00:09 / 30.12.2020
36383

Prezident murojaatnomasi: 2021 yilda soliq sohasida nimalar o‘zgaradi?

O‘zbekiston prezidentining parlamentga murojaatida 2021 yilda soliq sohasida qilinishi kutilayotgan bir qancha o‘zgarishlarga to‘xtalib o‘tildi. Xususan, yangi yilda tadbirkorlarga ko‘plab imtiyozlar beriladi, ayrim litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilinadi hamda soddalashtiriladi.

Foto: Shutterstock

Joriy yil 29 dekabrda prezident Shavkat Mirziyoyev parlamentga murojaatnomasini bildirdi. Unda 2021 yilda kutilayotgan soliq islohotlari haqida ma'lumot va takliflar berilgan. Quyida davlat rahbari nutqida ta'kidlangan asosiy gaplarning tezisi taqdim etiladi.

Tadbirkorga biznes hamkorining soliq qarzdorligi ma'lumotlarini olish imkoniyati yaratiladi.

Kelgusi yilda «Soliqchi – ko‘makchi» tamoyili asosida tadbirkorlar uchun ularning biznes hamkorining soliq qarzdorligi haqidagi ma'lumotlarni olish imkoniyati yaratiladi.

Ayni paytda soliq sohasidagi jamoatchilik portali orqali insofli soliq to‘lovchilar, soliq sohasidagi huquqbuzarlar, QQS to‘lovchilari, majburiy auditorlik tekshiruvidan o‘tgan korxonalar, soliqlar va boshqa to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlik haqida ma'lumot olish mumkin.

105 ta litsenziya va ruxsatnoma turlari bekor qilinadi, 115 tasi bo‘yicha tartib-qoidalar soddalashtiriladi.

Yangi yildan tadbirkorlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida 105 ta litsenziya va ruxsatnoma turlari bekor qilinadi, 115 tasi bo‘yicha esa tartib-qoidalar soddalashtiriladi.

Xususan, prezident farmoni bilan 2021 yil 1 yanvardan boshlab:

  • 37 ta litsenziya va 10 ta ruxsatnoma bekor qilinadi (ro‘yxat);
  • 17 ta litsenziya va 14 ta ruxsatnoma xabardor qilish tartibi joriy etilishi yo‘li bilan bekor qilinadi (ro‘yxat);
  • 16 ta litsenziya va 11 ta ruxsatnoma birlashtirish yo‘li bilan bekor qilinadi (ro‘yxat).

2021 yil 1 yanvarga qadar litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berishga vakolatli hamda xabarnomalarni qabul qiladigan organlar avval rasmiylashtirilgan litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar reyestrini xatlovdan o‘tkazadi va yangi tartib asosida yuritilishini ta'minlaydi.

Pandemiya sharoitida aylanma mablag‘ tanqisligiga duch kelgan tadbirkorlarimiz «oyoqqa turib olishlari» uchun ularga ko‘mak berish davom ettiriladi.

2020 yilda xususiy tadbirkorlik korxonalariga taqdim etilgan aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun, shu jumladan, iste'mol bozorini eng zarur tovarlar bilan to‘ldirish uchun qayta tiklanadigan revolver kreditlar ajratildi.

Markaziy Bank boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Botir Zohidov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda prezident farmoniga asosan joriy yilda tadbirkorlik faoliyatini uzluksiz davom etishini ta'minlash maqsadida 30 trillion so‘m revolver kredit ajratilishi belgilanganini aytgan edi.  

2020 yil aprel holatiga ko‘ra, 5,1 trillion so‘m hajmda turli kreditlar allaqachon ajratilgani, talabga qarab, yana berilishi ma'lum qilingandi.

Murojaatga ko‘ra, 2021 yilda ham davlat tomonidan tadbirkorlik korxonalariga aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun ko‘mak berish davomli bo‘ladi.

Turizm, transport va umumiy ovqatlanish sohalariga berilgan imtiyozlar 2021 yil yakunigacha uzaytiriladi.

Murojaatda kelgusi yili 20 ming tadbirkorning 400 milliard so‘mlik yer va mol-mulk solig‘ini to‘lash muddatini yana bir yilga uzaytirish taklif etildi.

Bundan tashqari, 1 milliard so‘mgacha davlat xaridlari doirasida avans miqdori 30 foizga yetkazilib, tadbirkorlar qo‘shimcha 1,5 trillion so‘mgacha aylanma mablag‘larga ega bo‘ladi.

Ma'lum qilinishicha, tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq 5 mingga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qayta ko‘rib chiqilib, ularning soni qisqartiriladi hamda Tadbirkorlik kodeksi ishlab chiqiladi.

Shu bilan birga, hukumat tomonidan bozorda teng raqobat muhitini yaratish va halol tadbirkorlarni, zamonaviy texnologiyalar asosida ishlayotgan vijdonli tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida «yashirin iqtisodiyot»ni qisqartirishga qaratilgan mexanizmlar joriy etiladi.

Mavzuga oid
Top