19:32 / 11.11.2019
0
13230

«Valday» konferensiyasida ShHT shtab kvartirasini Toshkent yoki Samarqandga ko‘chirish taklif qilindi

Samarqandda «Valday» muloqot klubining X Osiyo konferensiyasi o‘tkazilmoqda. «Markaziy Osiyo va Yevroosiyo: global tartibsizlik chaqiriqlari oldidan ko‘p tomonlama hamkorlik» mavzusidagi konferensiyada qatnashayotgan Qirg‘iziston bosh vaziri maslahatchisi Qubatbek Rahimov Shanxay hamkorlik tashkiloti shtab kvartirasini Markaziy Osiyodagi shaharlardan biriga ko‘chirishni taklif qildi.

Foto : KUN.UZ

«Men bu haqda anchadan buyon bosh qotiraman. Hindiston va Pokistonning ShHTga qo‘shilganidan so‘ng tashkilotda balansni ushlab turish uchun yangi harakatlar kerakligi ko‘rindi. Birinchidan, Hindiston va Pokiston bir-biri bilan unchalik kelisha olmaydi, ikkinchidan Hindiston Xitoy bilan mintaqadagi yetakchilik uchun kurashadi.

Shu bois tashkilot shtab kvartirasini ko‘chirish mumkin deb o‘ylayman. Qayerga? Masalan, Dushanbe, Bishkek, Toshkent yoki Samarqandga. Bu avvalo tashkilotga a'zo mamlakatlarning unga qatnashi uchun qulaylik yaratadi. Agar shtab kvartira Markaziy Osiyoning janubiy qismida joylaysa, tashkilotga Eron qo‘shilgan taqdirda u a'zo mamlakatlarning o‘rtasida bo‘ladi.

Bundan tashqari Hindiston va Pokiston ham bir-birining hududini bosib o‘tishi shart bo‘lmaydi. Ayni damda ShHT bosh kotibi o‘zbekistonlik, avval Tojikiston va Qirg‘izistondan kotiblar ishlashgan. Shu bois Markaziy Osiyo ShHT shtab kvartirasi uchun maydon sifatida tanlanishi mumkin»,— deydi Rahimov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top