21:23 / 24.02.2023
17069

“Parda ortida”gi nazorat va samolyotdan oldin “qo‘nadigan” ma’lumot – Toshkent xalqaro aeroportida bojxonachilar qanday ishlaydi?

Yo‘lovchilar aeroportning uchib ketish zalidan o‘tayotganlarida bojxona xodimlariga deyarli duch kelishmaydi. Ammo bu ularning bagajlari bojxona nazoratidan o‘tkazilmaydi, degani emas. Shunchaki, bu nazoratni yo‘lovchilarning o‘zlari sezishmaydi.

Yaqin yillargacha Toshkent xalqaro aeroportida uchib kelgan yoki ketayotgan yo‘lovchilar soatlab qolib ketishardi: qo‘lida chiptasi bilan aeroportga kirgan yo‘lovchi to samolyotga chiqib o‘tirguncha bir nechta nazorat bosqichlaridan o‘tar, bu ularning ham vaqtini olar, ham asabini charchatardi. Bugun esa vaziyat biroz boshqacha.

Aeroport har qanday mamlakatning darvozasi hisoblanadi: kimdir kirib keladi, kimdir chiqib ketadi. Bu jarayonda xavfsizlikni ta’minlash juda muhim. Ayniqsa, yo‘lovchilar taqiqlangan tovarlarni olib chiqib ketmasligi yoki olib kirmasligini nazorat qilish bojxona xodimlaridan alohida mas’uliyatni talab qiladi.

Toshkent xalqaro aeroporti orqali kuniga qariyb 11,5 ming nafaryo‘lovchi kelib-ketadi. 2022 yil davomida aeroportda 29 606 ta xalqaro aviareysda 4 164 451 nafar yo‘lovchi tashilgan. Albatta, ularning har birini to‘xtatib, bagajini birma-bir ko‘rikdan o‘tkazish imkonsiz. Xo‘sh, unda bojxonachilar buncha yo‘lovchining yukini qanday nazorat qiladi?

Dastavval uchib ketish haqida to‘xtalsak. Dunyoning ko‘plab aeroportlarida yo‘lga qo‘yilgan masofaviy bojxona nazorati tizimi 2022 yilning iyul oyidan Toshkent xalqaro aeroportida ham joriy qilingandi. Ya’ni uchib ketish zalida yo‘lovchilar bojxona xodimlarini deyarli ko‘rishmaydi. Bu uchib ketish oldidan yo‘lovchilar o‘tishi kerak bo‘lgan bir nechta nazorat bosqichlarining bir xalqasi uzildi, degani.

Uchib ketish zalida bojxona xodimlariga ko‘zingiz tushmaydi. Boshida yo‘lovchilar ham hayron qolishgan, ularda bojxonadan o‘tmaymizmi, degan savollar paydo bo‘lgan. Dunyo amaliyotida, eng gavjum xalqaro aeroportlarda bu tizim keng qo‘llanadi. Bojxonadan o‘tayotganini yo‘lovchining o‘zi payqamaydi. Ya’ni sodda qilib aytganda bojxonachisiz bojxona nazorati hisoblanadi.

2022 yilda ilk bor Samarqand xalqaro aeroportida masofaviy bojxona nazorati tizimi yo‘lga qo‘yildi. Va bu amaliyot Toshkent xalqaro aeroportida, shuningdek, respublikadagi qolgan xalqaro aeroportlarda ham uchib ketish yo‘nalishida bosqichma-bosqich joriy qilinmoqda.

Yo‘lovchining qo‘l yuki va bagaji tekshirilmasa, bojxonadan nazoratdan o‘tmasa, qanday qilib xavfsizlik ta’minlanadi, degan savol tug‘iladi. Aslida yo‘lovchi qo‘l yuki va bagaji bilan bojxona nazorati zonasidan harakatlanar ekan, aslida u bojxona nazoratidan o‘tayotgan bo‘ladi. Faqat buni o‘zi payqamaydi. Buning barchasi aqlli texnologiyalar hisobiga amalga oshiriladi”, — deydi Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati bosh inspektori Husan Tangriyev.

Uchib kelgan yo‘lovchilar va ularning bagajininazoratdan o‘tkazish ham oldingiday soatlab davom etadigan jarayon emas: dunyoning qaysidir burchagidan Toshkent xalqaro aeroporti tomon ko‘tarilgan samolyot havoda paytidayoq undagi yo‘lovchilar va ularning yuki haqidagi to‘liq ma’lumotlar elektron tarzda tashkil etilgan “Monitoring markazi”ga yetib keladi. Ushbu markazda yo‘lovchilarga doir barcha ma’lumotlar ular aeroportga kelgunlariga qadar tahlil qilinadi. Shu tariqa, xavf guruhiga mansub yo‘lovchilar aniqlab olinadi hamda tekshiruvdan o‘tkaziladi. Bir reysdan faqatgina 2-3 foiz yo‘lovchi maqsadli tekshiriladi.

“Toshkent-AERO” ixtisoslashgan bojxona kompleksining bojxona nazorati va rasmiylashtirishni tashkil etish bo‘limi boshlig‘iAkmal Eshonovning ta’kidlashicha, 2022 yil masofaviy bojxona nazorati tizimi ishga tushgach, “Monitoring markazi” tashkil qilingan:

Har bir uchib kelayotgan yoki uchib ketayotgan yo‘lovchilar haqidagi ma’lumot turli aviakompaniyalar tomonidan bojxona organiga taqdim qilinadi. Bunda bitta reys bo‘yicha uchib kelayotgan yo‘lovchilarning soni, ularning bagajlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bojxona organiga reys uchib kelishidan kamida 2 soat oldin berilishi kerak.

Mazkur ma’lumotlar “Monitoring markazi”da tahlil qilinadi. Oldin bitta reysda kelgan yo‘lovchilarning 50-60 foizi bojxona nazoratidan o‘tkazilgan bo‘lsa, hozirgi kunda bu raqam 5-6 foizni tashkil etadi. Ya’ni xavf tizimi tomonidan berilgan topshiriqqa muvofiq yo‘lovchilarning ma’lum bir qismigina bojxona nazoratidan o‘tkaziladi”.

Yo‘lovchilarning bagajlari maxsus joyda skaner qurilmasi orqali tekshiriladi. Buni yo‘lovchilar sezmaydi ham. Faqat skaner jarayonida biror sumkada taqiqlangan buyumlar borligi shubha ostiga olinsa, unga maxsus qizil lenta bog‘lab yuboriladi. Ularni esa bojxona xodimlari bagaj egasi guvohligidan bojxona ko‘rigidan o‘tkazadi.

Umuman olganda, yaqin tarixda Toshkent xalqaro aeroportida yo‘lovchilar soatlab navbatlarda turishgan. Bugungi kunda MDH davlatlaridan uchib kelgan yo‘lovchilar 25-35 daqiqada, tijorat reyslaridauchib kelgan yo‘lovchilar esa 40 daqiqadan bir yarim soatgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida aeroportni tark etishmoqda. Bu xalqaro aviareyslar va yo‘lovchilar soni yildan yilga ortib borayotgan aeroportda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar samarasidir.

Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi.

Top