Jahon | 20:16 / 21.06.2021
18467
6 daqiqa o‘qiladi

«Markaziy Osiyoda internetga ulanish qimmat va sifatsiz» – Jahon banki eksperti

Markaziy Osiyo aholisining deyarli yarmi sifatli internetga kirish imkoniga ega emas. Mintaqadagi beshta mamlakatdan uchtasida internetning tarqalish darajasi global o‘rtacha ko‘rsatkichdan past.

Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Liliya Burunchuk mintaqadagi internet sifati bilan bog‘liq vaziyat, uning iqtisodiy ta'siri va bu sohani isloh qilish bo‘yicha o‘z takliflarini ilgari surdi.

Joriy yilning 9 aprel kuni qozog‘istonliklar mamlakatning taniqli shaxmatchilaridan biri, Qozog‘iston va jahon chempioni Dinara Saduakasova internet aloqasi sustligi sababli onlayn turnirdagi ishtirokini to‘xtatishga majbur bo‘lgani haqidagi xabardan qattiq ranjishdi. Dinara videoni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirdi, unda u o‘yin davomida o‘zi haqida emas, balki internet aloqasi haqida ko‘proq tashvishlanishga majbur bo‘lgani haqida shikoyat qildi.

Shaxmat hayotiy muhim masala bo‘lmasligi mumkin, ammo haqiqat shuki, Markaziy Osiyoda yashovchi o‘n millionlab kishilar internetga ulanish yomonligi tufayli ko‘plab boshqa muhim imkoniyatlarni, shu jumladan, ish, ta'lim, hamkorlik, innovatsiya va fuqarolik istiqbollarini qo‘ldan boy berishmoqda.

Effektiv raqamli ulanish qulay, arzon, inklyuziv, tegishli foydalanuvchilar uchun ishonchli va vakolatli bo‘lishi kerak.

Zamonaviy dunyoda internetga kirish endi shunchaki zaruriyat emas, balki inson huquqidir.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, zamonaviy va ishonchli kommunikatsiya infratuzilmasiga ega mamlakatlar pandemiyaning iqtisodiy ta'sirini teng yarmiga qisqartirishi mumkin. Bundan tashqari, internet sifatining atigi 10 foizga yaxshilanishi kamida bir foiz iqtisodiy o‘sishni ta'minlaydi.

Afsuski, raqamli taraqqiyotdan mintaqa mamlakatlari iqtisodiyoti va aholisi bahramand bo‘lishi uchun internetga ulanish sifatini oshirish bo‘yicha hali ko‘p ishlar qilinishi kerak.

Markaziy Osiyo aholisining deyarli yarmi, asosan, qishloq va chekka joylarda, sifatli internetga kirish imkoniga ega emas.

Mintaqadagi beshta mamlakatdan uchtasida internetning tarqalish darajasi global o‘rtacha ko‘rsatkichdan past.

Markaziy Osiyoda internetga ulanish qimmat va sifatsiz. Foydalanuvchilar soni bo‘yicha mintaqaning yetakchisi bo‘lgan Qozog‘istonda ham ulanishning sifati bo‘yicha yetarlicha muammolar bor. Buni yuqoridagi Dinara Saduakasova bilan bog‘liq holat ham isbotlaydi.

Masalan, mintaqadagi barcha mamlakatlar 5 gigabaytlik videolar yoki YouTube’da uch soatlik ma'ruzalarni Full HD formatida (1080p) yuklab olish tezligi bo‘yicha global reytinglarning so‘nggi pog‘onalarida joylashgan.

Ammo hukumatlar kerak bo‘lganda tezda harakat qilishlari mumkinligini ko‘rsatdi. Masalan, O‘zbekistonda optik tolali liniyalarning uzunligi 2019 yilda 36 ming 600 km.ni tashkil qilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2020 yilda 68 ming 600 km.gacha, ya'ni deyarli ikki baravarga oshirildi, shuningdek, mobil tayanch stansiyalarini qurish va ishga tushirishga ruxsat berish tartibi soddalashtirildi.

