O‘zbekiston | 19:28 / 04.12.2019
4407
5 daqiqa o‘qiladi

«Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi» AJ: poytaxtda bir qator loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda 

Bugun qaysi bir hududda bo‘lmang, barcha qulayliklarga ega, zamonaviy uy-joy majmualari, shaharchalar bunyod etilayotganining guvohi bo‘lasiz.

So‘nggi yillarda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan namunaviy loyihalar asosida juda ko‘plab yangi turar-joy majmualari barpo etilmoqda. Toshkent shahrining deyarli har bir tumanida bunyod etilgan va etilayotgan yangi, zamonaviy va ko‘rkam ko‘p qavatli uylar bugun shahrimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 22 noyabrdagi «2017-2020 yillarda shaharlarda arzon va ko‘p qavatli uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi  PQ-2660-sonli Qaroriga asosan «Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi» AJ tomonidan qurilayotgan yangi uy-joylarni tashqi elektr ta'minotini qurish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. 

O‘tgan 2017 yilda poytaxtimizning Sergeli tumanidagi 4 ming 88 kvartiraga mo‘ljallangan 102 ta ko‘p qavatli uy qurib bitkazildi va foydalanishga topshirildi. 2018 yilda esa 4 ming 40 kvartirali 120 ta ko‘p qavatli arzon va qulay uy-joylar barpo etildi. 

2019 yilning boshida Sergeli tumanida qurilishi boshlangan mazkur uchastkalar bo‘yicha uy-joylar bugungi kunda to‘liq yakuniga yetkazilish arafasida. Dasturni amalga oshirish natijasida joriy yilda bir necha mingdan ortiq shahar oilalari zamonaviy, shinam va qulay xonadonlarga ega bo‘ladi. 

Uylar shu yilning oxirigacha qurib bitkazilishi va foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ayni vaqtda, mazkur xonadonlarni tashqi elektr ta'minotining sifati va mustahkamligini yaxshilash uchun «Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi» AJning va tuman elektr tarmoqlari korxonalarining ishchilari kecha-yu kunduz tinimsiz mehnat qilmoqdalar.

Joriy yilda Sergeli tumanidagi yangi qurilayotgan mavzening 8-uchastkasi bo‘yicha 30,0 km uzunlikdagi 10 kVli hamda 25,8 km uzunlikdagi 0,4 kVli kabel tarmoqlari yotqizildi. Shuningdek, mavzening «Istiqbol» nimstansiyasi orqali elektr energiyasi bilan ta'minlovchi qismiga 10 kV 13,9 km kabel tarmoqlarini yotqizish ishlari tugatildi. Shu bilan bir qatorda 16 ta 2GKTP 630 kVA transformatorlar o‘rnatildi. 

Qurilayotgan uylarning 9-uchastkasi bo‘yicha 30,0 km uzunlikdagi 10 kV li, 27,0 km uzunlikdagi 0,4 kV li kabel tarmoqlari yotqizildi. “Istiqbol” nimstansiyasi orqali elektr energiyasi bilan ta'minlanuvchi qismiga – 10 kV 10,0 km kabel tarmoqlari yotqizilib bo‘lindi hamda 14 ta 2GKTP 630 kVA transformatorlar o‘rnatildi. Mavzening 10 uchastkasi bo‘yicha ham rejadagi ishlar bosqichma-bosqich jadallik bilan olib borilmoqda. 

Shu bilan bir qatorda mavzedagi yangi bunyod etilayotgan 110/10 kVli «Istiqbol» nimstansiyaning ham qurilish ishlari joriy yilda boshlangan bo‘lib, ayni damda T1 transformatorga kuchlanish berildi. Ushbu «Istiqbol» nimstansiyasi mavzedagi barcha yangi 10 kVli transformatorlarga elektr energiyasini taqsimlaydi. Bu esa o‘z navbatida mavzedagi yangi uylarning barchasini elektr energiyasi bilan ta'minlaydi. 

Ayni paytda, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ buyurtmasi va «Boshtransloyiha» AJ loyihasi asosida «Ko‘prik qurilish tresti» UK tomonidan barpo etilayotgan Toshkent metropolitenining Sergeli metro yo‘nalishida qurilish ishlari ham jadal olib borilmoqda. Loyiha doirasida uzunligi 6,94 kilometr bo‘lgan metropoliten liniyasi va 6 ta bekat qurilishi belgilangan.

Qayd etish kerakki, ushbu yangi barpo etilgan 110/10 kVli «Istiqbol» nimstansiyasi Toshkent yerusti metrosini Sergeli yo‘nalishini ham elektr energiyasi bilan ta'minlaydi.

Ushbu ishlarni tez va sifatli bajarish maqsadida, «Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi» AJning maxsus brigada va texnikalari reja asosida faoliyat yuritmoqda.

«Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi» AJ Matbuot xizmati

Mavzuga oid