O‘zbekiston | 12:50 / 09.09.2022
4715
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentni elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash osonmi? 

Sohadagi muammolar, avariyalarni keltirib chiqaruvchi sabablar va tezkor yechimlar, mavsumga tayyorgarlik ishlari, elektr energiyasi bilan betalafot ta’minot «Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi» AJ faoliyati talqinida o‘rganildi. 

Elektr energiyasi bugungi kunda insoniyat uchun suv va havodek eng zarur bo‘lgan ne’matlar qatoriga kirib ulgurgan. Xonadonda ro‘zg‘or ishlarini, ishlab chiqarish zavodi, xizmat ko‘rsatish obektlarida esa biror yumushni elektr ta’minotisiz amalga oshirishni tasavvur qilish juda mushkul.

Shaharni uzluksiz elektr bilan ta’minlash shubhasiz mas’uliyatli kasblardan sanaladi. Kun.uz muxbirlari Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida xodimlar bilan joylardagi nosozliklarni bartaraf qilish jarayoniga, dispetcherlik xizmati ishlariga ichkaridan nazar soldi.

Tanishuvni dispetcherlik markazidan boshladik. Maxsus kabellar sxemasi orqali Toshkent shahrida joylashgan yuqori kuchlanishli liniyalardagi holat nazorat qilib turilishi haqida tushuncha berildi. "Avariyalar sodir bo‘lishining oldini olish bo‘yicha barcha chora-tadbirlar ko‘riladi. Murojaatlar orqali biror hududdagi elektr tarmog‘ida uzilish kuzatilsa, tezda aniqlab, muammoni bartaraf qilish uchun ishchi guruh yuboriladi", - deydi Dispetcherlik markazi xodimi Murod Imanqulov.

«Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi» AJ tomonidan “PQ-72” prezident qaroriga ko‘ra, 2022-yilgi reja bo‘yicha 388,8 km havo elektr uzatish tarmog‘i hamda 101 ta transformator punktini rekonstruksiya modernizatsiya qilish belgilangan. Jumladan, 68,9 km elektr uzatish tarmog‘ini yangidan qurish, 319,8 km elektr uzatish tarmog‘ini rekonstruksiya qilish hamda 32 dona transformator punktini yangidan o‘rnatish va 69 dona transformator punktlarini rekonstruksiya qilish belgilangan. 

Joriy yilning uchinchi choragiga kelib, Toshkent shahrining barcha tumanlarida reja qilingan ishlarning aksar qismi bajarilganiga guvoh bo‘lish mumkin. Misol uchun, Sergeli tumanida hozirda 29,5 km masofada elektr uzatish tarmog‘i va 9 dona transformator, Mirzo Ulug‘bek tumanida esa 4,5 km elektr uzatish tarmog‘i va 5 dona transformator punktlarida rekonstruksiya va modernizatsiya ishlari amalga oshirildi.

Ko‘rsatuv tayyorlash jarayonida Shayxontohur tuman elektr ta’minoti korxonasi bosh muhandisi Isroilov Azizning mehnat faoliyatiga to‘xtaldik. Muhandis Isroilov rejalar asosida quyidagi ma’lumotlarni berdi: “Tumanda kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish maqsadida oldindan belgilab qo‘yilgan reja asosida harakatlayapmiz. Hozirgi holatda, Shayxontohur tumani bo‘yicha 56ta transformator punktlari to‘liq ta’mirlandi hamda 77,7 kilometrlik past kuchlanish havo elektr uzatish tarmoqlarini mukammal ta’mirdan chiqardik”.

Mahalliy va ulgurchi iste’molchilar soni tobora ko‘payib borayotgani sababli hududlarda yuqori quvvatli transformatorlar o‘rnatilayotganini masalaga ijobiy yechim sifatida ko‘rish mumkin. «Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi» AJ kuz-qish mavsumiga yuqori darajadagi mas’uliyat bilan tayyor ekanligini ma’lum qiladi.

Mavzuga oid