17:58 / 04.04.2017
9796

Iqtisodiyot vazirligi: 2019 yilda qishloq xo‘jaligida 4,6 ming yangi ish o‘rni yaratiladi

4 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligida "Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar va istiqboldagi vazifalar" mavzusidagi  matbuot brifingi o‘tkazildi.

“2017-2018 yillarda meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash va chuqur qayta ishlash quvvatlarini tashkil etishni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi dasturni amalga oshirish meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash hajmining yillik 340 ming tonnaga, sovutgichli sig‘imlar hajmining 164,9 ming tonnaga, tara-qadoqlash mahsulotlari ishlab chiqarish hajmining 32,4 million donaga oshishiga olib keladi. Natijada, 2019 yilda respublikada ishlab chiqariladigan meva-sabzavot mahsulotlari hajmiga nisbatan qayta ishlashning ulushi 24 foizni tashkil etib, 4,6 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.  

Natijada 2017-2021 yillarda qishloq xo‘jaligida oziq-ovqat  mahsulotlari xom ashyosini  ishlab chiqarish o‘rtacha 1,4 barobarga, jumladan meva-sabzavot va uzum – 1,4 barobarga, go‘sht – 1,3 barobarga, sut – 1,5 barobarga ko‘payadi.

Meva-sabzavot mahsulotlari eksporti 2021 yilda 2016 yilga nisbatan 2,3 barobarga, qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlari eksporti hajmi esa 2 barobarga oshishi ta'minlanadi. Shu bilan birga, marketing bo‘yicha izlanishlarni kengaytirish, mahsulotlarni zamonaviy ilg‘or texnologiyalar asosida qadoqlash hamda ishlab chiqarishda ISO 9001, 22000 xalqaro standartlarini joriy etish evaziga mahalliy ishlab chiqaruvchilar raqobatbardoshligini oshirish qat'iy belgilangan chora-tadbirlar asosida amalga oshirib boriladi.

Sohada kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun, qishloq-xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash, logistika va eksport qilish infratuzilmasini yaratish maqsadida tijorat banklari orqali Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki va JICA kabi xalqaro moliya institutlarining 650 million dollar miqdoridagi imtiyozli kreditlarini jalb etish ko‘zda tutilgan. 

Top