Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Oliy ma'lumotli fuqarolarning harbiy xizmatni o‘tash muddati uzaytiriladi
Foto: KUN.UZ
Joriy yilning 8 iyul kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi, deb xabar bermoqda partiya matbuot xizmati
Jumladan, “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda muhokama qilingan.
Loyihada bir qator muhim o‘zgartish va qo‘shimchalar ko‘zda tutilgan.
Birinchidan, oliy ma'lumotli shaxslar va muddatli harbiy xizmatni chaqiruv bo‘yicha ofitserlar tarkibi lavozimlarida o‘tayotgan ofitserlar istisno tariqasida muddatli harbiy xizmatni to‘qqiz oy o‘tashgan bo‘lsa, kiritilayotgan o‘zgarishga ko‘ra ushbu muddat bir yil etib belgilanmoqda.
Ushbu o‘zgarishga sabab sifatida qonun tashabbuskorlari quyidagilarni qayd etishdi. “Qurolli Kuchlar safiga muddatli harbiy xizmatni o‘tashga chaqirilayotgan fuqarolarning 9-10 foizini oliy ma'lumotlilar tashkil etadi. Mazkur fuqarolar to‘qqiz oy muddatli harbiy xizmatni o‘taganidan so‘ng Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatilishi natijasida qolgan uch oy davomida ular egallab turgan lavozimlar bo‘sh (vakant) qolib ketmoqda. Buning natijasida qo‘shinlarda, ayniqsa DXX Chegara qo‘shinlari va IIV Qorovul qo‘shinlari bo‘linmalarida kundalik faoliyatda belgilangan vazifalarni bajarishda qiyinchilik va noqulayliklar kelib chiqmoqda. Muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan fuqarolarning bir vaqtda Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatilishi natijasida oddiy askarlar lavozimlarining uch oy bo‘sh (vakant) bo‘lib qolish holatlariga barham beriladi, natijada jangovar shaylikni ta'minlashdagi noqulayliklar bartaraf etiladi”.
Ikkinchidan, chaqiriluvchilarning harbiy-texnika mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorgarligi O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining o‘quv muassasalarida amalga oshirilgan edi. Kiritilayotgan o‘zgarishga binoan ushbu vazifa Mudofaa ishlari boshqarmalari huzuridagi chaqiriluvchilarni harbiy-texnika mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorlash markazlariga yuklatilmoqda.
Ushbu o‘zgarish O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 12 dekabrdagi “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida va jismoniy tarbiyalash hamda chaqiriluvchilarni harbiy-texnika mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorlash tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4061-son qarorining 1-4 va 19- bandlari ijrosini ta'minlash maqsadida kiritilmoqda.
Uchinchidan, oliy ta'lim muassasalarida kunduzgi o‘qishda tahsil olayotgan talabalar o‘z roziligi bilan iyul-avgust oylarida safarbarlik chaqiruvi rezervi (bir oylik) xizmatiga olinishlari mumkinligi belgilanmoqda.
Chunki, chaqiruv tadbirlari jarayonida oliy ta'lim muassasalarida kunduzgi o‘qishda tahsil olayotgan chaqiruv yoshidagi fuqarolar va ularning ota-onalari tomonidan chaqiruv komissiyalariga SChR xizmatiga qabul qilish bo‘yicha ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda.
Mazkur holat amaldagi qonunchilikka asosan SChR xizmatiga 27 yoshgacha bo‘lgan fuqarolarning olinishi, ko‘rsatilgan toifadagi fuqarolar esa oliy ta'lim muassasasini tamomlaguniga qadar 27 yoshga to‘lib qolishi bilan bog‘liq. Ushbu taklifning qabul qilinishi fuqarolar uchun harbiy xizmatni o‘tashda qo‘shimcha imkoniyat, Vatan oldidagi yigitlik burchini o‘tashlariga sharoit yaratadi.
Qonun loyihasi “Adolat” SDP fraksiyasi yig‘ilishida birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilindi.
Mavzuga oid
19:05 / 31.03.2026
Talaba qizlarga harbiy tayyorgarlikdan o‘tish huquqi kafolatlanishi mumkin
16:50 / 19.01.2026
Chaqiruv qog‘ozlari elektronlashtirilishi mumkin: nizom loyihasi
18:25 / 13.01.2026
Harbiy xizmatni o‘taganlarga foizsiz ta’lim krediti beriladi
17:15 / 14.11.2025