash zavodi oldida vaziyat boshqacha tus ola boshlagach, B.Halimov avvaliga IIBga tegishli «102» raqamiga qo‘ng‘iroq qilgan. Uning IIBga murojaatiga asosan hudud profilaktika inspektori O.Nekov aloqaga chiqqan vaqtda, Baxtiyor hammasi joyidaligi, chaqiruvni bekor qilishni so‘raydi.

Ammo masala osonlikcha hal bo‘lmaydi.

 

Baxtiyor Halimovning aytishicha, zavod oldiga Murod Oripov otasi bilan birga keladi. O‘sha vaqtda IIB xodimi – «Sadriddin Ayniy» MFY profilaktika inspektori, leytenant Rustam Muhiddinov ham paydo bo‘ladi. Baxtiyor IIB xodimiga «Ketishingiz mumkin, men chaqiruvni bekor qildim, o‘zimiz kelishib olamiz», deydi. Chaqiruvni bekor qilganini isbotlash uchun dastlab aloqaga chiqqan profilaktika inspektori O.Nekov bilan Rustam Muhiddinovni telefon orqali suhbatlashtiradi. Ammo profilaktika inspektori ketishga shoshilmaydi.

Buni qarangki, qisqa fursatlarda profilaktika inspektori R.Muhiddinovning ko‘z oldida janjal boshlanadi. Dastlab Murod Baxtiyorning yuziga musht tushiradi. Murodning qishloqdoshlari ham shu joyda paydo bo‘lib, Baxtiyorni kaltaklaydi. O‘z navbatida, janjalga Baxtiyorning amakivachchalari Shahboz Rajabov va Murod Sanoyev ham aralashadi. Ikki tomon ham bir-biriga zarar yetkazadi.

Masala shundaki, bizga taqdim etilgan videoda profilaktika inspektori Rustam Muhiddinov Shahboz Rajabovning qo‘lidan tutib turgan. Ammo o‘sha yerda bo‘lgan uch yigit Shahbozni tepkilashiga qarshilik qilmagan. Murojaatchilarning fikricha, IIB xodimi atay qishloqdoshi Murod Oripov tomonga yordam berish maqsadida shu joyga kelgan.

Vaziyatni tinchitishga kelgan inspektorning janjaldagi ishtiroki yuzasidan tuman IIBda u bilan suhbatlashdik.

«29 may kuni soat 15:27da navbatchilik qismidan menga telefon orqali paxta zavod oldida janjal bo‘layotgani haqida xabar berildi. O‘sha vaqtda mahalla profilaktika inspektori boshqa joydaligi va men hududga yaqinda bo‘lganim uchun yetib bordim. U yerdagilardan so‘raganimda, janjal allaqachon bo‘lib o‘tgani haqida ma'lum qilishdi. Mendan uch-to‘rt metr narida B.Halimov va Murodning otasi suhbatlashdi. Nima haqida gaplashganidan xabarim yo‘q. Shu vaqt to‘satdan Murod Baxtiyorga musht tushirdi. Baxtiyor ham javob qaytargach, ularni ajratishga harakat qildim.

Janjalga Murodning qishloqdoshlari va Baxtiyorning jiyanlari ham aralashdi. O‘sha vaqtda men Baxtiyorning jiyanini (Shahboz) olib chiqmaganimda, uni urib mayib qilishlari mumkin edi. Uning qo‘lini qayirganim yo‘q, jinoyatchilikning oldini olishga harakat qildim. Bir qo‘lim bilan uni tutib, ikkinchi qo‘limda naryad chaqirdim. Keyin zavod laboratoriyasiga kiritib qo‘ydim», deya tushuntirish berdi profilaktika inspektori R.Muhiddinov.

U o‘z mahalladoshlari bo‘lmish Murod va uning otasini tanimasligini bildirdi.

Shu o‘rinda Murod Oripov nima sababdan Baxtiyor Halimov bilan o‘zaro adovatda bo‘lib kelayotganiga qiziqdik.

 

Uning aytishicha, o‘zining mahallasidagi tashlandiq yerda maktabgacha ta'lim muassasasi qurmoqchi bo‘lgan. 2019 yilning sentabr oylarida tuman hokimining og‘zaki topshirig‘i bilan ishni boshlab yuborgan. Bu kabi yerlar auksion orqali olinishini bilgach, hokimlikning sobiq huquqshunosi Baxtiyor Halimov bilan bog‘langan.

Uning aytishicha, huquqshunos buning evaziga pul talab qilgan. Bu holat bo‘yicha B.Halimovning aybi isbotlanmagan bo‘lsa-da, ikkalasi ziddiyatga borib qolgan.

