10:30 / 04.05.2016
54512

Oxunjon Madaliyevning biz bilmagan olami 

U bugun oramizda yo‘q bo‘lsa-da,  “Seni bugun ko‘rmasam bo‘lmas”, “Ona”, “Yolg‘izim”, “G‘amzalaring”, “Ketmadi yor”, “Seni bu”, “Unutmoq osonmas”, “Yonimga kel yorim”, “Dilda so‘zim qoldi”, “Kelinchak”, “Sizdan uzr” kabi dilkash qo‘shiqlari bilan hamon muxlislar xotirasida yashab kelayotgan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, “Shuhrat” medali sohibi Oxunjon Madaliyev hamon qalblarimizda barhayot yashab kelmoqda. 

“Dadam san'atkor bo‘lishimni istamagan!”

Qilichbek Madaliyev: (o‘g‘li) — Ilgari hozirgidek ofislar yo‘q edi. Dadam va musiqachilar uyimizda to‘planib ijod qilishar, men ularni  biroz tomosha qilib, yana o‘yinga chalg‘ib ketardim. Demoqchi bo‘lganim, menda san'atga bo‘lgan qiziqish o‘sha paytda uyg‘ongan bo‘lsa-da, biror marta qo‘limga mikrofonni ushlab, qo‘shiq aytishga harakat qilmagan ekanman.

“— Katta bo‘lganimda  prokuror bo‘laman”, — desam dadam xursand bo‘lib ketardilar. Keyin bilsam, dadam mening san'atkor bo‘lishimni istamagan ekanlar. Sababi, o‘zlari san'atkor bo‘lganlari bois, uyda juda kam bo‘lar, biz dadamni haftalab ko‘rmasdik. Ba'zida xizmatdan yarim tunda kelar, bizni uxlab yotgan joyimizdan: o‘g‘lim yuring, bu kecha mening yonimda uxlang deb uyg‘otib olib chiqib ketardilar. Menga bir hafta davomida nima bilan band bo‘lganliklarini erinmasdan so‘zlab berardilar. “Endi o‘g‘lim, siz gapirib bering”, — deya keyin mendan bir hafta ichida nimalar bilan band bo‘lganimni hafsala bilan tinglardilar. Juda kamgap va kamtar inson edilar. Ota bo‘lib biror marta bizni chertmaganlar. Yoki uyda hech birimizga baland ovozda gapirmaganlar. Dadamning olamdan o‘tganliklarini bilib, o‘zimga kelolmaganman.

Bugun esa konsertlarda, to‘y xizmatlarida dadam xalq orasidan meni kuzatib turishini, ijodimni, muxlislarning olqishini ko‘rib xursand bo‘lishini istayman. Ammo bu menga armon bo‘lib qoldi...

“Eshikni qoqishsa, Oxun keldimi, deyman...”

Abdug‘affor Davronov (sinfdoshi): — Do‘stim Oxunjon Madaliyev hayotda juda kamtar va samimiy inson edi. Bolaligida ham mehribon, saxiy va odamoxun bo‘lgan.  Maktabda turli tadbirlarda qo‘shiq kuylar, rasm chizishga bo‘lgan qobiliyati bilan ham hammani qoyil qoldirardi.

Hind kinofilmlari, plastinkalarga yozilgan teatr spektakllaridagi dialoglarin boshidan oxirigacha yodlab, Oxun bilan birga rol o‘ynar, ko‘pchilikning diqqatini tortishga harakat qilardik. Men uchun Oxunjon hali tirik. Kimdir eshik qoqsa  yoki uyim yonidan biror mashina signal chalib o‘tsa, xuddi Oxunjon ilgarigidek meni so‘rab kelgandek tuyulaveradi.

Tirik bo‘la turib, hayotda o‘rnini topolmagan insonlar bo‘ladi. Ammo do‘stim Oxunjon olamdan o‘tgan bo‘lsa-da, u hamon o‘z qo‘shiqlari bilan xalq orasida, muxlislari xonadonlarida yashab kelyapti.

Xonandaning vafotiga kim sababchi?

Sherali Madaliyev (ukasi): — Bu haqda turli shov-shuvlar hozirgacha davom etib kelyapti. Go‘yo akamning o‘limiga kimdir sababchi bo‘lgan yoki joniga suiqasd qilishgan.

Agar xabaringiz bo‘lsa, mamlakatimiz mustaqillikka erishmasidan oldin, adashmasam 80-yillar oxirida san'atkorlar juda sanoqli edi. Bugun-chi?..

Bizni to‘yga chaqirishganida, agar u-bu narsa bo‘lib, bora olmaydigan bo‘lib qolsak, kelib shunaqa qistashar ediki, oxiri borishga to‘g‘ri kelardi.

“Men to‘yga niyat qilganman, bormasalar sharmanda bo‘laman. Buni esa men xohlamayman”, deb turib olar edi. Keyin, akam  ham bir so‘zli yigit bo‘lib, hech kimning ra'yini qaytarmasdi.

