Tugagan auksion qayta davom etadi - avvalgi g‘olib yutishdan umidini uzgan. Bunaqasi birinchi marta bo‘lyapti
Kun.uz saytida onlayn auksion savdolari haqida ko‘p yozilgan. Shaxsan o‘zim bu borada ko‘plab murojaatlarni o‘rganganman va u yerda hammasi ham silliq va shaffof o‘tmasligiga guvoh bo‘lganman.
Murojaatga o‘tishdan oldin qisqacha «likbez»: onlayn auksionda qatnashib, mulkni yutib olganingiz, unga to‘liq pul to‘laganingiz, sizni bu mulkka hech qanday e'tirozlarsiz to‘liq egalik qilishingizni anglatmaydi. Ayniqsa o‘sha mulk ijro hujjatlari asosida auksionga chiqarilgan bo‘lsa! Ko‘pincha, auksion orqali mulk xarid qilib, odam o‘ziga qo‘shimcha boshog‘riq ham «sotib» olishi mumkinligi to‘g‘risida tinimsiz ogohlantirib kelaman.
To‘g‘risini aytish kerak, bunday murojaatlarda onlayn auksionni uyushtirayotgan va u tashkillashtirilayotgan platformaga e'tiroz bo‘lmas edi. E'tiroz ko‘pincha auksionga mulkni chiqarganlar va undan keyingi xatti-harakatlarga nisbatan bo‘ladi.
Keyingi vaqtlarda davlat aktivlarini onlayn auksion orqali sotish ham ko‘payib qoldi. O‘z-o‘zidan, bu masalada ham murojaatlar paydo bo‘lmoqda. Ana shunday murojaatchilardan biri samarqandlik tadbirkor Damir Kamilovdan bo‘ladi. Boshqa murojaatlardan farqli o‘laroq, uning e'tirozi aynan onlayn auksionning texnik tashkillashtirilishi masalasida.
Hikoya qilishicha, u shu yil 18 noyabr kuni onlayn auksionda qatnashgan. Unda O‘zbekiston Respublikasi Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi tomonidan 0285804 lot bilan 556 gektar maydonga ega Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanidagi «Guldara», 0285805 lot bilan 1863 gektar maydonga ega Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi «Vuari» ko‘mir qazilma boyligiga ega yer qa'ri uchastkalari sotuvga chiqarilgan.
Auksion oldidan har ikkala uchastkaning boshlang‘ich narxi 11 mln 150 ming so‘m, unda qatnashish uchun zakalat puli miqdori esa 557 ming 500 so‘m qilib belgilangan.
Xullas, D.Kamilovga tegishli «GOLDSHARQ» MChJ «Guldara» koni uchun savdoda 1 mlrd 862 million 50 ming so‘m bilan auksionda g‘olib bo‘ladi. Bu haqda g‘olibning elektron pochtasiga xat kelgan.
«Vuari» koni uchun o‘tkazilgan auksionda «SNUG HOUSE» MChJ 17 milliard 535 million 605 ming so‘m bilan g‘olib chiqadi. Biroq u 10 kun ichida pulni to‘lamagan taqdirda g‘olibdan avval pul taklif qilgan shaxs sifatida taklif «GOLDSHARQ» MChJga berilishi haqida ham xat kelgan.
Ammo, D.Kamilov g‘oliblik sertifikatini olish uchun harakatni boshlaganida, auksion yakunlanmagani, 1 dekabr kuni to‘xtagan joyidan davom ettirilishi haqida avval telefon orqali ogohlantiriladi so‘ngra bu borada pochtasiga ham xabar jo‘natiladi.
Norozi bo‘layotgan murojaatchining fikricha, tugab bo‘lgan auksionning yana qayta davom ettirilishi unda g‘olib bo‘lish uchun imkoniyat qoldirmaydi. «Yana biror texnik nosozlik yuz beradi, biz taklif qilgan pul o‘tmay qoladi, yana biror narsa o‘ylab topishlari mumkin», dedi u. Qolaversa, u «yutdim», deya allaqachon konni o‘zlashtirish uchun xitoylik hamkorlari bilan muzokaralarni boshlagan ekan. Endi chinliklar ham «iyagini qashlab» qolishibdi.
Umuman, paydo bo‘lgan mazkur vaziyat yuzasidan bir necha savol yuzaga qalqmoqda.
1. Tugagan auksion nega yana qaytadan davom ettiriladigan bo‘ldi?
2. Auksionlar mana shu tarzda, tugaganidan so‘ng yana davom ettiriladigan bo‘lsa — xuddi futboldagi g‘irromlarda bo‘lgani kabi «kerakli» jamoa gol urib olmaguncha o‘yinga hushtak chalinmaganidek — unga ishonch qoladimi?
