Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Farg‘onadagi maktab yarmarkalarida 26 turdagi o‘quv anjomlari savdosi yo‘lga qo‘yildi
O‘zbekistonning barcha joylarida bo‘lgani kabi Farg‘ona viloyatida ham maktab yarmarkalari ish boshladi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Shahar va tumanlarda tashkil etilgan maktab bozori va yarmarkalarda 26 turdagi o‘quv anjomlari savdosi yo‘lga qo‘yildi. O‘quv qurollarining sifati, dizayni o‘quvchi didi va dunyoqarashiga mos, tanlash imkoniyati keng. Yarmarkalarda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan sifatli mahsulotlar arzon narxlarda sotilayotgani ota-onalarni xursand qilmoqda.
– Barcha bozor va savdo majmualarida, tumanlar markazidan uzoqda bo‘lgan 114 umumta'lim maktabida shunday yarmarkalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi, – deydi viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i Zikrillo Teshaboyev. – Ushbu savdo nuqtalari orqali viloyatdagi 916 umumta'lim maktabida tahsil oluvchi 500 mingdan ziyod o‘quvchiga zarur darslik, o‘quv qurollari va kiyim-kechaklar yetkazib berish rejalashtirilgan.
Oltiariq tumanida ham bozor va 1, 2, 13, 17, 20, 23-umumta'lim maktablari hamda kasb-hunar kollejlarida savdo yarmarkalari tashkil etildi. Tuman “Dehqon bozori” mas'uliyati cheklangan jamiyati hududida ochilgan maktab yarmarkasiga o‘ndan ziyod tadbirkor jalb etilib, belgilangan mahsulotlar savdosi yo‘lga qo‘yilgan.