Jahon | 15:33 / 30.05.2021
38804
10 daqiqa o‘qiladi

AQSh qo‘shinlari Afg‘onistondan chiqib ketishi Markaziy Osiyo davlatlari uchun nimani anglatadi?

AQSh qo‘shinlarining Afg‘onistondan olib chiqilishi xavfsizlikka yangi tahdidlarni keltirib chiqarishdan tashqari, bir qancha jiddiy iqtisodiy oqibatlarga ham olib keladi.

Foto: Matt Cardy/Getty Images

2021 yil 1 maydan e'tiboran Qo‘shma Shtatlar rasmiy ravishda Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishni boshladi. Jo Baydenning yangi ma'muriyati AQSh va NATOning Afg‘oniston zaminidagi harbiy ishtirokini 11 sentyabrga qadar tugatishni rejalashtiryapti.

Ayni paytdagi Afg‘oniston hukumati ichida manfaatdor va siyosiy guruhlar o‘rtasidagi hokimiyat uchun kurash va harbiy jihatdan tobora kuchayib borayotgan toliblar mamlakatda AQSh tomonidan ta'minlangan kuch muvozanatini o‘zgartirish uchun aniq imkoniyatlarga ega. Bu siyosiy vaziyatning beqarorlashishi va harbiy tahdidlar oshishidan xavfsirayotgan Markaziy Osiyo mamlakatlarini jiddiy o‘ylashga majbur qilmoqda.

Shuningdek, o‘zlarining geosiyosiy yoki geoiqtisodiy manfaatlari yo‘lida AQSh tomonidan qoldirilgan vakuumni to‘ldirishga intilayotgan tashqi o‘yinchilarga ayni vaziyat qulay bir imkoniyat yaratmoqda.

AQSh qo‘shinlarining rasmiy ravishda chiqib ketishi Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun Afg‘onistonga yaqinligini hisobga olgan holda alohida ahamiyatga ega va bu qator strategik oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shu nuqtayi nazardan, AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenning 23 aprel kuni Qozog‘iston, O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Turkmaniston tashqi ishlar vazirlari bilan S5 + 1 doirasidagi uchrashuvini AQShning mintaqadagi majburiyatlarini ta'minlashga urinish va boshqa mintaqalarga signal berish sifatida baholash mumkin.

AQSh qo‘shinlari Afg‘onistondan chiqib ketayotgan bo‘lsa-da, mintaqa Qo‘shma Shtatlar tashqi siyosatida muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, AQShning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzodning may oyi boshlarida Toshkent, Kobul va Dushanbega amaliy tashrifi davomida ehtimol AQSh qo‘shinlarini Markaziy Osiyoda joylashtirish bo‘yicha takliflar bildirilgan bo‘lishi mumkin.

Bu omillar shuni ko‘rsatadiki, AQShning mintaqaga nisbatan siyosati uchun yangi nuqtayi nazar shakllanishi mumkin.

AQSh Afg‘onistonni tark etishining Markaziy Osiyo davlatlariga iqtisodiy ta'siri

AQSh Afg‘onistonni tark etishining oqibatlarini turli yo‘nalishlarda tahlil qilishda iqtisodiy jihatdan yondashish juda muhimdir.

Birinchidan, mintaqada savdo va energetika infratuzilmasini rivojlantirish bilan bog‘liq siyosiy va iqtisodiy omillar kelajakdagi taraqqiyot uchun asos yaratadi. Afg‘onistonda Markaziy hukumatning zaiflashishi va radikal guruhlar vakillarining hokimiyat tepasiga ko‘tarilishi mamlakatning rivojlanishini o‘nlab yillar orqaga qaytarishi va kelajakda jahon hamjamiyati uchun hal qilish ancha qiyin bo‘lgan yangi muammolarni olib kelishi mumkin.

Afg‘onistondagi ichki mojaroning chuqurlashishi mamlakatning shimoliy chegaralari ustidan nazoratni susaytiradi. O‘z navbatida, bu Tojikiston uchun kontrabanda va giyohvand moddalar savdosi oqimining misli ko‘rilmagan darajada ko‘payishiga olib kelishi mumkin.

Turkmaniston nafaqat mintaqa uchun, balki asosiy tashqi sheriklari, birinchi navbatda, Xitoy va Rossiya, shuningdek, Janubiy Osiyo mamlakatlari uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan foydali qazilmalar konlari va xalqaro gaz quvurlariga ega mamlakat hisoblanadi. Uning Afg‘oniston hududidan o‘tadigan muhim infratuzilma obektlari xavf ostida bo‘ladi yoki qo‘shimcha ravishda kuchli himoyaga muhtoj bo‘lib qoladi.

Vaziyat keskinlashsa, O‘zbekiston hukumati tomonida «Asr loyihasi» sifatida talqin qilingan, Markaziy Osiyo mamlakatlari Afg‘oniston va Pokiston orqali dengiz portlariga eng qisqa vaqt ichida chiqish imkoniyatiga ega bo‘lishi kutilayotgan «Mozori Sharif – Kobul – Peshovar» temir yo‘li xavfsizligi ham so‘roq ostida qoladi.

AQSh qo‘shinlarining Afg‘onistonda bo‘lishi mintaqa uchun nima sababdan muhim edi?

AQSh qurolli kuchlari va uning ittifoqchilarining Afg‘onistonda bo‘lishi qurolli guruhlarga qarshi kurashda hal qiluvchi rol o‘ynagan. Buni raqamlar ham isbotlamoqda. Afg‘onistonda vaziyat murakkablashgan 2011 yilda mamlakatda 98 mingdan ziyod amerikalik harbiylar va 41 mingga yaqin koalitsiya qo‘shinlari joylashtirilgan edi. Afg‘oniston mudofaa kuchlari va Ichki ishlar vazirligining 300 mingdan ortiq vakillari ularni qo‘llab-quvvatlagan. Bundan tashqari, xuddi shu davrda Afg‘onistonda 120 mingga yaqin xususiy pudratchilar ishlagan, ulardan qariyb 23 ming nafari AQSh xususiy harbiy pudratchilari hisoblangan.

