Jahon | 18:24 / 18.09.2023
19814
11 daqiqa o‘qiladi

Liviyadagi toshqin nega bu qadar ko‘p odam hayotiga zomin bo‘ldi?

Liviya sharqida ro‘y bergan suv toshqini oqibatida halok bo‘lganlar soni 11 mingdan oshgan, yana 10 mingdan oshiq kishi bedarak ketgan deb hisoblanmoqda. Bu haqda BMT Liviya Qizil Yarim oy jamiyatiga asoslanib xabar bergan.

Foto: AFP

BMT vakillari mamlakat «epik miqyosdagi falokat»ni boshdan kechirayotganini qayd etgan.

Suv toshqinidan eng ko‘p jabrlangan Derna port shahri meri Abdulmenam Al-Gaitining hisob-kitoblariga ko‘ra, Derna daryosining yuqori oqimidagi ikkita to‘g‘on buzilib ketishi oqibatida halok bo‘lganlar soni 20 minggacha yetishi mumkin.

Al-Gaiti «Al-Arabiya» telekanaliga bergan intervyusida u qurbonlarning jasadlarini chiqarib olish bo‘yicha mutaxassislar jamoasiga ehtiyoj sezmoqda.

Qarorgohi Tobruk shahrida bo‘lgan Liviyaning sharqiy qismi hukumatining rasmiy vakili dengizga «muntazam ravishda o‘nlab jasadlar oqib ketgani» haqida aytgan.

BMT suv ifloslanishi bilan bog‘liq kasalliklar tarqalishi ehtimolidan ogohlantirgan.

Liviyaning qarorgohi Tripolida joylashgan ma’muriyati rahbarlari esa halokatli suv toshqiniga olib kelgan ikki to‘g‘on qulashi holati yuzasidan tekshiruv boshlashni talab qilgan.

Dernaning toshqingacha va toshqindan keyingi ko‘rinishi. Foto: MAXAR TECHNOLOGIES VIA REUTERS

Halokatli toshqin

Ekspertlar qurbonlar soni bu qadar ko‘pligi sabablari borasida hozircha ehtiyotkorlik bilan fikr bildirmoqda, ammo amalda deyarli barcha to‘g‘onlar ko‘p yillar mobaynida kerakli holatda saqlanmaganiga e’tibor qaratmoqda. Shu sababli, Liviyaning shimoliy-sharqiy sohillariga «Daniel» bo‘roni yopirilganida, ular o‘z funksiyalarini bajara olmay qolgan.

Dernadagi suv toshqini — iqlim va geografik sharoit bo‘ronni qanday qilib halokatga aylantirishi mumkinligiga yaqqol misoldir.

«Gap mol-mulk va odamlar hayoti yo‘q bo‘lishi haqida ketganda, suv toshqinlari eng halokatli tabiiy ofatdir», — deydi Mayami Universitetida ekologiya va siyosat fanlari professori Ketrin Mach. Ammo ulardan kelib chiqadigan xavf va zarar jiddiy farqlanishi mumkin, u yoki bu joydagi suv toshqini oqibatlari qator omillarga bog‘liq bo‘ladi, deydi u.

Bunday omillardan biri — iqlim. Liviya quruq iqlimga ega va bunday kuchli yog‘ingarchiliklar kamdan kam ro‘y beradi. Liviya Milliy meteorologiya markazi ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan hafta yakshanba kuni Derna atrofida rekord darajada yog‘in tushgan — taxminan 400 mm, holbuki, odatda bu mintaqada butun sentabr oyida jami 1,5 millimetr yog‘in yog‘ardi.

Iqlim o‘zgarishi yog‘ingarchilik kuchayishiga sabab bo‘lmoqda, deydi Mach xonim. Sentyabr oyi boshida xuddi shu «Daniel» dovuli Gretsiya va Turkiyada ham kuchli toshqinlar keltirib chiqargandi.

Qurg‘oqchil hududlarda, qoidaga ko‘ra, yomg‘ir suvi yerga singib ketmasdan, tuproq yuzasida qoladi, bu esa toshqinlarni keltirib chiqaradi. Nisbatan nam hududlarda esa katta miqdordagi suvni shimib oladigan g‘ovakli tuproq toshqinlar yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Derna daryosidagi ikki to‘g‘on joyi

Dernadagi to‘g‘onlar ancha vaqt oldin, yog‘ingarchilik va boshqa omillar uchun hozirga kelib eskirgan standartlar bo‘yicha qurilgan. Erta ogohlantirish tizimi va favqulodda holatlarda reaksiya qilish protokollari ham allaqachon eskirgan bo‘lishi mumkin.