3. Nega istiqbolli ko‘mir konlarining boshlang‘ich narxi bu qadar past belgilangan. Buning ortidan auksionda qatnashish huquqini beradigan zakalat puli 557,5 ming so‘mni istagan odam to‘lab, auksionni «o‘yin» qilib, uning narxini trillion so‘mlargacha shishirishi mumkin-ku?
Biz paydo bo‘lgan vaziyat yuzasidan izoh olish uchun Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Elektron onlayn auksionlarni tashkil etish markazi Yer uchastkalari auksionlarini tashkil etish bo‘limi boshlig‘i Morisjon Turdiyev bilan bog‘landik.
«Avvalo, shuni alohida qayd etmoqchimanki, auksion natijalari bekor qilingan emas, u davom ettiriladigan bo‘ldi. Auksion ishtirokchilarining arizasiga ko‘ra. Chunki bu uchastka ularning fikricha juda arzonga sotilgan, ularda auksionda to‘laqonli ishtirok etishning texnik imkoniyati bo‘lmagan va ular ariza bilan murojaat qilishgan. Davlat aktivlarini boshqarish agentligining topshirig‘iga asosan, vaqtinchalik tartibga ko‘ra auksion davom ettiriladigan bo‘ldi», dedi u biz bilan suhbatda.
Demak, auksion natijalari bekor qilinadi va u to‘xtagan joyidan davom ettiriladi. Savdolar so‘nggi belgilangan narxlar — 1 mlrd 862 million so‘m hamda 17 milliard 535 million 605 ming so‘mdan boshlab davom ettiriladi.
Auksionda qatnashish uchun arizalar qabul qilish 16 noyabrda yakunlangan. Yangi ishtirokchilarning ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Morisjon Turdiyev auksionlar o‘tkazish tarixida bunday hol, ya'ni tugatilgan auksion yana qayta davom ettirilishi ilk marta ro‘y berayotganini alohida ta'kidlab o‘tdi.
Auksionga bunday obektlarning boshlang‘ich narxi juda arzon chiqarilgani, unda qatnashish uchun zakalat puli arzimagan miqdorda bo‘layotgani, o‘sha arzimagan zakalat puliga kuyib qolishiga ko‘z yuma oladigan istalgan odam auksionda qatnashib, sotilayotgan obektning bahosini real narxlardan 5-6 karra osmonga chiqarib yuborishi imkoniyati borligi haqidagi savolga M.Turdiyev javob berdi.
«Chindanam bunday imkoniyat bor. Shuning uchun bunday obektlarning boshlang‘ich bahosini keyingi auksionlarda yuqoriroq belgilash bo‘yicha tegishli organlarga, jumladan, Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasiga taklif xati chiqarilgan. Strategik yer qa'ri uchastkalarining narx-navosini belgilash mexanizmini qayta ko‘rib chiqishni taklif qilganmiz. Toki zakalat puli ham yuqoriroq bo‘lsin. Bosh prokuratura, Vazirlar Mahkamasiga bu haqda axborotlar berilgan», dedi Morisjon Turdiyev.
Anglashilmoqdaki, savdolari tugagan hamda 1,86 mlrd va 17,53 mlrd so‘mga sotilgan ko‘mir konlari aslida bundan ham yuqoriroq bahoga sotilishi mumkin. Bu ko‘rsatilgan baholardan ham yuqoriroq narx taklif eta oladiganlar bor. Lekin ular bor yo‘g‘i 557,5 ming so‘mni yo‘qotish bilan risk qilayotganini o‘ylasang, bu yerda halol bo‘lmagan nimalardir sodir bo‘layotgani haqidagi gumonga boraverar ekansan...
Bu sohani shaffof va halol qilish uchun hali ko‘p qovun pishig‘i borga o‘xshayapti.
Shuhrat Shokirjonov tayyorladi.
Mavzuga oid
22:40 / 07.10.2024
Angrenda ko‘mir koni kengaytirilishi sabab uylari ko‘chgan yoki buzilgan aholiga 60 mlrd so‘mdan ortiq pul to‘lanadi
16:57 / 22.09.2024
Eronda ko‘mir konida portlash ro‘y berdi. O‘nlab kishilar halok bo‘lgan
21:43 / 28.10.2023
Qozog‘istondagi ko‘mir konida yuz bergan falokat sabablari ma’lum bo‘ldi
11:41 / 20.08.2023