O‘zbekiston | 16:00 / 12.05.2021
5755
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zsanoatqurilishbank tizimida “Kaizen teams” loyihasi ish boshladi

Foto: O‘zsanoatqurilishbank

Joriy yilning 10-11 may kunlari O‘zsanoatqurilishbank tomonidan yosh xodimlar uchun tashkil etilgan “Kaizen teams” loyihasining ochilish marosimi hamda loyihaning ilk treninglari bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimizda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Prezidentimiz rahnamoligida barcha jabhalarda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoyalash, ularga zarur shart-sharoitlar yaratish hamda alohida iqtidor egalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida chuqur islohotlar olib borilmoqda.

Yoshlar ulushi salmoqli o‘rin egallagan O‘zsanoatqurilishbank tizimida ham ushbu yo‘nalishda keng ko‘lamli sa'y-harakatlar amalga oshirilmoqda. Jamoa yoshlari orasidan yuqori salohiyatli xodimlarni tanlab olib, tizimda rahbar kadrlar zaxirasini yaratish hamda ularni doimiy ravishda rivojlantirib borish maqsadida ishlab chiqilgan “Kaizen teams” loyihasi ana shunday ishlarning amaliy ifodasidir.

Loyiha ham nazariy, ham ko‘ngilochar, ham vatanparvarlik ruhidagi turli dasturlarni o‘z ichiga olgan, – deydi “O‘zsanoatqurilishbank” ATBning Xodimlarni boshqarish departamenti direktori Azizxon Nodirov. – Badiiy va biznesga oid kitoblar bo‘yicha bellashuvlar tashkil etiladi, mahalliy va xorijiy top-menejyerlar bilan turli uchrashuvlar o‘tkaziladi. Asosiysi, ishtirokchilarga bank nufuzini yanada oshirishga qaratilgan vazifalar topshirilib, tizimda amalga oshirilayotgan transformatsiya jarayoniga o‘z hissalarini qo‘shish imkoniyati beriladi.

Shuningdek, topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarib, treninglarda faol qatnashgan hamda xorijiy tillarni yaxshi o‘zlashtirgan yosh xodimlar chet davlatlarga malaka oshirishga yuboriladi, rahbarlik lavozimlariga tayinlanadi.

“Kaizen teams” loyihasining ochilish marosimi doirasida Bank Boshqaruv raisi Saxi Annaklichev bilan norasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Bank rahbari loyiha ishtirokchilarini dastlabki yutuqlari bilan tabrikladi va muloqot qildi.

Ilk treninglar Bankdagi transformatsiya jarayonlariga bag‘ishlandi. Bankning 2021 yilga mo‘ljallagan biznes rejasi, chakana xizmatlar, kichik va o‘rta biznes hamda korporativ biznes yo‘nalishlari, shuningdek qarzdorlar bilan ishlash texnologiyasi va psixologiyasi, tizimda liderlik, muvaffaqiyatli rahbarning oltin qoidalari kabi mavzularda Boshqaruv a'zolari hamda tegishli tarkibiy bo‘linma rahbarlari tomonidan taqdimotli chiqishlar namoyish etildi.

Xususan, “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali Buyuk Britaniyadagi London Brunel universitetida MBA yo‘nalishida tahsil olib qaytgan, Bank rahbar xodimlaridan biri – Shohpur Gulto‘rayev tomonidan “SQB mini MBA” yo‘nalishida trening o‘tkazilib, o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.

Ma'lumot uchun. “Kaizen” (yaponcha “yaxshilash”, “takomillashtirish” degan ma'noni bildiradi) – bu hayotimizning barcha jabhalari, jumladan, biznes va boshqaruv tizimidagi barcha jarayonlarni doimiy ravishda takomillashtirishga qaratilgan yapon falsafasidir. Dastlab Ikkinchi jahon urushidan keyingi tiklanish davrida qator yapon kompaniyalarida qo‘llanilgan “Kaizen” tamoyillari keyinchalik butun dunyo bo‘ylab keng tarqalgan.

Bank Axborot xizmati

Mavzuga oid