Davlat rahbari so‘nggi yillarda viloyat iqtisodiyoti 1,5 barobar o‘sib, 53 trillion so‘mdan oshgan, aholi jon boshiga 26 million so‘mga yetganini ma’lum qildi.
– Iqtisodiyotni izchil rivojlantirib, yana ish joylari ochish, yoshlarni bilimli va kasbli qilish bo‘yicha hali ko‘p ishlash kerak. «Oyog‘imiz ostida» imkoniyatlar turibdi. Ulardan foydalanib, 544 ta mahalladagi 2 milliondan ziyod aholining sharoitini yanada yaxshilash zarur. Buning uchun har bir tizim har kuni mehnat qilishi, izlanishi kerak, dedi Mirziyoyev.

Yig‘ilishda ishsiz, kam daromadli va chet elda qiynalgan odamlarga munosib sharoit yaratib, ishli qilish hokimlar va sektor rahbarlari uchun strategik vazifa ekani ta’kidlandi. Shu bois Buxoroda bu yil kichik biznesga 5,9 trillion so‘mga qo‘shimcha yana 2,1 trillion so‘m kredit berilishi aytildi. Buxorodagi kichik biznes, turizm va servis uchun yana 100 million dollar alohida ajratiladi. Bular orqali iyun-dekabr oylarida 78 ming aholi bandligini ta’minlash mumkin.
Qayd qilinishicha, odamlarni ishli qiladigan katta imkoniyat sanoat zonalarida. Kogon tumanida ming gektarda yirik sanoat majmuasi barpo etilmoqda. Birinchi bosqichda 300 million dollarlik loyiha amalga oshiriladi. Bu viloyat iqtisodiyotiga yiliga 250 million dollar qo‘shilgan qiymat, 2 mingta ish o‘rni, 250 milliard so‘m soliq tushumi va 100 million dollar eksport beradi.

Elektr texnikasi tarmog‘ida bu yil Buxoro shahri va Qorovulbozorda 50 million dollarlik 3 ta yirik quvvat ishga tushadi. Temir-beton mahsulotlari chiqaradigan zavod quriladi. Buxoroning tarixiy qismida zargarlik markazi tashkil etiladi.
Investitsiya loyihalari infratuzilmasiga 200 milliard so‘m ajratilishi belgilandi. Natijada 405 million dollarlik 5 ta loyihaning ishga tushishi tezlashadi.
Viloyat sanoat korxonalarining kooperatsiya xaridlaridagi o‘rni kamligi ko‘rsatib o‘tildi. Mutasaddilarga ishlab chiqaruvchilarning davlat xarididagi ishtirokini kengaytirish bo‘yicha topshiriq berildi. Shu maqsadda Kooperatsiya portalida haqiqiy ishlab chiqaruvchilar qatnashadigan tartib qilinib, korxonalar reyestri va yillik quvvati yangilab boriladi.










