O‘zbekiston | 11:13 / 12.09.2022
19334
7 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: ShHT ayirmachilik unsuridan xoli bo‘lgan jozibador makonga aylanishi lozim

O‘zbekiston prezidenti ShHTni «madaniy-tsivilizatsion qarashlari turlicha, o‘z tashqi siyosiy yo‘nalishlari va milliy taraqqiyot modellariga ega mamlakatlarni birlashtira olgan o‘ziga xos davlatlararo tuzilma», deb atadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ShHTning Samarqanddagi sammiti arafasida e’lon qilingan maqolasida xalqaro hamkorlikning universal prinsip va normalarga asoslangan tizimi izdan chiqib borayotganini ta’kidladi. U «global darajada ishonchning chuqur tanazzulga yuz tutayotgani»ni — asosiy sabablardan biri sifatida qayd etdi.

O‘zbekistonning Shanhay hamkorlik tashkilotiga raisligi dunyo miqyosida shiddatli jarayonlar kechayotgan o‘ziga xos «tarixiy evrilish» pallasiga to‘g‘ri keldi – bir tarixiy davr nihoyasiga yetmoqda hamda bashorat qilish mushkul bo‘lgan yangi bir davr boshlanmoqda.

Xalqaro hamkorlikning universal prinsip va normalarga asoslangan tizimi izdan chiqib borayotgani bugungi kun haqiqatidir. Buning asosiy sabablaridan biri – global darajada davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonchning chuqur tanazzulga yuz tutayotgani bilan bog‘liq. Bu esa o‘z navbatida geosiyosiy qarama-qarshiliklarga rag‘bat berib, «bloklarga mansublik» stereotiplarining qayta tug‘ilish xavfini yuzaga keltirmoqda. Davlatlar o‘rtasidagi bunday o‘zaro ishonchsizlik jarayoni jahon iqtisodiyotining avvalgi taraqqiyot yo‘liga qaytishi va global ta’minot zanjirlarining tiklanishini murakkablashtirmoqda.

Dunyoning turli nuqtalarida davom etayotgan qurolli mojarolar savdo va investitsiya oqimlarini izdan chiqarib, oziq-ovqat va energetika xavfsizligini ta’minlash borasidagi muammolarini yanada keskinlashtirmoqda.

Shu bilan bir qatorda, global iqlim o‘zgarishi, tabiiy boyliklar va suv resurslari tanqisligining ortishi, bioxilma-xillikka putur yetishi hamda xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishi jamiyatlarimizning zaif tomonlarini yanada yaqqolroq ko‘rsatib bermoqda. Bu muammolar insoniyat taqdiriga bevosita daxldor bo‘lgan mushtarak qadriyat va ne’matlarning yemirilishiga olib kelib, odamlar hayoti va faoliyatiga tahdid solmoqda, ularning daromad manbalarini qisqartirmoqda.

Bunday murakkab sharoitda bir haqiqat aniq: hech bir mamlakat yolg‘iz holda ushbu global xavf-xatarlarni chetlab o‘tish yoki bartaraf etishga qodir emas.

Bugun biz yashayotgan, jarayonlar o‘zaro chambarchas bog‘langan dunyoda xavfli muammolar girdobidan chiqishning yakkayu yagona yo‘li – konstruktiv muloqot va har bir tarafning manfaatlarini hisobga olish va hurmat qilishga asoslangan ko‘p tomonlama hamkorlikdir. Aynan inqiroz va bo‘hronlar davrida mamlakatlar, ular xoh katta, o‘rta yoki kichik bo‘lsin, o‘zlarining tor doiradagi manfaatlarini ustun qo‘ymasdan, aksincha, asosiy e’tiborni global hamjihatlikka qaratishlari lozim. Tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga xavf tug‘dirayotgan, har qaysi mamlakatga raxna soladigan tahdid va xatarlarga qarshi umumiy sa’y-harakat va imkoniyatlarni birlashtirish va safarbar etish barchamiz uchun birdek manfaatlidir.

Samarali xalqaro hamkorlik – bu dunyoda barqaror, ishonchli va farovon taraqqiyotning eng muhim omilidir. Aynan shunday yondashuv zamonamizning dolzarb muammolarini bahamjihat hal etish, yangi xavf-xatar va ijtimoiy larzalardan himoyalanish uchun eng aniq, maqbul va samarali yo‘l hisoblanadi.

