Jahon | 10:00 / 23.02.2020
26297
5 daqiqa o‘qiladi

«Amerikaliklar yolg‘onchi prezidentdan charchashdi» - Sanders poygadagi ustunligini mustahkamlamoqda, Bayden qaytmoqda

Senator Berni Sanders Nevada shtatidagi kokusda ham ishonchli g‘alabaga erishdi va saylovoldi poygasida demokratlar orasidagi yetakchiligini mustahkamladi. Sobiq vitse-prezident Jo Bayden esa ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi, bu esa uning prezidentlik kampaniyasiga yangi impuls berishi mumkin.

Foto: Reuters

Kokuslarning dastlabki natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, Sanders noyabrda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik sayloviga nomzod bo‘lish uchun demokratlar orasidagi asosiy da'vogardir. Ammo Demokratik partiyaning yakuniy tanlovini hali uzoq kutishga to‘g‘ri keladi.

Dastlabki natijalar yana shuni anglatadiki, Bayden Nevadada avvalgi ikki shtat (Ayova va Nyu-Hempshir)dagidan ko‘ra yaxshiroq nufuzga ega.

Ayovadagi kokusda Pit Buttijich kichik ustunlik bilan birinchi bo‘lgan, Sanders 0,1 foizlik farq bilan ikkinchi o‘rinni egallagandi.

Nyu-Hempshirdagi praymerizda esa 78 yoshli Sanders 26 foiz ovoz olib, g‘alaba qozondi, 1,6 foiz kamroq ovozga ega bo‘lgan Buttijich bu safar ikkinchi bo‘ldi.

Hozir esa Nevadada byulletenlarning 50 foizi hisoblab chiqilgan vaqtda senator Sanders 46,6 foiz ovoz olgan, Baydenda - 20 foiz. Keyingi o‘rinlarda Buttijich (15,4 foiz) va Elizabet Uorren (10,3 foiz) borishmoqda. Bu esa Baydenning saylovoldi kampaniyasida sezilarli o‘sish bo‘lganini ko‘rsatadi, Ayovada va Nyu-Hempshirda u to‘rtinchi va beshinchi o‘rinlardan yuqoriga ko‘tarila olmagandi.

Iyulda partiya s'yezdida yakuniy saylovlar o‘tkaziladi. Birlamchi saylovlardagi muhim bosqich 3 mart kuni bo‘lib o‘tadigan «superseshanba»dir, shu kuni AQShning birato‘la 14ta shtatida praymeriz o‘tkaziladi.

Shanba kunigacha Sandersda uni qo‘llab-quvvatlayotgan 21 delegat bor edi. U prezidentlikka nomzodi ko‘rsatilishi uchun 3979 delegatdan 1990 nafarini o‘ziga og‘dirishi kerak bo‘ladi.

Nevadadagi saylovdan keyin Sanders o‘z chiqishida jamoasini maqtadi va amaldagi prezident Donald Trampni tanqid qildi. «Amerikaliklar hamisha yolg‘on gapiradigan prezidentdan charchashdi», - dedi u. Baydenning kampaniyasi ham muhim tadbir o‘tkazdi. Uning o‘zi «Qaytish shu yerdan [Nevadadan] boshlangani»ni ma'lum qildi.

«Matbuot odamlarni o‘lganga chiqarishga shoshiladi, ammo biz tirikmiz, biz qaytdik va g‘alaba uchun hozirlanmoqdamiz», - dedi Bayden.

Tramp janob Sandersni g‘alaba bilan tabrikladi, ammo u bu safar ham uni «Tentak Berni» deb atadi. «Tabriklayman, Berni, unga oldinga o‘tishga yo‘l qo‘yma!» - deya yozdi prezident Nevadadagi kokus natijalari bo‘yicha yangiliklarga bildirgan munosabatida.

Sanders juma kungi chiqishida, Amerika maxsus xizmatlari uni Rossiya unga saylovoldi kampaniyasida yordam ko‘rsatishga harakat qilayotgani haqida ogohlantirgani haqida aytdi va bunday yordamga muhtoj emasligini bildirib, Rossiyani Amerika saylovlaridan «uzoqroq turish»ga chaqirdi.

Tramp esa demokratlarning o‘zi senatorni obro‘sizlantirishga harakat qilayotgani, bundan maqsad uning noyabrdagi saylovda qatnashmasligini ta'minlash ekanini aytib o‘tdi.

Demokrat nomzodlar orasidagi yetakchiligini mustahkamlayotgan Sanders esa demokratlarning xavotirini uyg‘otgani aniq, chunki u haddan tashqari liberal bo‘lgani uchun Trampni yengishi qiyin nomzod sifatida ko‘rilmoqda.

AQShda Sandersni sotsialist deb atashadi. Uning raqobatchilari u yoshligida Amerika Sotsialistik partiyasining yoshlar qanoti a'zosi bo‘lgan. 1988 yil Rossiyada ish tashrifi bilan borib bahonada «asal oyi»ni ham Yaroslavlda o‘tkazgan. AQShda bu faktga alohida e'tibor berishmoqda. Agar Sanders Trampning asosiy raqibiga aylanishi aniq bo‘lsa, uning Rossiyadagi safari haqida qizil ma'lumotlar chiqib qolishi kutsa bo‘laveradi.

Assoshieyted pressning yozishicha, Nevadadagi kokuslarning ahamiyati Ayova va Nyu-Hempshirdagi birlamchi saylovlarning ahamiyatidan yuqoriroq. Aytishlaricha, Nevadadagi lotin amerikaliklar jamoati Sandersni qo‘lladi. Uning o‘zi ayni vaqtda shtatni tark etgan va Texasga yo‘l olgan, «superseshanba»da nomzodlar uchun eng ko‘p miqdordagi delegatlarni aynan shu shtatda qo‘lga kiritishlari mumkin.

Kokus va praymerizlar bo‘lib o‘tgan shtatlar va 3 mart kuni «superseshanba» o‘tkaziladigan shtatlar

Mavzuga oid