21:27 / 08.01.2021
52504

O‘tin bozoridan reportaj: Qishda uyni isitish qanchaga tushadi?

Qish faslida O‘zbekistondagi oila boshliqlarining aksariyati uchun eng mas'uliyatli vazifa bu – o‘z oilasini bahorning issiq kunlariga eson-omon yetkazib olish. Ammo... xonadonni isitish anchagina xarajat talab qiladi.

O‘zbekiston aholisining katta qismi hamon qishda uyini tabiiy gaz emas, ko‘mir va o‘tin bilan isitmoqda.

Kun.uz muxbiri Andijon viloyatidagi ko‘mir va o‘tin bozorlaridagi narx-navo bilan tanishib, sovuq kunlarda aholi o‘z xonadonini isitishga qancha mablag‘ sarflayotganini o‘rgandi.

Ko‘mir va o‘tin bozorida

Yoqilg‘i mahsulotlari narxini bilish maqsadida Oltinko‘l tumanining Qo‘shtepa qishlog‘i va Andijon shahri Nayman ko‘chasida faoliyat yurituvchi ko‘mir bozorlarida bo‘ldik.

Mazkur bozorlarda tadbirkorlar qo‘shni Qozog‘iston va Qirg‘izistondan keltirilgan ko‘mir mahsulotlarini sotmoqda. Bir kilogramm ko‘mirning narxi sifati, yirik yoki maydaligiga qarab 800–1200 so‘m atrofida.

Bozor savdogarlari bizga tez gurillab yonib tugaydigan arzon ko‘mirlarni, uzoq vaqt cho‘g‘ bo‘lib turadigan narxi balandroq va yana ularning ta'biricha «atirguldek yonib turuvchi» eng qimmat ko‘mirlarning yonishini o‘z pechlarida ko‘rsatib ham berishdi.

«O‘zbekiston ko‘mirlarini sotmaymiz. Sababi, o‘zimizni ko‘mirlar asosan davlat tomonidan, MFYlar orqali tarqatiladi. Mahsulotni qo‘shni Qirg‘iziston va Qozog‘istondan keltiramiz. Xaridor talabiga qarab, ko‘mirni uyigacha olib boradigan xizmatlarni yo‘lga qo‘yganmiz», deyishdi tadbirkorlar.

O‘tin bozori Andijon shahridagi «Yangi bozor» hududida. Savdogarlarning aytishicha, o‘tgan yili o‘tin narxi arzonroq bo‘lgan. Hozirda bir «Labo» avtomobiliga joylangan, tayyor sarjinlangan o‘rik o‘tinining bahosi 400 ming so‘m. Qopdagisi esa 15–20 ming so‘mdan.

Sotuvchilar narx qimmatligini o‘tin Toshkentdan olib kelinishi, uning yorib tayyorlash kabi xarajatlari ham borligini sabab sifatida aytishdi.

«Yozda topganimizni qishda sarflaymiz»

Uyni isitish uchun zarur o‘tin-ko‘mir mahsulotlarining narxlari haqida ma'lumot olgach, xonadonlarda uyni isitish uchun qancha miqdorda yoqilg‘i ishlatilayotgani bilan qiziqdik.

Baliqchi tuman Nasriddinobod qishlog‘idagi Dadaxon A'zamovlar xonadonida uchta oila, jami 15 nafar a'zosi bilan yashaydi. Xonadonda uchta xona pechka yoqib isitiladi.

«Qishloq aholisi uchun qish mavsumida asosiy muammo – oila a'zolarini eson-omon bahorga chiqarib olish. Mahallamizda tabiiy gaz yo‘q, uylarni asosan o‘tin-ko‘mir bilan isitamiz.

Bitta xonadagi pechkaga bir kunda 15 kg ko‘mir yoqaman. Ko‘mirning narxi ming so‘m ekanini hisobga olsak, kuniga 15 ming so‘m. Ko‘mirga ketadigan sarf o‘n kunda 150 ming, bir oyda 450 ming so‘m.

Bir mashina 400 ming so‘mlik o‘tin ikki oyga yetadi. O‘tinni ham qo‘shib hisoblasak, bitta xonani pechka yoqib isitish uchun oyiga 650 ming so‘m mablag‘ sarflar ekanmiz.

Xonadonimizda uchta pechka borligini hisobga olsak, umumiy summa 1 million 950 ming so‘mni tashkil etyapti.

Noyabr o‘rtasidan mart oyi o‘rtasigacha xonalarimizda pechka yonadi. Kuz-qish mavsumining to‘rt oyi davomida isitish uchun 8 million so‘mga yaqin mablag‘ sarflar ekanmiz.

Mahalladan beriladigan arzon ko‘mirni olish ortiqcha daxmaza. Arzon ko‘mirni xohlagan paytingizda sotib ololmaysiz. Sifati ham past. Mahallaga arzon ko‘mir kelsa, to‘polon bo‘lib ketadi. Undan ko‘ra bozordan qimmatga olib ishlatganimiz ma'qul», – deydi xonadon egasi.

«Qo‘qqis mehmon kelsa, kutib olgani joy yo‘q»

Dadaxon A'zamovning qo‘shimcha qilishicha, o‘tin-ko‘mir yoqib isitilgan uy qish ichi qorayib ta'mirtalab bo‘lib qoladi. Tabiiyki, ta'mirlashga ham mablag‘ zarur.

«Qishloqlarda ish joyi masalasi muammo. Aholi asosan dehqonchilik yoki chet elga ishlagani borib tirikchilik qiladi. Bir oyda uyni isitishga 1–2 million sarflash ko‘pchilik uchun og‘irlik qilishi bor gap.

Qadimdan o‘zbekda «Qish o‘chog‘i tor, tur uyingga bor» degan maqol bor. Uch oy bitta oila hammamiz bitta xonada qishlaymiz. Qo‘qqis mehmon kelib qolsa, uni kutib olgani joy yo‘q.

Biz ham tabiiy gaz, issiq pol, konditsioner ishlatib isinishni xohlaymiz. Svet tinmay o‘chishi sabab, ularni o‘rnatish befoyda. Qaniydi, hech bo‘lmasa, tabiiy gaz masalasi tezroq yechim topsa», – deydi u.

Xonadon tabiiy gaz yoki elektr yordamida isitilsa, ko‘mir-o‘tinga nisbatan xarajat kamroq bo‘ladi

Mutaxassislardan olgan ma'lumotlarimizga ko‘ra, bir xonadonni isitish uchun kuniga o‘rtacha 25 kub metr tabiiy gaz sarflanadi. Bir kub metr gaz narxi 380 so‘m. Demak, bir oylik xarajat – 285 ming so‘m atrofida.

Taqqoslash uchun, bir xonani konditsioner yordamida isitish oyiga o‘rtacha 190 ming so‘mga tushar ekan (konditsionerning o‘zini sotib olishni hisobga olmaganda, albatta). Bu mavzuga kelasi safargi maqolamizda kengroq to‘xtalamiz.

Qish faslida o‘zbek oilasining tashvishi, chiqimi ko‘payadi. Eng katta muammo esa xonadonni isitish masalasi. Chekka tuman va qishloq aholisi mazkur muammolarning zamonaviy yechimini kutib yashamoqda.

Elmurod Ermatov,
Jahongir Mahmudov

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top