Kechayu kunduz to‘yda xizmat qilishi, olis yo‘llarda yurishi, turli tashvishlar uni ich-ichidan siqib kelardi. Buni men sezardim, biroq u sog‘lig‘i haqida ochiq gapirmas edi. Xuddi mana shu tashvishli kunlar uni charchatib qo‘ydi. 

Ayniqsa, 1987-1994 yillar Oxunjon akam uchun juda mashaqqatli davr bo‘ldi. 2000 yilning 29 iyun kunida birdan navbatdagi infarkt xuruji yuz berdi. Oradan ancha vaqt o‘tdi, “Hammasi iziga tushdi-ku”, deb, shifokorga uchrab davolanmadi ham.

Uni muxlislari hamisha sahnada sog‘inishar, undan faqat yangi qo‘shiq, yangi konsertni intizorlik bilan kutishar edi. Oxunjon esa ijodga butun borlig‘ini berib, o‘z sog‘lig‘iga e'tibor bermay yurdi. Oqibatda...

Orzularimiz armonga aylandi

Habiba Madaliyeva (turmush o‘rtog‘i): — Rahmatli turmush o‘rtog‘im Oxunjon Madaliyev ijod jarayonida o‘z ustida tinimsiz izlanardi. Bundan tashqari, xalq xizmatlari, konsert dasturlari bilan band bo‘lishiga qaramay, albatta, oilaga ham vaqt ajratishga harakat qilardi. Ayniqsa, farzandlar tarbiyasiga jiddiy e'tibor berar, mehribon va chiroyli inson edi. Oilada biror marta janjallashib, “sen-men”ga bormaganmiz.

Hammaga yaxshi munosabatda bo‘lar, aniqrog‘i, u kishining mehri hammaga birdek yetardi.  Biz kelajagimiz, oilamiz, farzandlarimizning kelajagi haqida birgalikda orzu havaslar qilardik. Rahmatli xo‘jayinim farzandlarimizni qayerda o‘qitish, qizlarni qanday insonlarga turmushga berish haqida yaxshi niyat qilardi. “Qizlarimizni o‘qitmaymiz. Ularni yaxshi insonlarga turmushga bersak, baxtidan tinchib ketishsin”, — derdilar. Ana shu birgalikdagi chiroyli tuzgan rejalarimiz, orzularimiz armonga aylandi...

Insoniyligi uchun hurmat qilardik...

G‘iyos Boytoyev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist (hamkasb do‘sti): — Oxunjon Madaliyev  bilan biz yoshligimizdan do‘st edik. Davralarda san'atkorlardan men, rahmatli Muhriddin Holiqov, Nuriddin Haydarov, Qilich aka va Oxunjon Madaliyev birga yig‘ilib turardik. Bir-birimizdan maslahat so‘rar, qayerga bo‘lsa birga borardik.

Oxunjon bizdan uch yosh kichik bo‘lishiga qaramasdan uni insoniylik fazilatlari uchun ham alohida hurmat qilar edik. Ilgari “Hamma ko‘rishi shart emas” degan teledastur bo‘lar edi. Ushbu teledastur Chimyon tog‘larida suratga olinganida bir-birimiz bilan hazillashib qorbo‘ron o‘ynar, osh pishirib, maza qilib o‘tirardik.

Oxunjon nafaqat muxlislari, balki biz do‘stlari xotirasida faqat yaxshi taassurot qoldirib ketdi. 

Metroga tushmagan ekanlar...

Dilshod Rahmonov (shogirdi): — Menga avvalambor ustoz bo‘ladilar. O‘zini kamtar qilib ko‘rsatmas, aslida shunday inson edi. Qo‘shiqlarni sodda va ishonarli qilib yurakdan ijro etar, ovozida o‘ziga yarasha sehr va dard bor edi.

Ilk marotaba qo‘limdan yetaklab televideniyega olib kelgan, meni ilk marotaba teleekranda chiqishimga sababchi bo‘lgan odam ham Oxunjon aka edi. Bir kuni menga: “Men hech metroga tushmaganman. Kel metroga tushamiz”, dedilar. Xo‘p, deb metroga tushdim.

Metrodagi gavjum muxlislar bir pasda ustozni o‘rab olishdi. Dastxatlar berib, muxlislari  bilan xayrlashib chiqqanimizda bir do‘stimiz bizni mashinasida kutib turgan edi. Aksiga olib, mashina yurmay qolsa bo‘ladimi?  Do‘stim bilan birga mashinani ortidan itarib ketarsak, Oxunjon aka ham yugurib kelib, bizga qo‘shilib mashina itarib ketdilar.

O‘sha paytlarda juda mashhur san'atkor bo‘lishiga qaramasdan o‘zini juda oddiy tutar, o‘ta sodda inson edi. Balki shuning uchun ham Xudo yorlaqagan bo‘lsa kerak, rahmatlini. Ayniqsa, menga: “Seni birov ortingdan yomonlasa ham unga yaxshi gapiraver, yaxshilik qilaver. Kun kelib o‘ziga kelib qoladi”, deb ko‘p marotaba takrorlar, o‘zlari  ham shu o‘gitlariga amal qilib, birov yomonlik qilsa ham, faqat yaxshilik ilinadigan inson edilar.

