Toshkent viloyatida uch tuman hokimi tushuntirish xati yozadi
O‘rta Chirchiq, Yangiyo‘l, Parkent tumanlari hokimlari dehqon xo‘jaliklari uchun qo‘shimcha 100 gektardan yer maydoni ajratib bermagani uchun tushuntirish xati yozadi. Qibray, Yangiyo‘l va Chinoz tumanlari hokimlari o‘rinbosarlariga esa hayfsan berildi.
13 mart kuni Nurafshon shahrida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev raisligida o‘tkazilgan «Hokimlik soati»da 3 nafar hokim o‘rinbosariga hayfsan beriladi, 3 nafar hokim esa tushuntirish xati yozadigan bo‘ldi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berishicha, yig‘ilishda 2023 yilning birinchi choragi yakuni bilan budjet tushunmlari prognoz ko‘rsatkichlarining bajarilishi, viloyatda dehqon xo‘jaliklarini tashkil etish bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosi, shuningdek, viloyat hokimining vakolatiga kiradigan boshqa masalalar muhokama qilindi.
Yig‘ilishda qator mas’ullarning faoliyati keskin tanqid qilindi, ayrimlariga nisbatan chora ko‘rildi, ogohlantirildi. Xususan, Qibray tumanida dehqon xo‘jaliklari uchun ajratilishi belgilangan 30 gektar maydon haligacha auksionga chiqarilmagani uchun tuman hokimi ogohlantirildi, uning qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari B.To‘ychiyevga hayfsan intizomiy jazosi berildi.
Yangiyo‘l tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari L.Badalovga nisbatan dehqon xo‘jaliklari uchun ajratilishi belgilangan 35 gektar yer maydonlarini zaxiraga olmagani uchun oylik maoshining 30 foizi miqdorida jarima qo‘llash bo‘yicha taklif kiritildi.
Chinoz tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sh. Mirsobirovga nisbatan dehqon xo‘jaliklari uchun ajratilishi belgilangan yer maydonlari auksionga chiqarilishini yetarli darajada nazoratga olmagani sababli hayfsan berildi.
«Xalqqa yer ajratib berish ishlarini paysalga solgan rahbarlar bilan murosa qilib bo‘lmaydi. Bu aholining oziq-ovqat xavfsizligi va farovonligi bilan chambarchas muhim tarixiy voqea. Ochig‘i, bu boradagi hujjat ijrosi Toshkent viloyatida so‘zsiz bajarildi, deyish ham aslida kamlik qiladi. Biz ehtiyojlardan kelib chiqib, yana qo‘shimcha yer ajratishni o‘ylashimiz kerak. Toki yer olaman, dehqonchilik qilaman, degan aholi, birinchi navbatda, yoshlarning shashtini qaytarmaylik», degan Zoyir Mirzayev.
Toshkent viloyatidagi qabristonlar uchun qo‘shimcha yer ajratish bo‘yicha berilgan takliflarga asosan hukumat qarori loyihasini yakuniga yetkazish topshirig‘i bajarilmagani uchun viloyat hokimligiining tegishli kotibiyati mudiri A.Akramovga ham hayfsan berildi.
O‘rta Chirchiq, Yangiyo‘l va Parkent tumanlari hokimlari dehqon xo‘jaliklari tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha 100 gektardan yer maydonlarini bugungi kungacha ajratib bermagani yuzasidan tushuntirish xati yozadigan bo‘lgan.
Bundan tashqari, majlisda ish soatini maqsadsiz sarflagani aniqlangan xodimlarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berish, ta’sirchan chora ko‘rish tavsiya etilgan.
Mavzuga oid
13:38 / 08.11.2024
Misr Toshkent viloyatida ko‘chmas mulk sohasiga investitsiya kiritmoqchi
21:15 / 07.11.2024
Toshkent viloyatida isitish mavsumi 8 noyabrdan boshlanadi
11:53 / 06.11.2024
Zoyir Mirzayev Toshkent viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlandi
22:14 / 05.11.2024