«Good be, Biden!» - Saylovda Trampga kim raqib bo‘ladi?
AQSh vitse-prezidenti, 2020 yilgi prezidentlik saylovlarida Demokratlar partiyasi nomzodlari orasida favorit deb qaralgan Jo Bayden praymerizda ikkinchi marta mag‘lubiyatga uchradi - u mustaqil nomzod - senator Berni Sandersga va sobiq mer Pit Buttidjichga yutqazmoqda. Ular Donald Trampga munosib raqobat ko‘rsata olishadimi?

Foto: Getty Images
11 fevral kuni Nyu-Hempshirda o‘tkazilgan praymeriz triumfatori, Vermont shtatidan mustaqil senator Berni Sanders ovoz berish natijalarini «Tramp davrining tugashi» deb atadi.
Nyu-Hempshirdagi praymerizda (boshlang‘ich saylov) demokratlarning 280 mingga yaqin vakili qatnashdi va ularning 26 foizining ovozi 78 yoshli Sandersga - o‘ta so‘l qarashlarga ega siyosatchiga nasib etdi.
Ammo u o‘zining eng yaqin ta'qibchisi, markazchilarning qarashlarini ifodalovchi 38 yoshli Pit Buttidjichni katta farq bilan ortda qoldira olmagan - 1,6 foiz, bu taxminan 4300 ovoz degani.
Nyu-Hempshir shtatidagi praymeriz natijalaridan keyin AQShdagi kuzatuvchilar Sanders noyabr oyidagi prezidentlik saylovlarida Demokratlar partiyasidan nomzod bo‘lishi mumkinligini tan olishmoqda.
«2016 yilgi kampaniya vaqtida demokratlar uni haddan tashqari so‘l va radikal nomzod sifatida ma'qullashmagandi. Ammo, aftidan, Bayden haddan tashqari ko‘p xato qildi, xuddi o‘z vaqtida Hillari Klinton bilan bo‘lgani kabi. Uning nomzodi Demokratlar partiyasining ashaddiy tarafdorlariga ham yoqmayapti», - deydi siyosatshunos, Stoni-Bruk universiteti professori Jonatan Sanders.
AQShda Berni Sandersni sotsialist deb hisoblashadi. Raqiblari doimo u yoshligida Amerika Sotsialistik partiyasining yoshlar qanoti a'zosi bo‘lgani, 1980-yillarda 10 kun davomida Sovet Ittifoqi hududiga safar qilgani, «asal oyi»ni aynan shu yerda o‘tkazganini eslatishni yaxshi ko‘rishadi.
Mahalliy vaqt bilan 12 fevralga o‘tar kechasi Demokratik partiya a'zolari ovoz bergan saylov uchastkalarining 90 foizidagi natijalar e'lon qilindi. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, mustaqil senator Indiana shtatidagi Saut Bend shahrining sobiq meri Pit Buttidjichni biroz farq bilan ortda qoldirib, 26 foiz ovoz olgan. Minnesota shtatidan senator bo‘lgan Emmi Klobushar uchinchi bo‘lgan, u 20 foiz ovoz olgan.

Praymeriz natijalari e'lon qilinishidan bir necha daqiqa oldin Nyu-Hempshir shtatidagi tarafdorlari oldida chiqish qilgan Sanders prezidentlik lavozimi uchun Demokratik partiyadan aynan o‘zi nomzod bo‘lishini ma'lum qildi.
«Biz g‘alaba qozonamiz. Ayovada odamlar shunday ovoz berishdi, bu yerda ham g‘alaba qozondik, endi Nevada va Janubiy Karolinaga yo‘l olamiz va u yerlarda ham g‘alaba qilamiz», deydi u.
Nyu-Hempshir shtatidagi boshlang‘ich saylov natijalaridan keyin prezidentlik uchun ikki nomzod saylovoldi poygasini tark etishga majbur bo‘ldi. Tadbirkor Endryu Yang va koloradolik senator Maykl Bennet mag‘lubiyatni tan oldi. Shu tariqa, keyingi saylovda Demokratik partiyaning to‘qqiz nomzodi ishtirok etadi.
Berni Sandersning Nyu-Hempshirdagi muvaffaqiyatini AQShdagi demokratlar tarafdorlari partiyaning so‘l qanoti g‘alabasi sifatida baholashmoqda. Bu mustaqil senator uchun yoshlar, shuningdek, Qo‘shma Shtatlardagi afroamerikaliklar va ispan jamiyatlari ovoz berishmoqda.
Berni Sanders oxirigacha bora oladimi?
Entoni Zurker, Bi-bi-sining Shimoliy Amerika bo‘yicha tahlilchisi

