Iqtisodiyot | 14:58 / 22.06.2024
10927
5 daqiqa o‘qiladi

4,2 mlrd dollarlik oltin sotildi, 643 mln dollarlik gaz import qilindi – O‘zbekiston tashqi savdosi sharhi

Joriy yilning dastlabki 5 oyida Markaziy Osiyo mamlakatlarning barchasiga mahsulot yetkazib berish keskin qisqardi. Umumiy eksport tarkibida esa oltinning ulushi 40,3 foizdan 38,6 foizgacha kamaydi. AQSh O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasida eng yuqori ulushga ega top-10 davlatlar qatoriga kirdi.

Foto: AP

Statistika agentligi O‘zbekistonning 2024 yil yanvar-may oylaridagi tashqi savdo aylanmasiga doir ma’lumotni taqdim etdi.

Qayd etilishicha, hisobot davrida respublika tashqi savdo aylanmasi (TSA) 26,7 mlrd dollarga yetgan. Bunda eksport hajmi 10,8 mlrd dollarni, import hajmi esa 15,8 mlrd dollarni tashkil etgan. O‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda eksport hajmi 1,9 foizga, import hajmi 3,7 foizga oshgan. Tashqi savdo salbiy saldosi esa 5 mlrd dollarga yetgan.

Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo sherigi sifatidagi o‘rnini saqlab qolgan. Hisobot davrida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 5 mlrd dollarga yetgan. Bu respublika umumiy tashqi savdo aylanmasi hajmining 18,9 foizini tashkil qiladi. Shuningdek, tashqi savdo aylanmasining salmoqli qismi Rossiya (17,9 foiz), Qozog‘iston (5,9 foiz), Turkiya (4,5 foiz) va Janubiy Koreya (3,4 foiz) bilan qayd etilgan.

2024 yilning yanvar–may oylarida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasida eng yuqori ulshga ega bo‘lgan Top-10 davlat:

  • Xitoy – 5,05 mlrd dollar;
  • Rossiya – 4,78 mlrd dollar;
  • Qozog‘iston – 1,58 mlrd dollar;
  • Turkiya – 1,19 mlrd dollar;
  • Koreya – 920 mln dollar;
  • Fransiya – 471 mln dollar;
  • Turkmaniston – 455 mln dollar;
  • Germaniya – 426 mln dollar;
  • AQSh – 386 mln dollar;
  • Afg‘oniston – 382 mln dollar.

Tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘yicha 20 ta yirik hamkor davlatdan beshta mamlakat – Fransiya, Afg‘oniston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Pokiston bilan ijobiy tashqi savdo balansi kuzatilgan. Qolgan 15 ta davlat bilan passiv tashqi savdo balansi saqlanib qolgan.

E’tiborga molik jihati yanvar–may oylarida o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda, quyidagi davlatlarga eksport hajmi sezilarli darajada ko‘paygan: Rossiyaga (1 mlrd dollardan 1,35 mlrd dollarga), Fransiyaga (161 mln dollardan 319 mln dollarga), Afg‘onistonga (326 mln dollardan 372 mln dollarga), AQShga (72 mln dollardan 110 mln dollarga). Markaziy Osiyo mamlakatlarning barchasiga mahsulot yetkazib berish qisqargan:

  • Qozog‘istonga (578 mln dollardan 485 mln dollarga);
  • Qirg‘izistonga (307 mln dollardan 195 mln dollarga);
  • Tojikistonga (233 mln dollardan 199 mln dollarga);
  • Turkmanistonga (69 mln dollardan 48 mln dollarga).

Shuningdek, eksport hajmi Xitoyga ham 844 mln dollardan 822 mln dollargacha qisqargan.

Eksport

5 oy davomida oltinsiz eksport 5,9 foizga o‘sib, qariyb 6,58 mlrd dollarni tashkil etgan. Mazkur davrda oltinning umumiy eksportdagi ulushi 38,6 foizni yoki 4,2 mlrd dollarni tashkil qilgan.

Shuningdek, umumiy eksport tarkibida sanoat mahsulotlarining ulushi 15,8 foizdan 15,9 foizga, kimyoviy vositalarning ulushi 4,3 foizdan 5,6 foizga, mineral yoqilg‘ilarning ulushi 3 foizdan 3,2 foizga, mashinalar hamda transport asbob-uskunalarining ulushi 4,5 foizdan 4,6 foizga oshgan.

O‘z navbatida, oltinning ulushi 40,3 foizdan 38,6 foizga, oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar ulushi 6,3 foizdan 5,8 foizga qisqargan.

Import

Import tarkibida eng katta ulush, mashinalar va transport asbob-uskunalari (37,3 foiz), sanoat tovarlari (15,2 foiz) hamda kimyoviy vositalar va shunga o‘xshash mahsulotlar (12,3 foiz) hisobiga to‘g‘ri kelgan.

Yoqilg‘i mahsulotlarining eksporti va importi

Hisobot davrida O‘zbekiston 643 mln dollarlik gaz import qildi, bu 2023 yilning mos davri bilan taqqoslaganda, 4,2 barobarga ko‘p. O‘z navbatida mazkur davrda gaz eksporti 67,6 foizga yoki 59,9 mln dollargacha qisqargan.

Shuningdek, 5 oy davomida 73,6 mln dollarlik ko‘mir import qilingan, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6,4 foizga ko‘p. 

Yanvar-may oylarida 72,2 mln dollarlik elektr toki sotib olingan (o‘sish – 21,6 foiz) va 55,4 mln dollar qiymatidagi elektr energiyasi (o‘sish – 23,2 foiz) eksport qilingan. 

Neft va neft mahsulotlarining eksporti qariyb 3,5 barobarga oshib, 228,7 mln dollarni, importi esa 14,4 foizga ko‘payib, 975 mln dollarni tashkil qilgan. 

Mavzuga oid