«Agar ularda normal ishlaydigan meteorologiya xizmati bo‘lganida, u ogohlantirish bergan bo‘lardi», — degan Jahon meteorologiya tashkiloti (WMO) bosh kotibi Petteri Taalas.

Taalasning so‘zlariga ko‘ra, WMO avvalroq meteorologiya tizimini isloh qilish uchun Liviya hukumatiga yordam ko‘rsatishga uringan, ammo xodimlar xavfsizligi ta’minlanmagani tufayli bu sa’y-harakatlar muvaffaqiyatsizlikka uchragan.

Ayni vaqtda Iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha hukumatlaroaro ekspertlar guruhi prognozlariga ko‘ra, O‘rta Yer dengizi mintaqasida Liviyani ostin-ustun qilgan «Daniel» kabi  bo‘ronlar kelgusida kamroq bo‘lishi mumkin, ammo ularning halokatli kuchi sezilarli darajada ortadi.

Eskirgan infratuzilma

Ikkinchi omil — to‘g‘onlarning va umuman olganda infratuzilmaning holati.

Derna daryosidagi to‘g‘onlar 1973-77 yillarda Yugoslaviyaning Hidrotehnika-Hidroenergetika kompaniyasi (hozirda Serbiyada) tomonidan qurilgan. Bu atrofdagi dalalarni sug‘orib, Derna va qo‘shni shahar hamda qishloqlarni suv bilan ta’minlashi ko‘zda tutilgan infratuzilmalar tarmog‘ining bir qismi edi. Ikki to‘g‘on ham — uyib hosil qilingan, mos ravishda 75 va 45 metr balandlikka ega, suv saqlash hajmi — 18 va 1,5 mln kub metr bo‘lgan.

Suv o‘tkazmaydigan beton ark yoki kontrfors (g‘isht tirgovuchli) to‘g‘onlardan farqli o‘laroq, uyma dambalar ko‘pincha ekstremal ob-havo sharoitlariga bardosh bera olmasligi tufayli tanqid qilinadi.

Foto: Getty Images

Umar al-Muxtor Universiteti gidrologi Abdulvanis Ashurning 2022 yil noyabr oyida nashr etilgan maqolasida yomg‘irlar mavsumida suv oqimini ushlab turishi kerak bo‘lgan to‘g‘onlar zudlik bilan ta’mirlashga muhtoj ekaniga e’tibor qaratilgandi. U shuningdek Ikkinchi jahon urushidan beri mintaqada ko‘p bor ro‘y bergan suv toshqinlaridan misollar keltirgandi.

«To‘g‘onlarni rejali ravishda ta’mirlash bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rilishi kerak, chunki yirik suv toshqini ro‘y bersa, oqibatlari vodiy va shahar aholisi uchun halokatli bo‘ladi»», — deya yozgandi o‘shanda Ashur.

Derna shahri meri o‘rinbosari Ahmad Madrud «Al-Jazira» muxbiriga aytishicha, to‘g‘onlarga yigirma yildan ortiq vaqt davomida tegishli xizmatlar ko‘rsatilmagan.

«Dambalarga 2002 yildan buyon qaralmagan va ular katta emasdi. Daryo qirg‘og‘idan toshganida  u yo‘lidagi barcha binolarni va ulardagi odamlarni olib ketdi», deydi u.

Khalifa Ihler Institute tinchlikparvar tashkiloti hammuassisi hamda Germaniya global va mintaqaviy tadqiqotlar instituti doktoranti Asma Xalifaning ta’kidlashicha, to‘g‘onlar vayron bo‘lishida hukumatning muammoga e’tiborsizligi va Liviyadagi siyosiy ziddiyatlar katta rol o‘ynagan.

Xalifaning so‘zlariga ko‘ra, Qazzofiy 1969 yilda hokimiyatni egallaganidan keyin Liviyaning sharqiy hududlari investitsiyadan mahrum bo‘lgan. Mamlakat sharqidagilar polkovnikni yoqtirishmasdi, jumladan, u o‘z hokimiyatini qurishda Liviya g‘arbidagi qabilalar guruhiga tayangani uchun. Moliyalashtirishda ham asosiy e’tibor g‘arbiy hududlarga qaratiladi.