Jo Bayden - Berni Sandersni milliy so‘rovlarda ortda qoldirgan yagona nomzod edi - endi esa uning mag‘lubiyati muqarrar.
Pit Buttidjich praymerizda ishonch bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda, ammo hozircha u keyingi shtatlarda ham muvaffaqiyatga erisha oladi, deb aytish qiyin.
Uning so‘l liberallar qanotidagi raqibi - [Elizabet] Uorren - hali Sandersga yaqinlasha olmayapti. Emi Klobusharning muvaffaqiyati shuni ko‘rsatmoqdaki, u hamisha ishonchli tarafdorlarga ega bo‘lgan.
2016 yilda ham Sanders Nyu-Hempshirdagi praymerizdan keyin ko‘zga tashlana boshlagandi. Endi, muxolifat lageri parchalangan vaqtda, uning umummilliy kampaniyasi tashkilotchilari yig‘ib bergan ulkan mablag‘larni hisobga olgan holda aytish mumkinki, Sandersning yo‘li yorug‘, lekin muvaffaqiyat kafolatlanmagan.
U so‘nggi yarim asrda prezidentlikka nomzodi ko‘rsatilgan ilk so‘l demokrat bo‘lishi mumkin, 1972 yilda demokratlardan nomzod sifatida saylovda qatnashgan so‘lchi Jorj Makgovern Richard Niksonga yutqazgandi.
Muxoliflari tomonidan katta siyosatda yetarli tajribaga ega emaslikda ayblab kelinayotgan Saut Bendning sobiq meri Pit Buttidjich senator Sanders Donald Trampga raqobat qila olmasligi haqida gapirdi. O‘tkazilayotgan barcha jamoatchilik so‘rovlarida Demokratik partiya tarafdorlari Trampga qarshi chiqa olish qobiliyatini prezidentlikka nomzodning asosiy sifati deb belgilashmoqda.

«Ko‘pchilik qo‘llab-quvvatlamaydigan odamga ovoz berib zamonaviy Amerika tarixidagi eng bahsli prezidentni yenga olmaymiz. Muxolif qarashlarni inkor etadigan har qanday siyosiy pozitsiya Donald Tramp qayta saylanishiga olib keladi», - dedi u Nyu-Hempshir shtatining Nasha shahrida o‘z tarafdorlari qarshisidagi chiqishida.
Berni Sanders chindan ham, amerikalik saylovchilar radikal deb hisoblaydigan qarashlarni ifodalaydi. U barcha uchun bepul tibbiy xizmat joriy etish, oliy ta'lim uchun to‘lovlarni bekor qilish, barcha shtatlarda marixuana iste'mol qilishga ruxsat berish hamda badavlat amerikaliklar uchun soliqlarni oshirish tarafdori hisoblanadi.
Saylovlar boshlanishidan oldin Demokratlar partiyasining asosiy nomzodi sifatida qaralgan, lekin praymerizlarda mag‘lub bo‘layotgan Jo Bayden taslim bo‘lmasligini ma'lum qildi. U Nyu-Hempshirdagi saylov natijalari e'lon qilinishini kutmasdan shtatni tark etdi va Janubiy Karolinadagi saylovchilari bilan uchrashdi. Baydenning so‘zlariga ko‘ra, praymerizdagi ilk natijalar uning AQSh prezidenti saylovidagi imkoniyatlarini aks ettirmaydi.
«Muhimi, Ayova va Nevada o‘z fikrini bildirib bo‘ldi, - dedi Bayden Nyu-Hempshir shtati nomini Nevada shtati nomi bilan adashtirib yuborgan holda. - Ammo qarang, biz Nevadadan Janubiy Karolinagacha bo‘lgan barcha shtatlar aholisini tinglashimiz kerak, «superseshanba»gacha va undan keyin ham. O‘shanda biz qaror qabul qilishimiz mumkin».

«Superseshanba» - AQShda praymeriz bir kunda o‘ndan ortiq shtatda o‘tkaziladigan kundir. Bu yili «superseshanba» kuni Amerikaning 15 shtatida boshlang‘ich saylovlar o‘tkaziladi. An'anaga ko‘ra, shu kuni katta ehtimol bilan partiyaning prezidentlikka nomzodi aniqlanadi. Ko‘rinishidan, endilikda saylovoldi poygasining sobiq yetakchisi, mamlakatning sobiq vitse-prezidenti Jo Bayden noyabrdagi saylovlarga yetib bora olmaydi.
Shu bilan birgalikda, tahlilchilar Nyu-Hempshirdagi praymeriz yetakchilari - Berni Sanders va Pit Buttidjichning prezidentlik poygasidagi imkoniyatlarini yuqori baholashmoqda.
«Bu ikki nomzod Demokratik partiyaning turli fraksiyalariga mansub. Sandersni yoshlar va o‘ta so‘l demokratlar qo‘llab-quvvatlamoqda. Uni janubda va AQShning markaziy shtatlarida va g‘arbda ham qo‘llashlari dargumon. Noan'anaviy jinsiy oriyentatsiyaga ega bo‘lgan Buttidjich esa konservativ shtatlarda ko‘p ovoz ololmasligi aniq», deydi Jonatan Sanders.
Mavzuga oid

17:19 / 07.05.2025
«Putin to‘xtaydi» deb o‘ylaydiganlar shunchaki ahmoq – Bayden

16:36 / 17.04.2025
«Bu yigit bolta olib chopyapti» – Bayden prezidentlikdan ketgach ilk marta chiqish qildi

21:18 / 16.04.2025
Tramp o‘zini tanqid qilgan Baydenga javob qaytardi

16:50 / 16.04.2025