O‘zbekiston | 15:03 / 28.01.2021
13288
3 daqiqa o‘qiladi

Qaysi viloyatlarda tadbirkorlar mulkiga ko‘p tajovuz qilingan?

2020 yilda Biznes-ombudsmanga tadbirkorlik sub'yektlari mulk huquqlarining buzilishi bilan bog‘liq 1 ming 67ta murojaat kelib tushgan. Bundan eng ko‘p buzilgan huquqlar Toshkent viloyati va shahri, Surxondaryo va Qoraqalpog‘iston hissasiga to‘g‘ri keladi.

Biznes-ombudsman bosh inspektori Sherzod Saidov 28 yanvar kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha 2020 yilda bajarilgan ishlar to‘g‘risida axborot berdi, deya xabar qilmoqda Kun.uz muxbiri.

Mutaxassis so‘zlariga ko‘ra, tashkilotga o‘tgan yil davomida tadbirkorlar huquqlari buzilishi bilan bog‘liq 5 mingdan ziyod murojaat kelib tushgan.

«Biznes-ombudsmanga 2020 yilda jami 5 ming 31ta murojaat kelib tushgan. Ularning xususiyatiga ko‘ra tahlil qilinsa, 1 ming 67ta murojaat tadbirkorlik sub'yektlari mulk huquqlarini buzish bilan bog‘liq.

Buning ham bir qancha turlari mavjud, ya'ni shulardan 395tasi yer va bino ajratish, 511ta murojaat yer va binoni olib qo‘yilishi va buzilishi, 161 tasi esa davlat va jamoat ehtiyoji uchun olingan yer maydonlari uchun kompensatsiya to‘lovlarini amalga oshirilmayotganligi masalasidagi murojaatlar sirasiga kiradi.

Ushbu murojaatlarni viloyatlar kesimida tahlil qiladigan bo‘lsak, Toshkent viloyatidan 157ta, Toshkent shahridan 121, Surxondaryodan 103, Qoraqalpog‘istondan 96, Farg‘ona va Samarqanddan 83, Jizzaxdan 77,  Andijondan 60, Xorazmdan 59, Buxoro va Sirdaryodan 56, Namangandan 42, Navoiydan 39, Qashqadaryodan 35ta murojaat kelib tushgan.

Kelib tushgan murojaatlar asosida Biznes-ombudsman tomonidan tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish maqsadida sudlarga da'vo arizalari kiritilgan hamda huquqbuzarlik qilgan shaxslarga nisbatan ma'muriy javobgarlik masalasi bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirilib sudlarga berilgan.

Tadbirkorlik sub'yektlari huquqlarini himoya qilish maqsadida Biznes-ombudsman 2020 yilda jami 179 da'vo arizasi va sudlarga shikoyatlar kiritgan. Shundan iqtisodiy sudlarga 60 milliard so‘m kompensatsiya undirish bo‘yicha 75ta da'vo yoki arizalar kiritilib, sudning hal qiluv qarori chiqarilgan.

Bundan tashqari, 60 ta mas'ul mansabdor shaxslarning qarorlarini noqonuniy topilishi bo‘yicha ma'muriy sudlarga shikoyatlar kiritilgan.

Tadbirkorlik sub'yektlariga nisbatan chiqarilgan 44 ta kassatsiya va nazorat tartibidagi qonuniy kuchga kirgan qarorlar ustidan kassatsiya va nazorat shikoyatlari kiritilib qanoatlantirilishiga erishilgan», – dedi tashkilot rasmiysi.

Avvalroq, Biznes-ombudsman o‘rinbosari Jamshid O‘rinov tashkilotga kelib tushayotgan murojaatlarning beshdan bir qismi tadbirkorlar mulk huquqining buzilishi, yerlar olib qo‘yilishi va ajratishdagi qonunbuzarliklar bilan bog‘liqligini ta'kidlagan edi.

Shuningdek, 2020 yilda tadbirkorlik faoliyatini noqonuniy tekshirgan 328 nafar mansabdor javobgarlikka tortilgani xabar qilingan edi. Shundan 5 nafar mansabdor bilan mehnat shartnomasi bekor qilingani, 150 nafariga intizomiy jazo choralari qo‘llanilgani va 33 nafariga ogohlantirish berilgani bildirilgan.

Eslatib o‘tamiz, 15 yanvar kuni yerni noqonuniy olib qo‘yganlik uchun javobgarlik qonun bilan rasman belgilab qo‘yildi.

Mavzuga oid