«Liviyadagi to‘g‘onlar, ayniqsa mamlakat sharqidagilariga, yillar mobaynida ta’mirlanmagan, boshqaruv organlari ularni saqlab turish uchun yetarli moliyaviy yordam ajratmagan, bu esa salbiy oqibatlarga olib keldi. To‘g‘onlar suv toshqinlaridan himoyalash o‘rniga shaharni suvga bostirdi», — deydi Iqlim va xavfsizlik markazi ilmiy xodimi Malak Altoyib.

«Dernadagi suv toshqini 2020 yil avgustida Bayrut portida ro‘y bergan portlash va shu yil fevralida Turkiyada ro‘y bergan zilzila bilan bir xil sxemada kechdi: hukumat ehtimoliy ofatga kerakli reaksiya qila olmadi yoki uning oldini ololmadi, chunki uning salohiyatiga korrupsiya, loqaydlik va layoqatsizlik tufayli putur yetgandi», — deb hisoblaydi sobiq amerikalik diplomat va AQSh Tinchlik institutining konfliktdan keyingi tiklanish bo‘yicha eksperti Kit Mayns.

Mayns, shuningdek, Liviyadagi halokat uchun xalqaro hamjamiyat ham ma’lum darajada javobgar ekanini, chunki ular mamlakatdagi nizoli tomonlarni yarashtira olmagani, natijada mamlakatni tiklash ishlari amalga oshirilmaganini ta’kidlagan.

«Mamlakat qanchalik boy bo‘lmasin, infratuzilmalar nuqtayi nazaridan u juda zaif, — deydi Xalifa. — Va bu yerda o‘n yildan buyon qurolli to‘qnashuvlar kechmoqda, ikki hukumat butun mamlakatni boshqarish layoqatiga ega emas va ular faqat hokimiyatni saqlab turishga imkon beradigan harbiy guruhlar tuzish va ularni moliyalashtirishdangina manfaatdor».

Liviyadagi qurolli mojarolar 2011 yilda Qazzofiy rejimi ag‘darilganidan buyon to‘xtamaydi. Foto: Reuters

Liviyani kim boshqarmoqda?

Liviyada qariyb o‘n yildan buyon qo‘shhokimlik yuzaga kelgan — mamlakat sharqiy va g‘arbiy qismga bo‘lingan.

2011 yilda Muammar Qazzofiy ag‘darilganidan keyin Liviyada hokimiyat uchun bir necha guruh o‘rtasida kurash boshlanadi. Turli fraksiyalar tarafdorlari to‘qnashuvlaridan keyin 2014 yilda mamlakatda ikkita ma’muriyat shakllantiriladi. 2020 yilda ular o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishishadi, ammo siyosiy qarama-qarshilik davom etadi.

Tripolidagi BMT tomonidan tan olingan va qo‘llab-quvvatlanadigan Milliy birlik hukumatini bosh vazir Abdul Hamid Dbeyba boshqaradi.

U 2021 yilda BMT vositachiligida mamlakatda bir necha oy ichida saylovlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan kelishuv doirasida lavozimga kirishgandi. Ammo saylovlar o‘tkazilmay qoldi.

Vakillar palatasi deb nomlanadigan parlament hukumati esa Tripolidan ming kilometr sharqdagi Tobrukda o‘rnashgan. Bu hukumat Liviya sharqi va janubdagi katta hududlarni boshqaradi — bu hududlar asosan odam yashamaydigan cho‘llardan iborat. Uning rahbari — bosh vazir Usama Hamad, bosh vazir qarorgohi Bing‘ozida joylashgan.

Ammo ko‘pchilik sharqdagi haqiqiy hokimiyat Liviya milliy armiyasi deb ataladigan kuchli qo‘shin qo‘mondoni bo‘lgan  general Xalifa Haftarning qo‘lida deb hisoblaydi. Uni Misr, BAA va Rossiya qo‘llab-quvvatlaydi.

Haftar 2014 yilda radikal kuchlar egallab olgan Dernani qamal qilgan va 2018 yilga kelib shaharni o‘z nazoratiga olgandi.

Asma Xalifaning hisoblashicha, sharq va g‘arb o‘rtasidagi ko‘p yillik adovatga barham berilmas ekan, Liviyada keyingi iqlim halokatiga qarshi turish uchun imkoniyat juda kam bo‘ladi.

«Bu ulkan va boy, aholisi kam bo‘lgan mamlakat o‘n yillik fuqarolik urushi va turli qurolli to‘qnashuvlar tufayli vayron bo‘lgan, holbuki bu muammolarning oldini olish mumkin edi, — deydi u. — Va bizda bunday inqiroz va iqlim o‘zgarishiga tayyor bo‘lish uchun yetarlicha resurslar mavjud».

Mavzuga oid