Jahon | 12:44 / 22.05.2016
10027
6 daqiqa o‘qiladi

NYT: Halokatga uchragan A320 samolyoti bortiga tahdidona so‘zlar bitilgandi

EgyptAir aviakompaniyasining 19 may kuni O‘rta Yer dengizida halokatga uchragan A320 samolyoti bortining tashqi qismiga "Musulmon birodarlar" terroristik guruhi a'zolari 2 yil avval tahdidona so‘zlar bitishgandi. Bu haqda The New York Times gazetasining elektron versiyasida ma'lum qilingan.

Xabarda yozilishicha, o‘shanda aeroportning "Musulmon birodarlar" tashkilotiga a'zo bo‘lgan xodimlari tomonidan bortga arab tilida "Biz bu samolyotni qulatamiz" deya yozib qo‘yilgandi.

Aeroport qo‘riqchilari bo‘lgan bu xodimlar Misrdagi 2013 yilgi siyosiy talato‘plar vaqtida Muhammad Mursiyning hokimiyatdan chetlatilishi vaqtida uning tarafdori bo‘lishgan.

Bu voqeadan keyin EgyptAir aviakompaniyasi terrorchi tashkilot a'zosi ekani aniqlangan bir qator xodimlarini ishdan bo‘shatgan. Bunday holat boshqa aviakompaniyalarda ham ro‘y bergan.

Nashr xabarida yozilishicha, EgyptAir aviakompaniyasining har bir reysida xavfsizlikni ta'minlash maqsadida 2 nafardan qo‘riqchi uchgan. Halokatga uchragan A320 bortida esa bunday xodimlar soni 3 nafar edi. Bu safar xavfsizlik me'yorlari kuchaytirilgani sababiga aniqlik kiritilmagan.

Eslatib o‘tamiz, MS804 reysi bilan Parijdan Qohiraga uchayotgan EgyptAir aviakompaniyasining Airbus A320 samolyoti 19 may tongida O‘rta Yer dengizi ustida radarlardan g‘oyib bo‘lgan edi. Uning bortida 66 kishi bo‘lgan. Keyinroq dengizdan samolyot bo‘laklari topildi.

Musulmon birodarlar tashkiloti. Dose

Musulmon birodarlar tashkiloti - ("al-Ixvon al-muslimun") — diniy- siyosiy tashkilot. 1928 yili Misrning Ismoiliya shahrida 22 yoshli o‘qituvchi, keyinchalik shayx Hasan al-Banno (1906—1949) tomonidan tuzilgan. Uning siyosiy qarashlari Muhammad al-G‘azzoliy, Muhammad Abdu, Jamoliddin al-Afg‘oniy, Rashid Rizo kabi panislomiy modernistlarning ta'sirida shakllangan. U islomning sunniylik oqimi ta'limotidan chetga chiqmagan holda "jihod", "islomiy milliyatchilik", "islomiy davlat" konsepsiyalarini ishlab chiqqan. Sayyid Qutb, Mustafo as-Siboi tashkilotning taniqli mafkurachilari bo‘lgan. Sayyid Qutbning "Islomda ijtimoiy adolat" asari uyushma ta'limotining shakllanishiga katta ta'sir ko‘rsatdi. Tashkilotning maqsadi musulmon o‘lkalarda "islomiy adolat" tamoyillariga asoslangan jamiyat barpo etishdan iborat. Bunga esa "islomiy taraqqiyot yo‘li" bilangina erishish mumkin. "Musulmon birodarlar" mafkurasining g‘oyaviy asosini "islom faqatgina diniy e'tiqod bo‘lmasdan, balki mukammal dunyoqarash hamda ijtimoiy tuzumdir", degan aqida tashkil etadi. "Musulmon birodarlar" murakkab tuzilmali, harbiylashgan bo‘limlarni o‘z ichiga olgan. Misrdan boshqa mamlakatlar (Suriya va Livan)da ham bo‘limlari bor. Uning faoliyati keng ijtimoiy qatlamlarni qamrab olgan bo‘lsada, tashkilot a'zolari talaba-yoshlarni o‘zlarining asosiy zarbdor kuchi deb hisoblagan. 

"Musulmon birodarlar" xayr-ehson qilish va ma'rifatchilik faoliyatidan (1928—1936) to siyosiy hayotda terror metodini keng qo‘llashda faol ishtirok etishgacha bo‘lgan murakkab taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. 1930-yillarning o‘rtalaridan xalifalik shaklidagi "islomiy davlat" qurish g‘oyasi targ‘ibotiga zo‘r bera boshladi. Hasan al-Banno vafotidan so‘ng "Musulmon birodarlar" faoliyati yanada siyosiylashib bordi. Natijada u 3 yo‘nalishga bo‘linib ketdi: "mo‘'tadil birodarlar" (asosan, Hasan al-Banno va Sayyid Qutb izdoshlari); "islomiy demokratlar" "islomiy sotsializm" ta'limotining turli ko‘rinishlari tarafdorlari; harbiylashgan ekstremistik islomiy tashkilotlar ("Katoib Muhammad", "Junud Alloh", "at-Takfir va-l-hijra", "at-Tahrir al-islomiy"). "Hizb ut-tahrir al-islomiy" diniy-siyosiy partiyasi ham shular jumlasiga kiradi.

1954 yili tashkilot a'zolari Misr prezidenti Jamol Abdulnosir hayotiga suiqasd uyushtirdi va taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatiga kiritildi.

"Musulmon birodarlar" uyushmasi bo‘linishi tufayli yagona tashkilot sifatini yo‘qotdi va 1950-yillardan "Musulmon birodarlar" harakati ("al-Ihvoniyya") deb yuritila boshladi. Shu davrdan boshlab "Musulmon birodarlar" harakati ekstremistik faoliyati uchun faqat Misrda emas, balki boshqa davlatlarda ham g‘ayri qonuniy deb e'lon qilindi va man etildi.

"Musulmon birodarlar" harakati Misr, Suriya, Iordaniya va Livanda faoliyat ko‘rsatib, bu mamlakatlardagi siyosiy jarayonlarga katta salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda. "Musulmon birodarlar"ning birinchi jurnali "al-Ihvon al-muslimun" 1933 yildan nashr etila boshlagan. 1980-yillardan boshlab "ad-Da'va" ("Da'vat") jurnali "Musulmon birodarlar"ning asosiy nashriga aylandi.

Tashkilot faollari 2011 yili 30 yil davom etgan Husni Muborak hukumatiga qarshi 18 kunlik norozilik chiqishlari o‘tkazishdi. "25 yanvar inqilobi"dan keyin, 2011 yili 11 fevral kuni noroziliklar shiddat olishi natijasida Muborak mamlakat prezidentligidan iste'fo berdi.

Namoyishchilar vakili Muhammad Mursiy 2012 yili o‘tkazilgan parlament saylovlarida g‘alaba qozongan.