O‘zbekiston | 22:51 / 29.04.2020
45310
2 daqiqa o‘qiladi

«Karantindan chiqishda odamlarga madaniyat bilan muomala qilish kerak» - Prezident IIV, Milliy gvardiya va «GAI» xodimlariga talab qo‘ydi

Prezident Shavkat Mirziyoyev pandemiya davrida aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta'minlash va narx-navo barqarorligini saqlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi vaqtida karantin cheklovlarini yengillashtirish bo‘yicha dastlabki choralarni ma'lum qildi.

Unga ko‘ra, shahar va tumanlardagi ko‘p qavatli uylarning ichki hovli va hududlarida ota-onalar hamrohligida bolalarini sayr qildirishga ruxsat beriladi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga viloyatlararo va shaharlararo qatnovlarni amalga oshirishga ruxsat beriladi.

Shuningdek, fuqarolar tomonidan shaxsiy avtotransportdan foydalanishga cheklovlar ham sekin-asta yumshatib boriladi.

Respublika komissiyasi tegishli cheklovlar o‘rnatilgan hududlarda aholi tomonidan ertalab soat 07:00dan 10:00gacha hamda kechqurun 17:00 dan 20:00gacha shaxsiy avtomashinalardan foydalanishga ruxsat berilishini ta'minlaydi.

Prezident Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyaga ushbu topshiriq ijrosini so‘zsiz ta'minlash chorasini ko‘rishga ko‘rsatma berdi.

«GAI xodimlari ham, ichki ishlar xodimlari ham, Milliy gvardiya xodimlari ham... bilaman, charchagan ular ham, lekin bu masalaga oqilona yondashish, vaziyatdan kelib chiqqan holda, har bir odam bilan «Siz» deb gaplashish kerak. 

Sekin shu karantindan chiqib ketishimizda, sizlar ham juda katta madaniyat bilan ularga munosabat bildirishlaring talab etiladi. Albatta, talabning ichida madaniyat ham bo‘lishi kerak.

Odamlarning shaxsiga tegmasdan tushuntirish ishlarini kuchaytirib, madaniyatni ham ko‘paytirsak, o‘ylaymanki, bu to‘g‘ri bo‘ladi», degan prezident.

Qayd etish kerakki, ayni vaqtda cheklov choralari yumshatilishi qachondan amal qilishi hozircha ma'lum emas, ya'ni bu aynan 30 apreldan boshlanishi rasman e'lon qilinmadi.

Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov aniq sana Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan belgilanishini eslatib o‘tgan.

Mavzuga oid