Muvaffaqiyatli mintaqaviy hamkorlik modeli

Barchaning va har bir tomonning manfaatlariga javob beradigan xalqaro hamkorlikni ko‘p tomonlama institutlarsiz amalga oshirib bo‘lmaydi. Ushbu institutlar faoliyatidagi muayyan kamchiliklarga qaramasdan, ular mintaqaviy va global miqyosda davlatlararo hamkorlikning eng muhim vositasi bo‘lib xizmat qilishda davom etmoqda. Xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar mamlakatlar o‘rtasidagi turli kelishmovchiliklarni yengib o‘tish, o‘zaro anglashuvni mustahkamlash, siyosiy va iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, savdo-sotiqni kengaytirish hamda madaniy-gumanitar almashinuvni rag‘batlantirishga yordam beradi.

Ko‘p tomonlama faoliyatga asoslangan eng yosh institutlardan biri – Shanhay hamkorlik tashkiloti aynan mana shunday maqsad va vazifalarni ko‘zlaydi. Bu tashkilot madaniy-tsivilizatsion qarashlari turlicha, o‘z tashqi siyosiy yo‘nalishlari va milliy taraqqiyot modellariga ega mamlakatlarni birlashtira olgan o‘ziga xos davlatlararo tuzilmadir. Tarixan qisqa davrda ShHT katta yo‘lni bosib o‘tib, global siyosiy va iqtisodiy tizimning ajralmas qismiga aylandi, deb qat’iy ishonch bilan aytish mumkin.

Bugungi kunga kelib ShHT hamjamiyati – ulkan geografik makonni qamrab olgan va sayyoramiz aholisining qariyb yarmini birlashtirgan, dunyodagi eng yirik mintaqaviy tashkilotdir.

ShHTning xalqaro tashkilot sifatidagi jozibadorligi uning faoliyati asosini tashkil etadigan quyidagi tamoyillarda namoyon bo‘lmoqda: Shanhay hamkorlik tashkilotining turli bloklardan xoli maqomga ega ekani, ochiqlik, uchinchi mamlakatlar yoki xalqaro tashkilotlarga qarshi qaratilmagani, barcha ishtirokchi tomonlarning tengligi va suverenitetini hurmat qilish, ichki ishlarga aralashmaslik, siyosiy qarama-qarshilik va ixtilofli raqiblikka yo‘l qo‘ymaslik.

Shanhay hamkorlik tashkilotining muvaffaqiyat garovi – mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash orqali ko‘p tomonli hamkorlikni ilgari surishdadir.

ShHT o‘z mohiyatiga ko‘ra, tinchlik, hamkorlik va taraqqiyot yo‘lida birlashishga, ayirmachilik unsuridan xoli bo‘lgan jozibador makonga aylanishi lozim.

Shu sababli ham ShHT faoliyatiga qo‘shilish istagidagi davlatlar soni yildan yilga ortib bormoqda. Bu tendensiya xalqaro va mintaqaviy munosabatlar tizimi transformatsiya jarayonini boshidan kechirayotgan bugungi sharoitda yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.

ShHT makonidagi davlatlarning yuksak insoniy, intellektual va texnologik salohiyatga, jadal rivojlanayotgan iqtisodiyotlarga va hali to‘laqonli foydalanilmagan tabiiy zaxiralarga ega ekani tashkilotning iqtisodiy ahamiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Bugungi kunda ShHTga a’zo davlatlar yalpi ichki mahsulotining umumiy hajmi jahon ko‘rsatkichining qariyb chorak qismini tashkil qilmoqda. Bu esa endigina 20 yoshga to‘lgan ushbu mintaqaviy Tashkilot tomonidan dunyoning barqaror rivojlanishiga qo‘shilayotgan hissasining salmog‘i yuksak ekanidan dalolat beradi.

Yangi sinovlar va imkoniyatlar vujudga kelayotgan bugungi dunyoda ShHTning transformatsiyasi va yuksalishi uchun nafaqat a’zolar sonining ko‘payishi hisobiga, balki tashkilot rivojining yangi strategik yo‘nalishlarini ilgari surish orqali keng istiqbollar mavjud. Bu o‘rinda gap transport va o‘zaro bog‘liqlik, energetika, oziq-ovqat va ekologiya xavfsizligi, innovatsiyalar, raqamli transformatsiya va «yashil» iqtisodiyot kabi muhim yo‘nalishlar haqida bormoqda.

Mavzuga oid