«Otamga telefon qilib, meni o‘ldirish bilan tahdid qilganidan so‘ng zavod oldiga bordik. Holat bunaqa bo‘lib ketishini istamagandim. Garchi 29 may kuni tushlikdan keyin zavod oldidagi janjalda birinchi bo‘lib men qo‘l ko‘targan bo‘lsam-da, u ham javob qaytardi. Baxtiyorning jiyani Shahbozga adovatim yo‘qligini aytdim, aralashmasligini so‘radim. O‘zlari past ketishni istamadi. To‘polonda ular qatori mening ishchilarim ham jarohatlandi», — deydi M.Oripov.

Buxoro viloyati IIB axborot xizmati ushbu holat nazoratga olingani to‘g‘risida ma'lum qildi (IIB axborot xizmati ma'lumotida ism-familiyalar yashirilgan, lekin xabarda kimlar haqida so‘z borayotganini anglash mumkin — tahr).

«2020 yil 29 may kuni soat 15:50larda G‘ijduvon tumani «Soktare» MFY Sadriddin Ayniy qishlog‘ida yashovchilar, 1995 yilda tug‘ilgan fuqaro M.O., 1972 yilda tug‘ilgan fuqaro M.H., 1997 yilda tug‘ilgan B.Sh, 1992 yilda tug‘ilgan B.Sh. lar oldindan jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lib, jamoat joyi hisoblangan «Pozagari» MFY hududida joylashgan «G‘ijduvon paxta tozalash» AJ oldida jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan janjal ko‘targan. Ular G‘ijduvon tumani «Buktaroy» MFYda yashovchi, 1985 yilda tug‘ilgan B.H. bilan janjallashib, unga yengil tan jarohati yetkazgan. Mazkur bezorilikning oldini olish uchun kelgan «Buktaroy» MFYda yashovchilar, 1998 yilda tug‘ilgan Sh.R. hamda 2000 yilda tug‘ilgan M.S.ning turli joylariga qo‘llari bilan qasddan bir necha marta urib, o‘rtacha og‘ir shikast yetkazib, bezorilik jinoyatini sodir qilganliklari aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan G‘ijduvon tuman IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 277-modda 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda», deyiladi Buxoro viloyati IIB axborot xizmati xabarida.

Shundan so‘ng G‘ijduvon tuman prokuraturasi tergovchisi Sobir Odilov bilan telefon orqali bog‘landik. U profilaktika inspektori R.Muhiddinovning ustidan murojaat bo‘lgani va hozirgi vaqtda tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilayotganini ma'lum qildi. Tergov yakunlangandan so‘ng, ma'lumot taqdim eta olishini bildirdi.

Aytish mumkinki, jabrlanganlar Baxtiyor Halimov, Shahboz Rajabov va Murod Sanoyevning advokati tuman prokuraturasiga iltimosnoma kiritgan. Advokat tuman prokuroridan bir qancha holatlarga e'tibor qaratishni so‘ragan.

Xususan, paxta tozalash zavodida o‘rnatilgan barcha kameralarning 2020 yil 29 may kunidagi tasvirlarini o‘rganib, protsessual tartibda rasmiylashtirish iltimos qilingan. Shuningdek, IIB xodimi R.Muhiddinov Sh.Rajabovning qo‘lini orqaga qayirib, xona oldiga olib kelib, boshiga urgani holatlarini chuqur va sinchkovlik bilan o‘rganish, R.Muhiddinov bilan profilaktika inspektori O.Nekovning telefon orqali suhbati mazmuni, R.Muhiddinov bilan M.Oripov va uning otasi munosabatlarini aniqlash, B.Halimov tomonidan tuman IIB navbatchilik qismida, tuman IIO FMB ning 1-son IIB hamda tuman IIO FMB ning 2-son IIBda mavjud «xabarlarni ro‘yxatga olish» kitoblarining barchasida B.Halimov tomonidan berilgan xabar qayd etilganini ko‘zdan kechirish, IIB xodimi R.Muhiddinov tan jarohati olgan Shahboz Rajabovga tibbiy yordam ko‘rsatmagani, sog‘ligi xavf ostida qolgan va o‘zini o‘zi himoya qilish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan shaxsga yordam bermasdan tashlab ketganligiga huquqiy baho berish kabi bir qator holatlarni e'tiborga olish so‘ralgan.

G‘ijduvondagi ushbu holat yuzasidan huquq-tartibot idoralari tergov va surishtiruv harakatlarini olib borayotgani, ushbu jarayonlarga ta'sir qilmaslik nuqtayi nazaridan qandaydir fikr aytishga harakat qilmadik. Hech bir tomonga yon bosmagan holda vaziyatga obektiv qarashga intildik.

Kun.uz vaziyatni sinchkovlik bilan kuzatadi, holatga doir surishtiruvlarni davom ettiradi. Tergov va surishtiruv harakatlari yakunlangach, mavzuga yana qaytadi.

Isomiddin PO‘LATOV, Anvar MUSTAFOQULOV,
Kun.uz muxbirlari.

Mavzuga oid