Hozir uning o‘g‘li Qilichbek Madaliyev ham xuddi shunaqa, dadasiga o‘xshagan samimiy yigit bo‘lib ulg‘aygan. Ustozning o‘gitlari, maslahatlari biz shogirdlari bilan qoldi... 

So‘ngso‘z o‘rnida...

Soyaman ortingdan ergashgan,
Yostiqman, tunlari dardlashgan,
Tushingman o‘ngingga almashgan.
Unutmoq osonmas bizlarni...

Xonanda ushbu qo‘shiqni kuylayotib, bu dunyoni erta tark etishini sezgandek go‘yo... Darhaqiqat, bu qo‘shiqni, uning tanti ijrochisini ham unutib bo‘lmaydi. Guvohi bo‘lganingizdek, rahmatli ustoz san'atkor haqida yuqorida faqat samimiy fikrlar bildirildi. Ana shu fikrlarning qay darajada haqiqatga yaqin ekanligini bilish uchun esa Oxunjon Madaliyev kuylab qoldirgan qo‘shiqlarni tinglash kifoya. Zero do‘stlari aytganidek, Oxunjon Madaliyev  tirik va u hamon qalblarimizda yashab kelmoqda!

Qisqacha ma'lumot: 

- Oxunjon Madaliyev 1963 yilda Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani,  Yangiarab qishlog‘ida tavallud topgan. 
- Ma'lumoti oliy. Farg‘ona Davlat Universitetining musiqa fakultetini tamomlagan.  
- “Kamolot” 89 ko‘rik tanlovida ilk marotaba katta sahnaga chiqib “Ko‘nglimda bir yor” qo‘shig‘ini ijro etgan. 
- “Kelinchak”, “Xatolaring kerak ularga”, “Unutmoq osonmas bizlarni”, “Odamiylik o‘lmasin”, “Seni bugun ko‘rmasam bo‘lmas”, “Otajon”, “Tog‘ lolasi”, “Alam”, “Yetadi”, “Olib ketgani keldim”, “Yetardi”, “Seni hech kim sevolmaydi meningdek”, “Senga kera bo‘laman o‘zim”, “osmonimiz tiniq bo‘lsin”, “Gul yuzida xoli bor”, “Ko‘nglimda bir yor”, “Sen ham ado”, “Nega o‘zing kelmaysan yo‘qlab?”, “Dunyosan”,  “Firoqingda”, “Baribir”, “Yolg‘izim”, “Bildim”, “Yaralgan bilsang”, “Olmazorda”, “o‘lib qolaman”, “Qaddingdan”, “Onam”, “Yetmadi”, “Yuragimda dog‘ joy bor”, “Bu turfa gullar”, “Chaman yig‘lar”, “Yolg‘iz ayol”, “Sevaman deb aldab qo‘ygin”, “Zo‘r bo‘ling”,  “Armonim”, “Javohirim”, “Osmonimiz tiniq bo‘lsin”, “Shoximardon tog‘lariga”, “Dadam yo‘q”.

•  Oxunjon Madaliyev Nusratovich 1963 yil 21 may sanasida Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani, Yangiarab qishlog‘ida duradgor Usta Nusrat oilasida dunyoga kelgan. 
•  1980 yilda o‘rta maktabni tamomlab, 1981 yilda hujjatlarini Farg‘ona Davlat Pedagogika institutining musiqa fakultetiga  topshirgan. 
•  1985 yilda institutni muvaffaqiyatli tamomlab, yo‘llanma bilan Oltiariq tumanidagi 26-sonli o‘rta maktabda ashula fani o‘qituvchisi bo‘lib ishladi.
•  Keyinchalik Hunar texnika bilim yurtida, bir oz vaqt o‘tib, Farg‘ona Davlat filarmoniyasida yakkaxon solist sifatida faoliyat yurgizgan.
•  1989 yili Toshkent shahrida “Kamolot 89”  ko‘rik tanlovida g‘olib bo‘lib, bo‘lib, shu yilning dekabr oyida Xalqlar do‘stligi saroyida ilk yakkaxon konsert dasturini taqdim etgan. Keyinchalik xonanda Tojikiston, Qirg‘iziston,  Qozog‘iston va Turkmaniston Respublikalarida konsert bergan.  
•  Qo‘shiqchilik san'atiga qo‘shgan munosib hissasi uchun Oxunjon Madaliyev 1997 yil, 26 avgustda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan  "Shuhrat" medali bilan taqdirlangan.  
•  1999 yil 25 avgustda "O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist" unvoniga sazovor bo‘lgan.  
•  1983 yilda "Ziyodam" deb nomlangan ilk qo‘shiqlar albomini yaratgan.  Keyinchalik  "Seni asrasin",  "Kimligini aytmayman", "Sendadir xayolim", "Yulduzim", Navbahor",  "Javohirim", "O‘zbeklarim", “Yolg‘iz ayol”,  “Sog‘inch",  “Yoshligim", "Unutmoq osonmas bizlarni" kabi musiqiy albomlarni muxlislarga taqdim etgan.

Mohichehra Eshmirzayeva

Top