Shunga qaramay, Markaziy Osiyo hukumatlari mintaqadagi raqamli aloqalarni rivojlantirishga doir asosiy muammolarni hal qilishlari kerak.

Mutaxassislarning tahlillariga ko‘ra, keng tarmoqli internetga ega bo‘lmagan Markaziy Osiyo aholisining yarmini 2030 yilga qadar sifatli tarmoqqa ulash uchun ushbu sohaga kamida 6 milliard dollar miqdorida sarmoya kiritilishi kerak.

Buning uchun kuchli siyosiy iroda va misli ko‘rilmagan ko‘p manfaatli sa'y-harakatlar, xususan, infratuzilmani rivojlantirishga katta miqdordagi xususiy sarmoyalarni jalb qilish, raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirish bo‘yicha hukumatning harakatlari va ushbu sohadagi siyosatni isloh qilish kerak bo‘ladi.

Qanday qilib bu muammoni hal qilish mumkin?

Birinchidan, Markaziy Osiyo davlatlari ochiq va raqobatdosh telekommunikatsiya bozorini rivojlantirishlari kerak. Ushbu vazifani institutsional va me'yoriy-huquqiy bazani modernizatsiya qilish va uni eng yaxshi jahon tajribasiga muvofiqlashtirish orqali hal qilish mumkin.

Shu nuqtayi nazardan, ulgurji va chakana internet xizmatlaridan (shu jumladan xalqaro telekommunikatsiya tarmoqlariga kirish) foydalanish bo‘yicha cheklovlarni olib tashlash va sohaning rivojlanishiga xalaqit beradigan amaldagi litsenziyalash tartib-taomillarini osonlashtirish juda muhimdir.

Ikkinchidan, xususiy sektor katta rol o‘ynaydigan model foydasiga telekommunikatsiya sohasidagi davlat ustunligidan voz kechish kerak. Mintaqa infratuzilma ehtiyojlarini qondirish uchun xususiy sarmoyalarni jalb qilishi kerak, ayniqsa qishloq va chekka hududlarda.

Bozorning barcha ishtirokchilari uchun teng sharoitlarni ta'minlash va raqobatbardoshlikni oshirish zarur.

Uchinchidan, Markaziy Osiyo mamlakatlari hukumatlari raqamli ekotizimni rivojlantirishlari zarur, ya'ni raqamli qurilmalardan foydalanish imkoniyatini oshirishga, mahalliy onlayn kontent sifatiga va aholining raqamli ko‘nikmalarini rivojlantirishga mablag‘ sarflashi kerak. Raqamli dunyo taqdim etayotgan barcha imtiyozlardan foydalanish uchun mintaqa davlatlari masofadan turib ishlashni tashkil qilishda barcha sharoitlarni yaratishi, kiberxavfsizlikni kuchaytirishi va ham fuqarolar, ham korxonalar uchun ma'lumotlarning ishonchli himoyasini ta'minlashi zarur.

Jahon banki Markaziy Osiyo davlatlari hukumatlarini ushbu yo‘nalishda, shu jumladan, Raqamli Markaziy va Janubiy Osiyo (Digital CASA) dasturi orqali qo‘llab-quvvatlashni davom ettiradi.

Bu dastur mintaqani ishonchli va arzon internet xizmatlari bilan ta'minlash, kichik va o‘rta biznes, yakka tartibdagi ishchilarni mintaqaviy va global iqtisodiyot bilan bog‘lash, ko‘proq yangi va malakali ish o‘rinlarini yaratish, davlat va xususiy xizmatlarda innovatsiyalarni rivojlantirishga yordam beradi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘z fuqarolari uchun inklyuziv va samarali raqamli telekommunikatsiyaga erishish uchun yaxshi imkoniyatga ega. Bu butun mintaqa uchun zarur bo‘lgan iqtisodiyotni tiklash, yangi ish o‘rinlarini yaratish va iqtisodiy rivojlanish yo‘lidagi o‘sish jarayonini tezlashtiradi.

Mavzuga oid