O‘zbekiston | 20:17 / 27.12.2024
3030
2 daqiqa o‘qiladi

Uchta viloyatda «bulutli» ma’lumotlar markazi ishga tushiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 dekabr kuni sun’iy intellekt texnologiyalarini hamda telekommunikatsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha rejalar taqdimoti bilan tanishdi.

Taqdimotda 2025 yilga mo‘ljallangan rejalar haqida axborot berildi. Jumladan, Buxoro, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida «bulutli» ma’lumotlar markazi ishga tushiriladi. Startaplarga sharoit yaratish uchun Toshkent axborot texnologiyalari va Inxa universitetlarida sun’iy intellekt bo‘yicha laboratoriyalar ochiladi. Davlat idoralarining 3 ming nafar xodimi, hokimlar va o‘rinbosarlarining bu borada malakasi oshiriladi.

Mutasaddilarga sun’iy intellekt asosida ishlaydigan loyihalar sonini 100 taga, dasturiy mahsulotlar va xizmatlar hajmini 50 million dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

“O‘zbektelekom” kompaniyasiga kelgusi yil boshqaruvni to‘liq raqamlashtirib, xarajatlarni iqtisod qilish, ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv tamoyillarini joriy etib, xalqaro reytingni olish zarurligi ta’kidlandi.

“O‘zbekiston pochtasi” tizimida kelasi yil 1 ming 600 ta pochta bo‘linmasida elektron tijorat mahsulotlarini topshirish yo‘lga qo‘yiladi. Raqamli saralash markazi ochilib, bunday tovarlar va pochta jo‘natmalariga ishlov berish sifati yaxshilanadi. Bu maqsadlar uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankidan mablag‘ jalb qilinadi.

Barcha tarmoq va hududlar kesimida raqamlashtirish bo‘yicha ikki yillik dastur ishlab chiqilishi belgilandi. Jumladan, kelgusi yilda 6 mingta yangi tayanch stansiya quriladi. 30 ming kilometr optik tolali kabellar tortilib, qamrovi 98 foiz bo‘ladi. Soha eksportini 1,2 milliard dollarga yetkazish choralari ko‘riladi.

Taqdimotda sun’iy intellektga doir qonuniy asoslarni yaratish, raqamli texnologiyalar sohasida ta’limni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Mavzuga oid