Turli manbalarga ko‘ra, AQSh qo‘shinlari kirgandan beri faqatgina harbiy kampaniyaning o‘ziga, rekonstruksiya dasturlarini hisobga olmaganda, 750 milliarddan 1 trillion dollargacha mablag‘ sarflagan. Ushbu kuchlar, shubhasiz, bir qator ekstremistik guruhlarning kuchayishiga to‘sqinlik qilib keldi.

O‘z navbatida, mintaqa mamlakatlari ushbu davr mobaynida harbiy sohaga ajratadigan mablag‘larni sezilarli darajada kamaytirgan. AQShning chiqib ketishi esa qo‘shni mamlakatlarda mudofaa xarajatlari oshishiga olib kelishi mumkin.

Afg‘onistonning nisbatan tiklanishi va mintaqadagi savdo aloqalari

So‘nggi 18 yil ichida AQSh va boshqa bir qator donorlar Afg‘onistonda qayta qurish uchun 143 milliard dollardan ko‘proq yordam ko‘rsatdi. Ajratilgan mablag‘lar Afg‘oniston hukumati, afg‘on armiyasi, ichki ishlar vazirligi va davlat milliy xavfsizlik xizmatlarini moliyalashtirish uchun ishlatildi. Bundan tashqari, Jahon banki kabi yirik xalqaro tashkilotlar tomonidan katta miqdordagi mablag‘lar ajratildi (19 yil davomida qariyb 6 milliard dollarlik imtiyozli kreditlar). Tashqi investitsiyalar Afg‘oniston YaIMga sezilarli ta'sir ko‘rsatdi va bu 2019 yilga kelib taxminan 19,29 milliard dollarni tashkil etdi.

Xalqaro moliyaviy va gumanitar ko‘mak iqtisodiy o‘sish va ijtimoiy barqarorlikning muhim omili edi. Iqtisodiyotning rivojlanishi qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish bilan birga, aholiga sifatli ta'lim olish imkoniyatini ham taqdim etdi. Aynan shunday murakkab ta'sirga ega va muqobil iqtisodiy va ijtimoiy yo‘llarni taqdim etish orqali jangarilar saflarini yangi a'zolar bilan to‘ldirishni cheklashi mumkin. Shu paytgacha bu loyihalarning katta qismi Qo‘shma Shtatlar moliyaviy imkoniyatlari asosida amalga oshirildi.

Xorijiy sarmoyalar va moliyaviy ko‘mak Afg‘onistonga tashqi sheriklar, shu jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratdi. Masalan, Qozog‘iston uchun Afg‘oniston muhim savdo sherigiga aylandi, hozirda Qozog‘iston qishloq xo‘jaligi va neft mahsulotlarining asosiy importchisi hisoblanadi. 2019 yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 401 million dollardan oshdi. Agar Afg‘onistondagi vaziyat yomonlashsa, Qozog‘iston va O‘zbekiston (so‘nggi to‘rt yil mobaynida o‘zaro savdo hajmi qariyb 800 mln dollarni tashkil etgan) kabi davlatlar o‘z mahsulotlari uchun muhim bo‘lgan bozorlardan birini yo‘qotishi xavfi mavjud.

So‘nggi 20 yil mobaynida AQSh Markaziy Osiyoga Afg‘onistondagi harbiy va geosiyosiy manfaatlarining prizmasi sifatida qaradi. Mamlakat qo‘shinlari olib chiqib ketilishidan keyin mintaqaning Vashington uchun ahamiyati pasayadi. Mintaqada Amerika sarmoyasining ulushi hech qachon yuqori bo‘lmagan bo‘lsa-da, ayni vaziyatdagi iqtisodiy inqiroz fonida moliyaviy oqimlarning har qanday pasayishi sezilarli hisoblanadi. Shuningdek, mintaqada kuchlar nisbati jihatdan ham AQShning ishtiroki ahamiyatlidir.

Xulosa o‘rnida

Mintaqa davlatlari va Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarning hozirgi darajasini hisobga olish umuman to‘g‘ri emas. Koronavirus pandemiyasi tufayli kuchayib borayotgan proteksionizm va deglobalizatsiya kabi tendensiyalarni ham hisobga olish kerak. Dengizga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish imkoniga ega bo‘lmagan mintaqa davlatlari uchun Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘laydigan savdo yo‘llarini tashkil qilish va Pokiston, Hindiston va Yaqin Sharq bozorlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri kirishni amalga oshirish strategik asosiy maqsadlardan biridir.

Afg‘onistondagi vaziyatning yomonlashishi turli infratuzilma loyihalar taqdiriga ta'sir qilishi mumkin, masalan, xalqaro elektr uzatish liniyalari va yangi temir yo‘l va magistral yo‘llar, shuningdek, TAPI gaz quvuri loyihasi.

Qolaversa, Afg‘onistondagi «Tolibon» mavqeyining mustahkamlanishi va ichki siyosiy inqirozning kuchayishi, shubhasiz, xorijiy investorlar va biznes vakillarini mintaqa davlatlariga investitsiya kiritishdan tiyishi mumkin.

Shunday qilib, Markaziy Osiyo uchun AQSh qo‘shinlarining Afg‘onistondan olib chiqilishi xavfsizlikka yangi tahdidlarni keltirib chiqarishdan tashqari, jiddiy iqtisodiy oqibatlarga ham olib keladi.

Mavzuga oid