21:29 / 28.12.2019
1
12327

2019 yilgi qabul mavsumida kuzatilgan kamchiliklar 2020 yilda takrorlanmaydi - DTM

2019 yilgi oliy ta'lim muasssasalariga qabul mavsumida kuzatilgan salbiy holatlarning oldini olish uchun abituriyentlarga Davlat test markazi rasmiy sayti orqali bevosita ro‘yxatdan o‘tish imkoniyatini taqdim etish bo‘yicha ish olib borilmoqda.

Bu haqda DTM bo‘lim boshlig‘i Ulug‘bek Noraliyev 28 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma'lum qildi.

«2019 yilda bo‘lib o‘tgan qabul jarayonlarida ota-onalar hamda abituriyentlarning e'tirozlariga sabab bo‘lgan ayrim holatlar yuz berdi. Xususan, qabul jarayonining so‘nggi haftasida ulkan navbatlarning vujudga kelgani ijtimoiy tarmoqlarda ham, OAVda ham keng yoritildi.

2020 yildan boshlab mana shunday holatlarning oldini olish maqsadida abituriyentlarning o‘zlariga DTM rasmiy sayti orqali bevosita ro‘yxatdan o‘tish imkoniyatini taqdim etish bo‘yicha ish olib borayapmiz. Bu borada dasturiy ta'minot deyarli yakunlanib bo‘ldi. Saytdan tashqari, qo‘shimcha ravishda mobil ilova ham ishlab chiqilayapti. Ya'ni, abituriyent bemalol telefonidagi ilova orqali ro‘yxatdan o‘tib, o‘zi istagan OTMga hujjat topshirishi va belgilangan kuni test sinovlarida ishtirok etishi mumkin bo‘ladi», deydi Ulug‘bek Noraliyev.

Tadbirda so‘nggi yillarda DTM bilan bog‘liq ko‘plab ijobiy o‘zgarishlar bo‘layotgani, shulardan biri abituriyentlarni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish masalasi ekanligi ta'kidlandi.

Mutasaddilar avvalgi yillarda abituriyent hujjat topshirish, ruxsatnoma olish, test sinovida qatnashish uchun bir necha marta OTMga borishi kerak bo‘lgani, 2019 yildan boshlab ro‘yxatdan o‘tishda ekstraterritoriallik tamoyilini joriy qilingani, natijada abituriyentlarga yashash joyi yoki OTM joylashgan hududdan qat'i nazar, o‘z hududidagi davlat xizmatlari markazlari yoxud o‘ziga yaqin OTMda ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati yaratilganiga alohida urg‘u berishdi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top